Toshkentda Ukraina bayrog‘i yechilishining qanday oqibatlari bor?
Ukrainadagi urush masalasida O‘zbekiston hukumati neytral pozitsiya tanlaganini tushunish mumkin, lekin bu neytrallik jamiyatdan ham talab qilinishi to‘g‘ri emas. Bu qonunchilikka ham, siyosiy manfaatlarga ham zid. Qolaversa, davlat o‘z fuqarolariga bosim qilayotganini ko‘rgan tashqi kuchlar bosimni yana ham oshirishi mumkin.
23 may kuni, Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylardan biridan, balkonda osilib turgan Ukraina bayrog‘i yechib olingan. Xonadon 8-qavatda joylashgan bo‘lgan. Bayroq esa, balkonning ichki qismida ilingan bo‘lgan.
Bu vaqtda uy egasi Rejyep Latipov oilasi bilan Turkiyada dam olishda bo‘lgan. Ichki ishlar xodimlari xonadon egasiga telefon qilib, undan “Ukraina fuqarosimisiz?” deb so‘ragan. “Yo‘q, O‘zbekiston fuqarosiman” degan javob olingach, uning balkonidagi ilinib turgan Ukraina bayrog‘i olib tashlanishini aytishgan.
Bir qarashda, kimningdir balkonidan boshqa davlatning bayrog‘i yechib olinishi – kichik ishdek ko‘rinishi mumkin. Lekin, aslida, bu O‘zbekiston ichki va tashqi siyosati uchun, jiddiy masala.
Avvalo, ichki ishlar xodimlari tomonidan, maxsus texnika yordamida, Latipov xonadonidan Ukraina bayrog‘i olib tashlanishi, teskari effekt berdi. Ukraina bayrog‘i reklama qilindi. Jamiyat ko‘plab savollar berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonliklar “bu ish qonuniymi?” “nahotki Rossiyadan qo‘rqish shu darajada bo‘lsa?!” degan fikrlar bildirishdi.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, faqat O‘zbekiston bayrog‘iga nisbatan munosabatlar huquqiy tartibga solingan. Boshqa davlatlarning bayroqlariga o‘zbekistonliklarning munosabati, na salbiy, na ijobiy shaklda, reglamentga solinmagan. Demak, qonunga ko‘ra, biron o‘zbekistonlikning boshqa davlat bayrog‘ini o‘z uyiga ilib qo‘yishi – huquqbuzarlik emas.
Ukraina–Rossiya urushida O‘zbekiston o‘zining neytralligini ta’kidlab keladi. Lekin O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Senati va boshqa davlat organlari hamda mulozimlarining shu paytgacha berilgan bayonotlaridan bilish mumkinki, O‘zbekistonning betarafligi – befarqlik emas.
Ya’ni, O‘zbekiston o‘zining betarafligini bildirar ekan, ushbu betaraflik zamirida davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi kabi qadriyatlarni ko‘rishini aytib keladi. Bu bilan, O‘zbekiston Ukrainaning hududiy yaxlitligini urg‘ulovchi neytrallikda turadi. Neytrallikdan maqsad esa – O‘zbekistonni ushbu urushga, mojaroga tortishlariga imkon bermaslik.
Muhim nuqta, Ukraina–Rossiya urushida nazarda tutiladigan “neytrallik” – bu davlatning pozitsiyasi. Ya’ni hukumatning, hokimiyatning pozitsiyasi. Lekin, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga ko‘ra, xalq, jamiyat erkin bo‘lishi, hokimiyat mana shu erkinlikni ta’minlashi kerak.
