Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Politico: Ukraina hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, AQSh Kiyevga harbiy yordamni qisqartiradi
AQShning Ukrainaga bo‘lajak yordami, shuningdek, prezident Jo Baydenning xalqaro obro‘si bevosita UQK hujumining muvaffaqiyatiga bog‘liq, dedi Politico nashriga anonimlik sharti bilan AQShning yuqori martabali amaldorlari.
Nashr suhbatdoshlari, agar Ukraina hujumi yetarli darajada muvaffaqiyatli bo‘lmasa yoki umuman muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Ukrainaga harbiy va iqtisodiy yordam qisqartiriladi, mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqiriqlar tobora balandroq yangraydi, deb taxmin qilishdi.
Xususan, nashr manbalari parlament joriy transh tugaganidan keyin Ukraina uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni qo‘llab-quvvatlamasligi mumkinligini tan oldi. Rasmiylar, shuningdek, UQK hujumi boshlanishidagi har qanday xatolik AQSh Vakillar palatasidagi ko‘pchilik respublikachilarga Senatda demokratlarning mudofaa xarajatlarini oshirish tashabbusiga to‘siq qo‘yish imkonini berishidan xavotirda.
Nashr, shuningdek, Vashingtonda Rossiya hududiga qilingan hujumlardan xavotir ortib borayotganini qayd etadi. Ukraina rahbariyati ushbu zarbalarga aloqadorligini tasdiqlamagan bo‘lsa-da, AQSh rasmiylari hamon Kiyev yoki ukrainaparast kuchlarni Kremlga dronlar hujumi, shuningdek, «harbiy muxbir» Vladlen Tatarskiy va faylasuf Aleksandr Duginning qizi Dariya Duginaning o‘limi uchun mas’ul deb hisoblaydilar. Politico yozishicha, bunday voqealar allaqachon AQShdan diplomatik kanallar orqali bir qator qattiq ogohlantirishlarga sabab bo‘lgan.