Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya huquqshunoslari urush jinoyatlari bo‘yicha xalqaro tribunal tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladilar
Rossiyalik huquqshunoslar «Bryussel deklaratsiyasi»ni imzolab, Rossiyaning Ukrainadagi urush jinoyatlarini tergov qilish uchun xalqaro tribunal tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladilar.
2023 yil mart oyi o‘rtalarida Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Putinni hibsga olishga order berdi: u Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilishda gumon etilmoqda. Biroq, XJS Moskva ratifikatsiya qilmagan Rim statuti asosida ishlaydi va shunga ko‘ra, Rossiya uning yurisdiksiyasini tan olmaydi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir necha bor Rossiyaning harbiy jinoyatlarini tergov qilish uchun xalqaro tribunal tuzishni taklif qilgan. Uni Yevropa komissiyasi va AQSh qo‘llab-quvvatlamoqda: AQSh Senati allaqachon rossiyalik amaldorlarni insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortadigan xalqaro sud organini yaratish loyihasini ko‘rib chiqmoqda. Ukraina tashabbusini rossiyalik 26 nafar huquqshunos va huquq faollari ham qo‘llab-quvvatladi. Ular Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini agressiya deb hisoblaydi va tergovga yordam berishga tayyor. Iyun oyida ular «Bryussel deklaratsiyasi»ni imzoladilar. Meduza hujjat matnini taqdim qildi.
«Bryussel deklaratsiyasi»
Rossiya rejimining Ukrainaga qarshi boshlagan tajovuzkor urushi Yevropadagi xalqaro tinchlik va xavfsizlikka, inson huquqlari va xalqaro qonunlar hurmatiga putur yetkazdi. Biz Kreml boshlagan jinoiy urushni keskin qoralaymiz. U Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikki asosiy organi - Bosh Assambleya va Xalqaro Sud qarorlariga zid ravishda davom etmoqda. Bundan tashqari, biz Ukraina bo‘yicha Xalqaro mustaqil tergov komissiyasining Rossiya tomonidan ushbu qurolli mojaro davomida harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgani haqidagi xulosalarini e’tiborga olamiz.
Barqaror tinchlikning ajralmas sharti bo‘lgan adolatni qaror toptirishni biz bu mudhish jinoyatlar qurbonlari oldidagi ma’naviy burchimiz, deb bilamiz. Ushbu jinoyatlarning aybdorlari, jumladan, tegishli xalqaro mexanizmlar orqali javobgarlikka tortilishi kerak. Shu munosabat bilan biz Xalqaro jinoyat sudi prokurorining Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha tergovini qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz Rossiya rasmiylarining XJS prokurori va sudyalariga qarshi tahdidlarini rad etamiz.
Biz boshqa xalqaro jinoyatlarning keng miqyosda sodir etilishiga imkon yaratgan bosqinchilik jinoyatining markaziy rolini tan olamiz. Agressiv urushni rejalashtirgan, tayyorlagan va davom ettirayotgan siyosiy va harbiy rahbarlarni, shuningdek, ularning sheriklarini jinoiy javobgarlikka tortish ko‘p sonli qurbonlar uchun adolatni ta’minlash uchun zarurdir.
Eslatib o‘tamiz, bosqinchilik urushini rejalashtirish, tayyorlash, boshlash va olib borish umumiy xalqaro huquq, shuningdek, Ukraina va Rossiya qonunchiligiga muvofiq jinoyat hisoblanadi.
Bosqinchilik jinoyati, ta’rifga ko‘ra, davlatning siyosiy va harbiy rahbarlari tomonidan sodir etilishi mumkinligi, shuningdek, Ukrainadagi vaziyatda XJS ushbu jinoyatlar ustidan yurisdiksiyani amalga oshirishga qodir emasligini hisobga olib, biz Ukrainaning boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar ishtirokida bosqinchilik jinoyati uchun maxsus xalqaro tribunal tuzish haqidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Bu tashabbus xalqaro huquqqa va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi BMTga a’zo davlatlarning mutlaq ko‘pchiligi tomonidan agressiya harakati sifatida ta’riflanishiga asoslanadi. Bunday tribunal sudlanuvchilarning rasmiy mavqei, shuningdek, xalqaro va milliy qonunchilikka muvofiq foydalana oladigan immunitetidan qat’i nazar yurisdiksiyani amalga oshirishi mumkin.
Bu urush o‘tmishda Rossiya rahbariyati va harbiylari tomonidan o‘z zaminida va chet elda sodir etilgan og‘ir jinoyatlarning jazosiz qolishi tufayli yuz berdi. Jinoyatlarning takrorlanishiga olib keladigan jazosizlik zanjiri uzilishi kerak. Biz jinoyatchilarni javobgarlikka tortish va jabrlanganlarga zarar qoplanishiga yordam berishga tayyormiz.
Hozircha, hujjat rossiyalik 26 nafar advokat, huquqshunos, huquq himoyachisi, huquq fanlari nomzodi va professorlari tomonidan imzolangan. Ammo imzo to‘plash jarayoni 12 iyungacha davom etadi va ularning soni oshishi mumkin.