Jahon | 15:39 / 09.06.2023
5998
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya alyansga a’zo bo‘lishdan oldin NATO qo‘shinlarini joylashtirishga tayyor

Chet el texnikasi va xodimlari Shvetsiya hududida vaqtincha joylashtirilishi mumkin, deya ma’lum qildi rasmiy Stokholm. Qayd etilishicha, bu qaror Rossiya uchun yaqqol signal bo‘lib, Shvetsiyaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlaydi.

Foto: Pontus Lundahl/TT

Shvetsiya Shimoliy Atlantika alyansiga rasman kirishdan oldin ham NATOga o‘z hududida qo‘shinlarini joylashtirishga ruxsat beradi. Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson va mudofaa vaziri Pal Yonson 9 iyun, juma kuni Dagens Nyheter gazetasi uchun yozgan maqolasida: «Hukumat Shvetsiya Qurolli kuchlari NATO hamda NATO davlatlari bilan kelajakda birgalikdagi operatsiyalarni ta’minlash uchun tayyorgarlik ko‘rishi mumkinligiga qaror qildi», deydi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, «bu tayyorgarlik choralari Shvetsiya hududiga xorijiy texnika va xodimlarni vaqtincha joylashtirishdan iborat bo‘lishi mumkin». «Ushbu qaror Rossiyaga aniq signal beradi va Shvetsiya mudofaasini kuchaytiradi», deb ta’kidladi siyosatchilar. Ularga ko‘ra, Rossiya yaqin kelajakda qo‘shni davlatlar uchun tahdid bo‘lib qoladi, chunki «RF rahbarlarining hududiy ambitsiyalari ko‘lami noma’lum».

Shvetsiya 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishi sababli NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan. Turkiya va Vengriyaning e’tirozlari kechikishga olib keldi, ammo Stokholm iyul oyida Litvada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitidayoq ittifoqqa qo‘shilishga umid qilmoqda. 

Shvetsiyaning Rossiya bilan chegaradosh qo‘shnisi Finlandiya aprel oyida NATOga qo‘shildi. 

Mavzuga oid