Jahon | 14:43 / 01.06.2023
12420
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Moldovada: Ukraina NATOga a’zo bo‘lishga tayyor

Kiyev NATOning Ukrainani qabul qilishga tayyorligini ko‘rsatishini kutmoqda, dedi Volodimir Zelenskiy Moldovada bo‘lib o‘tayotgan Yevropa sammitida. O‘z navbatida, Stoltenberg Rossiya yangi davlatlarni NATOga qabul qilishga veto qo‘yish huquqiga ega emasligiga e’tibor qaratdi.

Foto: ruptly

Ukraina NATOga a’zo bo‘lishga tayyor, biroq alyans uni qabul qilishga tayyor bo‘lishini kutmoqda. Bu haqda Volodimir Zelenskiy 1 iyun, payshanba kuni Moldovada bo‘lib o‘tayotgan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, NATOga a’zo bo‘lish bilan berilgan xavfsizlik kafolatlari nafaqat Ukraina, balki Moldova uchun ham muhim. 

Bundan tashqari, Zelenskiy Ukraina va Moldovaning Yevropa integratsiyasi har ikki davlat YeIga kirishiga olib kelishiga ishonch bildirdi. «Biz birgamiz, yelkama-yelka... Muhimi, kelajagimiz Yevropa Ittifoqida», dedi u Moldova prezidenti Mayya Sandu bilan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitidagi ikki tomonlama muzokaralaridan so‘ng. 
 
O‘z navbatida, Sandu muzokaralar ikki davlatning Yevropa kelajagi haqida ketayotganini aytdi. «Ukraina bugun Moldova xavfsizligini ta’minlaydi va biz buning uchun juda minnatdormiz», deya qo‘shimcha qildi u.

Moldovada sammit boshlanishidan oldin Zelenskiy Telegram’da «ko‘plab ikki tomonlama uchrashuvlar» o‘tkazishini yozgan. «Biz qiruvchilar koalitsiyasini ishlab chiqmoqdamiz va Patriot’lar koalitsiyasini taklif qilmoqdamiz. Yevropa Ittifoqi, NATO, tinchlik formulasi. Hammasi kelajagimizni himoya qilish uchun», - dedi u. Zelenskiyning Moldovadagi sammitda shaxsan ishtirok etishi xavfsizlik nuqtayi nazaridan 1 iyungacha rasman tasdiqlanmadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid