Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainada chechenistonlik sobiq dala qo‘mondoni Ruslan Yamadayevning o‘g‘li halok bo‘ldi
Chechenistonlik sobiq dala qo‘mondoni va Davlat dumasi deputati, 2008 yilda o‘ldirilgan Ruslan Yamadayevning o‘g‘li, «Vagner» XHKga yollangan Said-Husayn Yamadayev Ukrainada halok bo‘ldi, deb xabar berdi Chechenistonning NIYSO telegram-kanali, «Kavkaz. Realii» va RusNews24 nashrlari.
«Kavkaz.Realii» eslatishicha, Said-Husayn Yamadayev 2016 yilda bir necha moddalar bo‘yicha o‘n yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. RusNews24 xabariga ko‘ra, u Ulyanovskdagi 2-sonli koloniyada jazo muddatini o‘tagan va u yerda «Vagner» XHKga yollangan. Nashrning yozishicha, Yamadayev 2023 yil boshida frontga kelgan va aprel oyida Ukraina Qurolli kuchlari pozitsiyalariga hujum paytida halok bo‘lgan.
RusNews24 xabariga ko‘ra, Yamadayev 3 iyun kuni Gudermesda dafn etilgan. Bu ma’lumotni «Kavkaz. Realii» manbalari ham tasdiqladi.
Avvalroq, Yamadayev koloniyada bo‘lganida prezident Vladimir Putinga videomurojaat yozib, undan koloniyadagi saqlash sharoitlariga e’tibor berishni so‘ragandi – u do‘stlarining kaltaklanishiga norozilik sifatida o‘ziga tan jarohati yetkazganini da’vo qilgan.
Said-Husayn Yamadayevning otasi Ruslan Yamadayev 2003-2007 yillarda Davlat dumasi deputati bo‘lgan. Birinchi chechen urushi paytida u federal qo‘shinlarga qarshi janglarda qatnashgan, ammo keyinchalik Rossiya tomoniga o‘tgan. 2004 yilda u Rossiya Qahramoni unvonini oldi.
Ruslan Yamadayev 2008 yil sentabrida Moskva markazida o‘ldirilgan. Bundan biroz oldin Yamadayevlar oilasi Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bilan mojaroga borgan. Ruslan Yamadayevning ukasi Sulim 2009 yilda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘ldirilgan. Keyinroq Dubay prokuraturasi qotillikka aloqadorlikda gumon qilinib, yetti nafar rossiyalik, jumladan Qodirovning tarafdori, Davlat dumasi deputati Adam Delimxonovni ham qidiruvga bergan edi.