Neytrallik xalqqa nisbatan joriy qilinishi mumkin emas. Oddiy odamlardan “urushda hech kimning tarafida turmang!” deyish g‘alati bo‘ladi. Buni talab qilish va ta’minlash – davlatning huquqiy emasligini bildiradi, odamlardan erkin fikrlash va qadriyatlarini ifoda qilish huquqini olib qo‘yganini anglatadi.
Huquqiy-demokratik davlatlarda, hokimiyatning pozitsiyasini ham xalq, jamiyat belgilab beradi. Agar hokimiyat Rossiyadan ehtiyot bo‘lib, neytrallik e’lon qilganda ham, buni xalqdan talab qilishi, qonunchilikka va siyosiy manfaatlarga zid hisoblanadi.
Endi, ichki ishlar tizimi, fuqaroning daxlsizligini qo‘pol buzib, uning balkonidan Ukraina bayrog‘ini olib tashlar ekan, bu ishning bir qancha salbiy oqibatlari bo‘ladi.
Bundan keyin, ichki ishlar tizimi, SSSR bayrog‘i, Georgiy lentasi va shunga o‘xshash timsollar bilan ham kurashishi kerak bo‘ladi. Bu ishni Ichki ishlar vazirligi qila oladimi?
O‘z fuqarolariga bosim qilayotgan davlatni ko‘rib, Rossiya O‘zbekistonga bosimni yanada oshirmaydimi? Qo‘rquv va ehtiyotkorlik motivi asosida fikrlaydigan davlat, tashqi bosimlarga juda qulay bo‘lib qolishi aniq holat-ku.
Misol uchun, qo‘shni Qozog‘iston hukumati ham Ukraina-Rossiya urushida, neytralligini bildirdi. Lekin xalq, jamiyat shu paytgacha ko‘plab namoyishlar o‘tkazib, urushga qarshi o‘z e’tirozini bildirdi, minglab namoyishchilar Ukraina bayroqlarini ko‘tarib, ushbu davlatga o‘z hurmatlarini bildirishdi.
O‘zbekistonda esa, davlat, kimningdir hech kimga ko‘rinmaydigan balkonida osilib turgan Ukraina bayrog‘ini olib tashladi. Bu bilan davlatning ichki va tashqi siyosati, manfaatlari va qadriyatlari uchun huquqiy ziddiyat va muammo yaratildi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Tavsiya etamiz
Rossiya Ukraina janubini nega bu qadar tez ishg‘ol qilgandi? To‘rt asosiy savol va ularga javoblar
Jahon | 20:42 / 25.02.2025
“Videolarni montaj qilib tarqatishyapti” – YHXX rasmiysi «no photo» qonuni haqida
O‘zbekiston | 18:45 / 25.02.2025
Kim aybdor: o‘qituvchi yo o‘quvchi? | SUBYEKTIV
O‘zbekiston | 16:42 / 23.02.2025
Kun so‘rovi: bir oyda qancha kartoshka sotib olasiz?
Jamiyat | 09:38 / 23.02.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Yevropaga AQSh yordamisiz o‘zini himoya qilishi uchun yiliga 250 mlrd yevro va 300 ming askar kerak bo‘ladi
Jahon | 02:30
-
Blue Origin kapsulasi kosmosga turistik parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirdi
Fan-texnika | 01:29
-
Vengriya sakkiz nafar rossiyalik YeI sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilishini talab qildi
Jahon | 23:20 / 25.02.2025
-
JSST: 2050 yilga borib dunyoda ko‘krak bezi saratonidan o‘lim holati 68 foizga oshadi
Jahon | 23:10 / 25.02.2025
Mavzuga oid

20:42 / 25.02.2025
Rossiya Ukraina janubini nega bu qadar tez ishg‘ol qilgandi? To‘rt asosiy savol va ularga javoblar

19:29 / 25.02.2025
Ukrainani tiklash uchun 500 mlrd yevrodan ortiq mablag‘ kerak bo‘ladi. Bir yil ichida ushbu summa 7 foizga oshdi

18:32 / 25.02.2025
Oliy Rada ikkinchi urinishda Zelenskiyning legitimligini tan oluvchi rezolyutsiyani qabul qildi

17:25 / 25.02.2025