21:01 / 26.05.2023
17948

Xitoy YeI mamlakatlariga Ukraina hududlarini Rossiyaga berishni taklif qildi - OAV 

Xitoy Yevropa Ittifoqini Rossiya tomonidan allaqachon bosib olingan Ukraina hududlarini Rossiyaga topshirishga rozilik berish zarurligiga ishontirishga harakat qilgan. 

Foto: Reuters

Xitoyning maxsus vakili Li Xuey boshchiligidagi delegatsiya Yevropa yetakchilarini Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi masalasida betaraflikni saqlash, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va Rossiya tomonidan allaqachon bosib olingan hududlarni topshirishga rozilik berish zarurligiga ishontirishga harakat qildi. Bu haqda Wall Street Journal xabar berdi. 

Yevropa davlatlari rasmiylari Xitoyning tinchlikparvarlik sa’y-harakatlarini butunlay rad etmoqchi emas, biroq ular Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududida qolsa tinchlik o‘rnatib bo‘lmaydi, deb hisoblamoqda. 

Yevropalik diplomatlardan birining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy delegatsiyasiga «mojaroni muzlatish xalqaro hamjamiyat manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi» degan javob berilgan. 

26 may kuni Li Xuey muzokaralar uchun Moskvaga bordi va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. U Xitoyning Rossiya-Ukraina urushini tugatish rejasini muhokama qildi. Bungacha u Ukraina, Polsha, Fransiya, Germaniya va Belgiyada bo‘lgan edi. 

24 may kuni Xitoy yetakchisi Si Jinping Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashib, uni Rossiyaning «asosiy manfaatlari»ni qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi. 

Shu bilan birga, aprel oyida Xitoyning Yevropa Ittifoqidagi elchisi Fu Kong Xitoy Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlamasligini hamda Qrim va Rossiya tomonidan bosib olingan Ukrainaning boshqa hududlarini Rossiyaga tegishli deb tan olmasligini ta’kidladi. 

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin, Xitoy uning asosiy savdo sherigiga aylandi. U Rossiya neftini sotib olishda davom etmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top