Jahon | 22:19 / 06.06.2023
25280
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiya kuzdan buyon ilk bor Ukrainadagi yo‘qotishlari haqida xabar berdi. Bu qarshi hujum bilan bog‘landi

Shoygu Rossiya Ukraina qurolli kuchlarining «qarshi hujumi barbod qilingani»ni aytdi. Unga ko‘ra, ukrain harbiylarining yo‘qotishlari rossiyaliklarnikidan 50 barobar ko‘proq. Ammo bunga hech qanday dalil keltirilmagan.

Foto: Reuters

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu an’anani buzdi Ukrainaning qarshi hujumi haqida hisob bera turib, Rossiya tomoni yo‘qotishlari haqida ham ma’lumot berdi. Uning versiyasiga ko‘ra, ukrainlarning qarshi hujumi uch kun oldin boshlangan va «muvaffaqiyat bilan qaytarilgan».

Uning ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainadagi urushning so‘nggi uch kunida 71 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘lib, 210 nafari yaralangan. Shu vaqtga qadar vazirlik faqat ikki marta o‘zining halok bo‘lgan harbiylari soni bo‘yicha ma’lumot bergandi. Ukraina va boshqa mustaqil manbalar aniqlagan raqamlar Rossiya harbiy idorasi keltiradigan raqamlardan keskin farq qiladi.

«Afsuski, yo‘qotishlarimiz bor. Ukraina qurolli kuchlarining hujumini qaytarish jarayonida 71 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘ldi, yana 210 nafari yaralandi», dedi u.

Shuningdek, rossiyaliklar 15 ta tank, 9 ta piyoda jangovar mashinasi, 2 ta avtomobil va 9 ta to‘pdan ayrilgani tan olingan.

Ukraina tomonining «yo‘qotishlari»

Shoygu Kiyev «uch kun mobaynida» «frontning turli uchastkalarida ancha vaqtdan buyon va’da qilingan hujumni amalga oshirib, buning uchun katta miqdordagi texnika va jonli kuchlarni jamlagani»ni aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 4 iyun kuni Ukraina qurolli kuchlarining 23- va 31-mexanizatsiyalashgan brigadalari beshta yo‘nalishda hujum qilishga uringan, ammo ortga «uloqtirib tashlangan».

Shoyguning aytishicha, 4 iyun kungi hujumda ukrainlar birorta yo‘nalishda muvaffaqiyatga uchramagan va jiddiy yo‘qotishga uchragan: 300 harbiy, 16 tank, 26 ta jangovar zirhlangan mashinalar, 14 avtomobil.

RF mudofaa vaziri Ukraina qurolli kuchlari 5 iyun kuni beshta brigada bilan yettita yo‘nalishda hujum qilishga uringanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «dushman to‘xtatilgan, yanada ko‘proq yo‘qotishlarga uchragan» - 1600 dan ortiq harbiy xizmatchi, 28 tank, jumladan sakkizta Leopard va g‘ildirakda harakatlanuvchi AMX-10 rusumli uchta tank.

Shoygu Ukraina tomonining uch kunlik harbiy harakatlardan keyingi jami yo‘qotishlari soni 3715 nafarni tashkil etayotganini aytgan. Shuningdek, rossiyalik harbiylar ukrainlarning 52 ta tanki, 207 ta jangovar zirhli mashinasi, beshta samolyoti, ikkita vertolyoti, 48 ta dala artilleriyasi qurollari va 53 ta dronini yo‘q qilgan.

Rossiya harbiylari Ukraina qurolli kuchlariga bunday zarar yetkazgani bo‘yicha ishonarli dalillar yo‘q. Kremlparast telegram-kanallarda ham Shoyguning Ukraina armiyasi yo‘qotishlari to‘g‘risida keltirgan raqamlarga ishonchsizlik bilan qaralmoqda. «Harbiy muxbirlar» 20 ga yaqin texnikalar, jumladan tanklar yo‘q qilingani aks etgan videolarni tarqatgan, ammo ular qayerda va qanday holatda ekanini aniqlab bo‘lmaydi.

RF mudofaa vazirligi esa «Leopard tanklari yo‘q qilinishi» sifatida tushunarsiz video e’lon qildi. Bu videoda zirhli texnikalarga emas, qishloq xo‘jaligi texnikalariga zarba berilishi aks etgan.

