O‘zbekiston | 22:06 / 30.05.2023
13885
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bayrog‘idan erkin foydalanish bo‘yicha hujjat qabul qilinishi kutilmoqda

Foto: Kun.uz

O‘zLiDePning bugungi qurultoyida partiyadan nomzodi ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyev, jumladan, O‘zbekiston bayrog‘idan erkin foydalanish zarurati to‘g‘risida ham to‘xtaldi.

Amaldagi prezident, davlat bayrog‘idan faqat bayram va marosimlarda yoki sport musobaqalarida ko‘tarishda foydalanilayotgani, endilikda esa uning har bir xonadonda hilpirab turishiga ruxsat beruvchi hujjatni qabul qilish vaqti yetganini ta’kidlagan.

«Parlamentdagi deputat va senatorlardan bu boradagi hujjat loyihasini qabul qilishda bugungi hayotiy zaruratni ham e’tiborga olishlarini so‘rar edim», – deydi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 5 may kuni Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi bozorda O‘zbekiston bayrog‘i tasviridagi, «Bitiruvchi» yozuvli lentani taqib yurgan yigit qo‘lga olinib, jarimaga tortilgandi. U ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslikda ayblangandi.

Keyinroq, bu mavzu ijtimoiy tarmoqda keng muhokama qilinishi ortidan noqonuniy qaror Bosh prokuratura aralashuvi bilan bekor qilindi, bayroq rangidagi tasma taqqan yigitning noqonuniy jazolanishi bartaraf etildi.

Mavzuga oid