Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Kishinyovda Tog‘li Qorabog‘ maqomi yuzasidan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel ham ishtirok etdi.

Muzokaralar oldidan Pashinyan Armaniston Ozarboyjonning «hududiy yaxlitligini tan olishi»ni ma’lum qildi. Yerevan jumladan, u yerdagi arman millatiga mansub aholi xavfsizligini ta’minlash sharti bilan Tog‘li Qorabog‘ni ham Boku hududi deya e’tirof etdi. Siyosatchilar va ommaviy axborot vositalari Moldovadagi uchrashuvda Aliyev va Pashinyan nihoyat to‘laqonli tinchlik shartnomasini imzolashlari mumkinligini taxmin qilgandi – ammo bu amalga oshmadi. «Meduza» nashri Qorabog‘ mojarosi bo‘yicha ekspertdan Kishinyovdagi uchrashuv tinchlikka yaqinlashishga qanchalik yordam bergani haqida so‘radi.

— Muzokaralarning asosiy natijalari qanday?

Uchrashuvdan keyingi press-reliz, odatdagidek, quruq gaplar bilan to‘la. Hech qanday sensatsiya bo‘lmadi va menimcha, biz bekorga sensatsiya kutdik. Aftidan, biz Pashinyanning may oyi o‘rtalarida «Kishinyovdagi uchrashuvga qadar nimadir qilishga ulgurishimiz mumkin» degan gapiga e’tibor qaratdik.

Shu bilan birga, Pashinyanning saytidagi 18 maydagi xabarda iyul oyida Bryusselda besh tomonlama yangi formatdagi uchrashuv, keyin esa oktyabrda Granadada uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi aytilgan. Agar tinchlik uchun barcha narsa tayyor bo‘lsa, nima uchun oktyabr oyida ham safar qilish rejalashtirilgan? Ya’ni, Armaniston hukumati muzokaralar aslida qanday kechishini taxminan tushunib turibdi: hamma narsa ham kutilgandek optimistik emas, hali ham tuzoqlar bor.

Qolaversa, Pashinyan (kelishuvga erishgan taqdirda) xalqqa hech bo‘lmaganda Qorabog‘ armanlarining xavfsizligini ta’minlay olganini aytishi kerak va bu haqda gapirishga hali erta. 28 may kuni Aliyev Lochin viloyatiga tashrif buyurib, deyarli ultimatum qo‘ydi: u (Tog‘li Qorabog‘ning) barcha davlat tuzilmalari tarqatib yuborilishi va tan olinmagan respublikaning barcha amaldorlari hukumatga taslim bo‘lishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat shu holatdagina amnistiya bo‘ladi. Bu juda qattiq talab.

Boshqa tomondan, ilgari Aliyev «amnistiya» so‘zini umuman tilga olmagan, bu yerda u hech bo‘lmaganda o‘zining ba’zi shartlarini ma’lum qildi. Ammo bunday talab tushunarli sababga ko‘ra qabul qilinishi qiyin: odamlar shunchaki qo‘rqadi. Ularni harbiy jinoyatchi deb atagan Ozarboyjon hukumatiga taslim bo‘lish — eng ijobiy ssenariy emas. Ular, ehtimol, umrining oxirgacha qamoqda o‘tiradi.