Jahon | 18:32 / 25.02.2025
5420
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Rada ikkinchi urinishda Zelenskiyning legitimligini tan oluvchi rezolyutsiyani qabul qildi

Ukraina Oliy Radasi ikkinchi urinishda prezidentlik saylovi urush tugagandan keyin o‘tkazilishi va yangi saylovgacha Vladimir Zelenskiy qonuniy davlat rahbari bo‘lib qolishi haqidagi hujjat qabul qildi.

Foto: Global Look Press

Deputat Yaroslav Jyeleznyak ma’lum qilganidek, 268 deputatdan iborat parlament 226 ovoz bilan «Ukraina Oliy Radasining Rossiya agressiyasi sharoitida Ukrainada demokratiyani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bayonoti»ni qabul qildi. Bir kun oldin hujjatni qabul qilish uchun 8 ta ovoz yetmay qolgan edi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab deputatlar Rossiya bosqini boshlanishining uch yilligiga bag‘ishlangan turli yig‘ilishlar va tadbirlarda ishtirok etgani uchun ovoz berish jarayonida qatnashmagan. «Rezolyutsiya qabul qilinishiga shubham yo‘q», degan edi Podolyak. Deputat Irina Gerashchenko so‘zlariga ko‘ra, 24 fevraldagi yig‘ilishda 450 nafar deputatdan atigi 244 nafari ishtirok etgan.

Rada bayonotida Ukrainada demokratik saylov o‘tkazishning iloji yo‘qligi uchun javobgarlik Vladimir Putin zimmasida ekani va saylov Ukraina hududida «har tomonlama, adolatli va barqaror tinchlik ta’minlanganidan keyin» o‘tkazilishi ta’kidlangan. Rada, shuningdek, Zelenskiyning vakolatlari shubha ostida emasligini va yangi saylangan prezident o‘z lavozimiga kirishgunga qadar amalda bo‘lishini tasdiqladi.

Vladimir Zelenskiy 2019 yil may oyida Ukraina prezidenti bo‘ldi. Qonunga ko‘ra, uning vakolat muddati 2024 yil may oyida tugashi kerak edi, biroq urush saylovni o‘tkazishga to‘sqinlik qildi.

Mavzuga oid