Shoyguning bugungi bayonotidagi yangilik faqat halok bo‘lgan harbiylar soni bo‘ldi - 71 kishi. Mudofaa vazirligi beshta yo‘nalishda qarshi hujum qilishga urinish bo‘lgani haqida avvalroq, 5 iyunga o‘tar kechasi xabar bergandi. Shu kungi va keyingi press-relizlarda 23- va 31-brigadalar ham, 16 ta tank ham, shuningdek, Ukraina tomoni yo‘qotishlari ham tilga olingandi (bu seshanba kuni Shoyguning rossiyaliklarning yo‘qotishlari haqida keltirgan raqamlardan 50 barobar ko‘p). Birlashgan qo‘shinlar guruhi boshlig‘i Valeriy Gerasimov go‘yoki «ukrainlar hujum qilgan yo‘nalishlardan birida oldingi chiziqdagi boshqaruv punktida bo‘lgani» haqidagi ma’lumot ham takrorlandi.

Shoygu Rossiya armiyasi yo‘qotishlari to‘g‘risida so‘nggi bor 2022 yil 21 sentabrida, Rossiya prezidenti Vladimir Putin qisman safarbarlik e’lon qilishi bilan bir vaqtda ma’lumot bergandi.

O‘shanda Rossiya mudofaa vaziri bosqin boshlanganidan buyon berilgan yo‘qotishlarni 5 937 kishiga baholagandi. Bu raqamlarni u «Rossiya-24» bergan intervyusida keltirgan, bu intervyu Putin Rossiya xalqiga «qisman» safarbarlik haqida e’lon qilishi ortidan berilgandi.

Bunga qadar Rossiya mudofaa vazirligi qaytarib bo‘lmas yo‘qotishlar to‘g‘risida 25 mart kuni ma’lumot bergandi va 1 351 kishi halok bo‘lgani tan olingandi.

Lekin bu raqamlar haqiqiy yo‘qotishlarni aks ettira olmaydi.

Haqiqiy yo‘qotishlar ko‘proq

BBC nashri «Mediazona» bilan hamkorlikda ochiq manbalar asosida halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar ro‘yxatini yuritadi.

Rossiya regionlaridagi ma’murlar va boshqa rasmiy manbalar allaqachon Ukrainada halok bo‘lgan 25 mingdan ortiq harbiyning shaxsini tasdiqlagan. Shoygu so‘nggi uch kundagi 71 qurbon haqida gapirar ekan, bosqin boshidan buyon berilgan yo‘qotishlarni ochiqlamadi.

Ukraina hukumati esa bahorda boshlanishi kutilgan qarshi hujumi boshlangani to‘g‘risida hamon rasman e’lon qilmadi.

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyarning aytishicha, Rossiya tomonining Ukraina qarshi hujumni boshlagani to‘g‘risidagi xabarlari omma e’tiborini Rossiya qo‘shinlari Baxmut atrofidagi pozitsiyalarini boy berayotgani haqidagi xabarlardan chalg‘itishga qaratilgan. Vazir o‘rinbosari ukrain kuchlari front chizig‘i bo‘ylab ayrim hududlarda hujum harakatlarini boshlaganini aytgan, ammo buni yirik amaliyotning bir qismi sifatida hisoblamaslik kerakligini qayd etgan.

Shoyguning qarshi hujum va yo‘qotishlar to‘g‘risidagi bayonoti Kaxovka GESdagi vayrongarchiliklar haqidagi yangiliklar fonida yangradi. Ukrain harbiylari elektr stansiya to‘g‘oni Rossiya kuchlari tomonidan portlatilganini ma’lum qilgan. Kreml GESdagi portlashga aloqadorligini rad etgan va buni «Ukraina tomonining qasddan amalga oshirgan diversiyasi» deb baholagan. Shoygu esa Ukraina Kaxovka GESni Rossiya ushbu hududda yurish qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun portlatganini aytdi.

Mustaqil tahlilchilar esa to‘g‘onning yuqori qismi o‘tmishdagi otishmalar tufayli qulagan bo‘lishi mumkinligini istisno etishmayapti. Nima bo‘lganda ham, seshanba kuni tongda Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak aytganidek, bu hodisa qarshi hujum rejalariga ta’sir qilishi mumkin: «Keng ko‘lamli harakatlar vaqtida doim ular [tuzatishlar] amalga oshiriladi».

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid