Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaning «Kinjal» raketasi: uni «Patriot» urib tushira oladimi?
«Kinjal» raketasi va «Patriot» ZRK qarama-qarshiligi so‘nggi paytlarda harbiy mutaxassislar va ekspertlar muhokamasi mavzusiga aylangan. «Kinjal» haqida yaqin-yaqingacha rus propagandasi oshkor qilgan ma’lumotlardan boshqa narsa yo‘q edi. Endi esa ochiq manbalardagi ma’lumotlar ayrim xulosalar chiqarish mumkin.
Ilk marta Rossiya jangovar harakatlarda «Kinjal»dan 2022 yilning martida foydalangan, deb hisoblanadi. O‘shanda RF mudofaa vazirligi raketa «Ivano-Frankivsk oblastining Delyatin aholi punktida Ukraina qo‘shinlarining raketalar va aviatsiya o‘q-dorilarining yirik yer osti ombori»ni aniq nishonga olganini ta’kidlab chiqqandi. Lekin, Rossiya MVning versiyasi ayrim sharhlovchilarda shubha uyg‘otgan edi.
2022 yilning 9 mayida Ukrainaning «Janub» qo‘mondonligi Odessa oblasti Tu-22M3 bombardimonchi samolyotlaridan uchirilgan uchta «Kinjal» raketalari bilan o‘qqa tutilganini xabar berdi. Rossiya MV buni izohlamadi. «Kinjal» bilan navbatdagi nishonga olish 2022 yilning avgustida, bu marta Vinnitsya oblastida ro‘y berdi. O‘shanda ham faqat ukrain manbalari buni xabar bergan.
Bularning barchasi alohida uchirishlar edi. 2023 yilning mayida Rossiya «Kinjal»dan tizimliroq foydalana boshladi. Bu uchirishdan ko‘zlangan maqsad bitta — «Patriot» komplekslari bo‘lib, ular umumiy niyatga ega.
Ukraina QK 8 may kuni to‘rt kun avval, ya’ni 4 may kuni Kiyev shahri uzra Rossiyaning «Kinjal» raketasi tutib yo‘q qilinganini aytib chiqdi. Kiyev meri Vitaliy urib tushirilgan raketa bo‘laklaridan birini namoyish etdi. Internetda esa bu bo‘laklar «Kinjal»ga tegishlimi yoki Rossiyaning boshqa aviatsiya qurollaridan birigami, degan munozara kelib chiqdi.
Oradan bir necha kun o‘tib, 16 may kuni Rossiya havo, dengiz va yerdan turib Kiyevga yana yopirilma raketa zarbasi berdi, hujumda Erondan olingan Shahed-136 va 131 dronlari ham ishtirok etdi. Kiyev tomon uchirilgan raketalar orasida olti dona «Kinjal» ham bo‘lgan va ukrainalik harbiylarga ko‘ra, ularning barchasi urib tushirilgan.
Rossiya esa bunga javoban «Kinjal» vositasida «Patriot» ZRKning bir nechta tarkibiy qismlari yo‘q qilinganini aytib chiqdi. «Ishonchli va tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 16 may kuni «Kinjal» hipertovushli raketa kompleksi bilan Kiyevda kup funksiyali Radiolokatsion stansiya, shuningdek AQShda ishlab chiqarilgan «Patriot» zenit-raketa kompleksining beshta uchirish qurilmasi aniq nishonga olingan va to‘liq yo‘q qilingan», — RF MVning rasmiy xabarnomasida oltita nishon yo‘q qilingani aytilgan, bu ham aynan shu miqdordagi raketalardan foydalanganlikni bilvosita tasdiqlaydi.
Raketa hujumlarini qaytarish asnosida «Patriot» kompleksining «yo‘q qilingani» emas, «biroz zararlangani»ni AQSh Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Sabrina Singh ham tasdiqladi.
«Kinjal» raketasining xususiyatlari, uning qurilmasining alohida farqli tomonlari, undan foydalanish va uni tutib olish imkoniyatlari haqidagi bahslar Internetda hamon davom etmoqda va BBC ushbu voqealar fonida eng ko‘p yangrayotgan savollarning ayrimlariga javob topishga harakat qildi.
«Kinjal» raketasi xarakteristikalarini baholashdagi murakkabliklar shundaki, undan jangda foydalanilganini ham Rossiya, ham Ukraina tasdiqlaganiga qaramasdan, bu zarbalarning tafsilotlarini vakolatli manbalar e’lon qilishmagan.
«Kinjal» nima o‘zi?
«Kinjal» raketasi Rossiyaning «Iskander» operativ-taktik kompleksi ballistik raketasi bazasida yasalgan. Buni «Kinjal»ning 9M723 «Iskander» raketasiga tashqi ko‘rinishidan o‘xshab ketishi ham isbotlab turibdi.
Bundan tashqari, 2021 yilda RF Mudofaa vazirligi mashinasozlik konstruktorlik byurosi (MKB) bilan «Kinjal»larni xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzilganini e’lon qildi. Aynan shu korxona «Iskander»larni ishlab chiqaradi.
Bu muhim holat, chunki «Kinjal»ning tuzilishi va xarakteristikasi faqat Rossiya OAV bayonotlaridan ma’lum, shunda ham juda nochor. Shu sababli, uni ko‘pincha 9M723 raketasining texnik tavsifiga qarab baholashadi.
«Kinjal»ning ayrim tavsiflari sovetlarning havodan uchiriladigan so‘nggi raketalaridaan biri X-15 bilan bilan o‘xshash. U ham samolyotdan uchirilgan va ballistik trayektoriya bo‘yicha mo‘ljalni urgan. Bu buyumning farqli jihati — u faqat 300 km masofaga ucha oladi va bu hol uni tashuvchi samolyot uchun xavfli, chunki uchoq dushmanning HHM tizimi harakati zonasiga tushib qolishi mumkin. X-15 avval boshdan yadroviy kallakli qism uchun mo‘ljallangan, lekin uning boshqa modifikatsiyalari, jumladan, kemalarga qarshi raketalar ham ishlab chiqarilgan.
X-15 unchalik katta bo‘lmagan tezlikda, maksimum 5 Max’gacha tezlashib ucha olgan, tashqi ko‘rinishi ham «Kinjal»ga u qadar o‘xshamagan. Uni butunlay boshqa tashkilot — «Raduga» konstruktorlik byurosi ishlab chiqqan.
Lekin, nima bo‘lganda ham X-15’ni yaratishda foydalanilgan texnologiyalar «Kinjal»ni yaratishda ham joriy etilgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Aeroballistik raketa o‘zi nima?
Harbiy raketalar qanotli va ballistik bo‘ladi. Qanotli raketa xuddi samolyot singari uchadi — havoda uni qanotlari tutib turadi.
Ballistik raketalar xuddi osmonga otilgan tosh kabi uchadi. U inersiya tufayli harakatlanadi, toki shamolning qarshilishi va Yerning tortish kuchi uni to‘xtatib, pastga qarab yo‘naltirmaguncha. Ballistik raketa dvigateli ishlab turgan paytgacha yuqoriga ko‘tariladi va shundan so‘ng nishonga qarab pastga sho‘ng‘iy boshlaydi. Bunday trayektoriya ballistik trayektoriya deb ataladi.
Oddiy ballistik raketani tutib yo‘q qilish oson, chunki uning trayektoriyasini hisoblash mumkin, garchi zamonaviy ballistik raketalar aerodinamik rullar yordamida manyovr qila oladigan qilib yasalmoqda, lekin bunday manyovrlar ularni so‘nggi avloddagi zenit raketalaridan asray olmaydi.
Aeroballistik raketaning ballistik raketadan farqi shundaki, katta tezlikda uning korpusining o‘zi havo oqimlari hamda yuqori va past zichlik hududlar hisobiga ko‘taruvchi kuch hosil qiladi.
Shunday qilib qanotsiz aeroballistik raketa oddiy ballistik raketaga nisbatan ancha qiya trayektoriya bo‘ylab ucha olishi mumkin. U atmosferaning zich qatlamlarida manyovr ham qila oladi, nafaqat raketaga qarshi tizimlarga chap berish, shuningdek o‘zining fazodagi holatini tahrirlab, parvozda davom etish uchun ham.
Ballistik raketalar ham, aeroballistik raketalar ham parvozining so‘nggi bosqichida nishonga tik kelib uriladi. Bunga sabab — HHM ishini qiyinlashtirish. Havo bo‘shlig‘ini kuzatib turgan radarlarning o‘lik voronka deb ataluvchi xislati — radarning qoq tepasidagi o‘zi ko‘rolmaydigan zonasi bo‘ladi. Bu yerda uchayotgan obektlarni radar yo butunlay ko‘rmaydi yoki yaxshi kuzata olmaydi.
«Kinjal» esa RF Mudofaa vazirligining bayonotlariga ko‘ra, shuningdek uning nishonni urishi tasvirlangan kadrlarga ko‘ra, chindan ham tik kelib uriladi.
Rossiyada «Kinjal»ni raketa emas, kompleks deb atashadi, chunki uni tashib yuruvchi MiG-31K samolyoti nihoyatda muhim qismi. U raketani 15 km balandlikka ko‘tarib, eng maksimal tezligi — 3 ming km/soatga erishgach, raketani uchiradi. Samolyot bu o‘rinda raketaning birinchi bosqichi vazifasini ham bajaradi.
Havodan uchirish raketaga ko‘p yonilg‘i sarflamasdan tezda tezlikka erishish imkonini beradi, chunki birinchidan, u samolyotga biriktirilgan holida allaqachon katta tezlikda uchayotgan bo‘ladi, ikkinchidan, yerdan uchirilgan raketalardan farqli o‘laroq, unga atmosferaning zich qatlamlarini yorib o‘tish shart emas.
Shundan so‘ng «Kinjal» 20 km balandlikkacha ko‘tariladi va hipertovushli tezlikka erishadi. Atmosferaning zich qatlamlarini yorib qaytib tushayotganida u manyovr qiladi, yerga 90 gradusga yaqin burchakda kelib uriladi.
Jangovar qismi
Ukraina hukumati ta’kidiga ko‘ra, 4 may kuni Kiyev uzra ilk «Kinjal» raketasi tutib olingach, Kiyev meri Vitaliy Klichko «Kinjal» raketasining bo‘laklaridan biri deb atalgan qandaydir buyumni ommaga namoyish etdi.
Avvaliga ko‘plab sharhlovchilar u Rossiya televideniyesi tomonidan ko‘rsatilgan raketaga u qadar o‘xshamasligini ta’kidlab o‘tishdi. Keyin Klichko tomonidan ko‘rsatilgan obekt raketaning korpusi ichida joylashgan teshib o‘tuvchi jangovar qismi bo‘lishi mumkligi haqida taxmin ilgari surildi.
Obekt yirik, devorlari qalin jangovar o‘q-doridek ko‘rinadi. Shakli BetAB 500ShP beton teshuvchi bombani eslatib yuboradi, lekin ular orasida ayrim tashqi farqlar bor. Bunday bomba bunkerlarning, jumladan, yer ostidagi bunkerlarning qalin beton devorlarini teshib o‘tishi kerak, shuning uchun u devorlari qalin mustahkam korpusga ega.
«Kinjal» aynan qanday jangovar qismga ega ekanligi haqida rasman ma’lumotlar yo‘q. Biroq, bilvosita belgilarga ko‘ra, u bemalol teshib o‘tuvchi fugasli jangovar qism bilan ta’minlanishi mumkin.
Birinchidan, RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu 2022 yilda raketa allaqanday «teshib o‘tuvchi...» xususiyatlarga deya gap boshlab, gapini oxirigacha yetkazmagandi, biroq, u raketaning teshib o‘tuvchi sifati yoki qobiliyatini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
Ikkinchidan, «Iskander-E» kompleksining 9M723 raketasi teshib o‘tuvchi jangovar qism bilan ta’minlangan. Bu haqda Mashinasozlik konstruktorlik byurosi rasmiy saytida aytilgan. Bu sahifa hozir o‘chirib yuborilgan, biroq nusxasi arxivda saqlanmoqda.
Bundan tashqari, OAV va boshqa internet manbalarda «Kinjal» ham xuddi «Iskander» singari yadroviy jangovar qism bilan ta’minlanishi mumkinligi haqida mish-mishlar aylanmoqda. Rasman bu tasdiqlanmagan.
Teshib o‘tuvchi fugasli jangovar qismdan foydalanish mantiqli, chunki bunday raketa, rossiyalik harbiylar, jumladan mudofaa vaziri Shoyguga ko‘ra, alohida muhim obektlarni yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan. Bunday obektlar esa ko‘pinchi yer ostiga berkitilgan va yaxshi himoyalangan bo‘ladi.
2022 yil martida Ivano-Frankivsk oblastidagi nishonga muvaffaqiyatli zarba berilganini e’lon qila turib, RF mudofaa vazirligi «Ukraina qo‘shinlarining raketa va aviatsiya o‘q-dorilari saqlanayotgan yirik yer osti ombori yo‘q qilingan»nini qayd etgan edi. Yer osti omborini yo‘q qilish uchun aynan teshib o‘tuvchi jangovar qism kerak bo‘ladi.
Agar «Kinjal»ning tashqi ko‘rinishi 9M723 raketasi bilan o‘xshashligi e’tiborga olinsa, unga boshqa — oskolkali va oskolka-fugasli jangovar qismlar ham o‘rnatish mumkinligini taxmin qilish mumkin. Lekin bu rasman tasdiqlanmagan.
«Kinjal» chindan ham hipertovushlimi?
Bu savolga qisqa qilib, «ha» deb javob berish mumkin, garchi bu borada ham bahs-munozaralar ko‘p bo‘lsa-da. Gap shundaki, xalqaro miqyosda «hipertovushli qurol» deya barcha tomonidan tan olgan tushunchaning o‘zi yo‘q.
Masalan, AQSh Kongressining tadqiqot markazining 2023 yil fevralidagi dokladida hipertovushli tezlikda ucha oladigan va bu holda manyovrlar qila oladigan apparatlar hipertovushli apparat deb atalashi yozilgan.
«Kinjal» bu ikki shartga javob bera oladi. Hipertovushli tezlik deganda tovush tezligining 5 barobaridan ziyod tezlik nazarda tutiladi. «Kinjal» esa taktik texnik tavsiflarga ko‘ra, parvoz jarayonida 10 Max tezlikka erisha oladi. (Taqqoslash uchun: reaktiv dvigatelli oddiy yo‘lovchi samolyotlarning tezligi 0,8–1 Max atrofida bo‘ladi)
Max soni nimani bildiradi?
Max soni tovushdan tezuchar va hipertovushli uchar apparatlar tezligini o‘lchash uchun ishlatiladi. Bu havo oqimining uchar apparatga nisbatan tezligining shu nuqtadagi tovush tezligiga nisbatini bildiradi.
Ya’ni, apparat tovush tezligidan qanchalik tez uchayotganini bildiradi. Faqat muhim farq bor: tovush tezligi ayni paytda ushbu obekt harakatlanayotgan havoning fizik xossalariga to‘g‘ri kelishi kerak.
Yer sirtida 20 daraja issiqlikdagi havoda tovushning tezligi soniyasiga 343 metrni tashkil etadi (1234 km/soat).
Ideal sharoitda Max’larda tezlikni o‘lchashda atmosfera bosimi, harorat va namlik hisobga olinishi kerak, chunki ular tovush to‘lqinlari tarqalishiga ta’sir ko‘rsatadi. Lekin, odatda har bir balandlik uchun ma’lum bo‘lgan atmosfera bosimi hisobga olinadi.
«Kinjal» parvozi davomida 20 km balandlikka chiqib, 10 Max tezlikka erisha oladi, deb hisoblanadi. 20 ming metr balandlikda havo harorati Tselsiy shkalasi bo‘yicha –50 daraja, bu taxminan 11000 km/soat degani.
Raketa gorizontal uchib, nishonga tik urilish asnosida atmosferaning zich qatlamlariga kirganda uning tezligi pasayishi aniq. Lekin nishonga urilish uchun qanday tezlikda kelishi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.
Tezlikni hisob-kitob qilishda Yer sirtiga yaqin tovushning tezligi kattaroq ekanini ham hisobga olish kerak, binobarin, apparatning Max’da ko‘rsatilgan tezligi ham farqlanadi.
Masalan, havo harorati +10 daraja bo‘lgan 1 km balandlikdagi 11 000 km/soat tezlik Max’da 9 bo‘ladi.
RF mudofaa vazirligi «Kinjal» parvoz davomida manyovr qilishini ta’kidlaydi, shuning uchun u formal jihatdan AQSh Kongress tadqiqot markazining aniqlashtirmasida tilga olingan ikkinchi shartga ham javob beradi.
Raketada chindan ham aerodinamik rullar — quyruq qismida kichik qanotchalar bor, ular burilib, raketani kerakli yo‘nalishga boshqaradi. Unda olov chiquvchi tekislik ichida gaz oqimini boshqarib, manyovrlar qilishga yordam beruvchi gazodinamik rullar bo‘lishi ham ehtimolli.
Biroq, «Kinjal» — hipertovushli qurol degan ta’kidga hamma ham rozi emas. Amerikaning Vest-Poynt harbiy akadamiyasidagi zamonaviy urushni o‘rganish instituti hipertovushli qurolga boshqacharoq ta’rif bergan. U yerdagilar fikricha, hipertovushli apparat uzoq radiusda harakat qila olishi, havo-reaktiv dvigateldan foydalanishi, 5 Max tezlikdan tezroq harakatlanib, manyovrlarni amalga oshira olishi kerak.
Bu ta’rifga «Kinjal» mos kelmaydi — chunki unda havo-reaktiv emas, raketali dvigatel bor.
Lekin bu ta’rifga hipertovushli boshqa uchar apparatlar — tezlashib olish uchun ballistik raketadan foydalanuvchi, so‘ngra atomosferada erkin uchib, nishon sari manyovrlar amalga oshiruvchi planerlar ham to‘g‘ri kelmaydi. Ularni an’anaga ko‘ra hipertovushli qurollar sirasiga kiritib kelishgan, bunga hech kim shubha qilmagan.
AQSh ko‘proq hipertovushli planerlar va to‘g‘ri oqimli dvigatelga ega qanotli raketalar ishlab chiqarishga, Rossiya esa raketa dvigatelli va hipertovushli planerlarga ega apparatlar ishlab chiqarishga diqqat qaratadi.
Hipertovushli to‘g‘ri oqimli dvigatelga ega qanotli raketa xuddi hipertovushli planer singari birinchi navbatda atmosferaning eich qatlamlarida harakatlanishi tufayli texnologik jihatdan murakkab apparatlar hisoblanadi. Bunday tezliklarda apparatni silab o‘tayotgan havo oqimining xossalari keskin farqlanadi. Muammolardan biri havoning yuqori haroratlargacha — Tselsiy shkalasi bo‘yicha bir necha ming darajagacha qizishi.
Shu sababli atmosferaning zich qatlamlarida hiptertovushli tezlikni uzoq ushlab turgan apparatlar issiqlikka chidamli va shunchaki chidamli materiallardan yasalishi kerak. Bundan ham qiyini — to‘g‘ri oqimli havo-reaktiv dvigatelini yaratish.
«Kinjal» ko‘plab texnologik muammolardan xoli, chunki u oddiy raketa dvigatelidan foydalanadi va parvozining katta qismini atmosferaning siyrak qatlamlarida o‘tkazadi — zich qatlamlarga u trayektoriyasining final qismida yorib kiradi.
Ko‘plab mutaxassislarning hisoblashicha, bu holatda uning tezligi keskin kamayadi, konstruktorlar uchun ham shunisi ma’qul: ular uzoq vaqt hipertovushli parvoz uchun konstruksiya yaratishdan xalos bo‘lishgan. Ammo bu holatda u o‘zining asosiy sifati — yuqori tezlikni yo‘qotadi.
«Kinjal»dan tashqari ballistik raketalarning jangovar kallaklari, «Iskander» kabi ballistik raketalarning o‘zi ham hipertovushli tezlikka erishishi mumkin. Nishon sari yo‘nalar ekan, uning ballistik raketasi 5 Max tezlikdan ham oshishi mumkin. Biroq, odatda, bunday raketalar hipertovushli raketa deb atalmaydi.
Nega «Kinjal»ni urib tushirish qiyin?
«Kinjal»ning asosiy xossasi uning tezligi bo‘lib, uni aniqlab, tutib olish uchun raketa uchirishga vaqt juda kam qoladi.
Biroq uning bu xossasi u ortilgan MiG-31K samolyoti radarlarda ko‘rinishi bilan muvozanatlashadi, uning «radiolokatsion portreti», ya’ni har xil kuzatuv tizimlari bilan izlab topish mumkin bo‘lgan turli xossalari jamlanmasi ma’lum bo‘lib turadi. Shunday qilib, raketa uchirilgan tomondan uning yo‘nalishini avvaldan bilib turish ehtimoli mavjud.
Rossiya harbiylari ta’kidlashicha, «Kinjal» raketasi parvozning turli bosqichlarida manyovr qilishi mumkin, bu ham uni tutib olishni juda qiyinlashtiradi. Birinchidan, bu xossasini parvoz trayektoriyasini aniq hisoblashga xalaqit beradi, ikkinchidan, tutuvchi raketa manyovr qilayotgan nishonni borib urishi uchun yanada kuchliroq zo‘riqish bilan manyovr qilishi kerak.
Biroq, har qanday manyovr, ayniqsa u hipertovushli tezlikda qilinsa, yoki balandlik, yoki tezlik yo‘qotilishiga olib keladi. Bu esa bunday qurollarning asosiy fazilati. Shu sababli hipertovushli raketalar konstruktorlari nima muhimroq ekanini tanlashlari kerak.
«Kinjal» parvozning boshlang‘ich bosqichlarida yoki nishonga yaqinlashayotgan chog‘da manyovr qilishi haqida ishonarli ma’lumotlar yo‘q. Patriot ZRKning PAC 3 oilasiga mansub zamonaviy tutuvchi raketalar manyovr qilayotgan ballistik raketalarni urib tushirishga qodir, lekin bu yerda asosiy to‘siq baribir tezlik bo‘lib qoladi — hipertovushli nishonning parvoz trayektoriyasini nafaqat aniq, juda tez hisoblash ham talab etiladi.
«Kinjal»ni tutishning yana bir muammoli jihati u soxta nishonlardan ham foydalana olish ehtimoli. Nima bo‘lganda ham, «Iskander» kompleksining 9M723 raketasi soxta nishonlardan foydalanadi. Xarkiv shahri 2022 yilning 18 iyunida «Iskander» kompleksi raketalaridan o‘qqa tutilgach, bunday soxta nishonlar yerda topilgan edi.
Ular 9B899 deb ataladi va yarim metr uzunlikka ega ola-chipor silindrlardan iborat. Stavropoldagi «Signal» zavodining saytida yozilishicha, shunday nomdagi buyumni ular 2008 yildan boshlab shu korxonada seriyali ishlab chiqara boshlashgan.
Soxta nishonlar qanday ishlashi haqidagi ishonchli ma’lumotlar yo‘q. Ehtimol, ular radioshovqin yaratishar, shu yo‘l bilan yerdagi stansiyalardan uchiriladigan tutib oluvchi raketalarga qarshi radioelektron kurash vositasi hisoblanar.
Yana bir versiyaga ko‘ra, ular o‘zidan issiqlik chiqaradi, hipertovushli raketa atmosferada juda qizib ketgani sababli, soxta nishonlar infraqizil spektrda uning topilishini qiyinlashtiradi. Garchi ularning o‘lchami raketa o‘lchamidan kichikroq bo‘lsa ham, ular ham radarlarda chalg‘ituvchi ko‘rinish beradi.
Nihoyat, «Kinjal» raketasi nishonga deyarli tik uchib kelib uradi, bu ham uning tutilishini qiyinlashtiradi. Yuqorida zikr etilganidek, HHM tizimlari radarlarida o‘lik voronka — tepasida nishon yo umuman ko‘rinmaydigan yoki juda yomon ko‘rinadigan konussimon zona bo‘ladi.
Patriot «Kinjal»ni urib tushira olganmi?
Patriot kompleksining eng zamonaviy radari AN/MPQ-65’ning axtarish burchagi nishonni kuzatish rejimida 90 gradusga teng, ya’ni u o‘z ustida turgan raketani ham kuzata olishi kerak. Biroq, bir nechta raketa kichikrok burchak ostida yo‘nalgan bo‘lsa, ulardan qay birlari nazorat zonasidan tashqarida bo‘lib qoladi.
Odatda radarlarning o‘lik zonasi chetroqda turgan boshqa radarlar yordamida kompensatsiya qilinadi. Ma’lumki, Ukraina QK ixtiyorida ikkita «Patriot» batareyasi, shuningdek HHM tizimining umumiy konturiga ulangan boshqa tizimlar ham bor.
Ukraina qurolli kuchlarining havo hujumida mudofaa tizimi qanday tuzilgani, Patriot radarlari «o‘lik voronka»ga ega yoki yo‘qligi, ular hipertovushli tezlikda uchayotgan nishonni tutib olish asnosida nechog‘lik samarali ekani borasida ishonchli ma’lumotlar hozircha yo‘q.
Ukraina QKning Amerika HHM kompleksi Rossiya «Kinjal»ini urib tushirgani haqidagi versiyasining tasdig‘i Kiyev meri Vitaliy Klichko namoyish etgan, ehtimolli jangovar qismning shikast yegan joyi xarakteri tasdiqlashi mumkin. Unda qalin devorlarga ega bo‘lgan po‘lat obekt bitta joyidan qariyb sindirib yuborilgan.
Bu «Patriot» kompleksining PAC 3 oilasiga mansub, nishonni to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba bilan urib qulatadigan raketalardan birining borib urilishi natijasi bo‘lishi mumkin. Zenit raketalarining qolgan katta qismi oskolkali-fugasli jangovar tarkibiy qismga ega, ular nishon yonida portlab, unga zarar yetkazadi. Biroq, u qadar katta bo‘lmagan zarar yetkazuvchi bo‘laklar «Kinjal» raketasining taxmin qilinayotgan jangovar tarkibiy qismining bu qadar qalin devorini teshib o‘ta olmagan bo‘lardi, ular bitta katta o‘yiq emas, ko‘plab kichik izlar qoldirgan bo‘lardi.
16 may kungi yopirilma zarbalarda Rossiya ko‘plab raketalardan, jumladan, oltita «Kinjal»dan ham foydalangan. Turli manbalar guvohlik berishicha, ulardan tashqari «Iskander» va S-400 ballistik raketalari, havo va dengizdan uchirilgan qanotli raketalar, Eronning Shahed-136 va 131 dronlaridan foydalanilgan bo‘lishi ham mumkin. Bularning barchasi Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini zo‘riqtirish, shuningdek, Ukraina HHM tizimi vositalari qayerda joylashganini aniqlash uchun qilingan bo‘lishi ehtimoli katta.
Ukraina QK oltita «Kinjal» raketasini urib tushirganini ta’kidlamoqda. Rossiya mudofaa vazirligi esa Patriot batareyasini yo‘q qilganini. Batareya yo‘q qilinmagani, unga biroz ziyon yetkazilgani faktini amerikaliklar ham tasdiqlashdi. Bu holatda AQShda ishlab chiqarilgan zenit raketa kompleksining biror tarkibiy qismlari Ukrainadan boshqa dalatlarga olib chiqib ketilgani haqida xabarlar chiqmadi, bu esa endilikda hech narsani olib chiqib ketib bo‘lmaydigan darajada katta ziyon yetkazilgani yoki zarar chindan ham shu qadar yengil bo‘lgani va uni o‘sha joyning o‘zida bartaraf qilish mumkinligidan darak beradi.
Oltita «Kinjal» yo‘q qilinganini ham tasdiqlab bo‘lmaydi — chetdagi nufuzli va vakolatli manbalardan birortasi bu haqida xabar bermagan, Ukraina hukumati urib tushirilgan raketalarning tanish mumkin bo‘lgan qismlarini ko‘rsatmagan. Kiyevdagi kuzatish kameralari orqali kompleks samarali ishlayotgani haqida xulosa chiqarish qiyin, chunki unda faqat ZRKning uchib ketayotgan raketalari olovigina ko‘rinib turibdi.
Patriot kompleksi raketalari bilan «Kinjal»ni tutib olish mumkinligi holatini baholash yana bir sababga ko‘ra juda qiyin: Ukraina poytaxtida HHM ishi qanday tashkil qilingani, Patriot ZRK qaysi manbadan ma’lumot olgani, Patriot’ning shtatdagi lokatorlaridan boshqa radarlardan ham foydalanilgan yoki yo‘qligi, tutib olishda yana qanaqa zenit vositalaridan foydalanilgani haqidagi ma’lumotlar yo‘q.
Bundan tashqari, Ukraina qaysi avloddagi komplekslardan foydalanayotgani ham sir saqlanmoqda. 16 may kungi zarbalar qaytarilgach, Kiyevdagi ko‘chalardan birida PAC 3 oilasiga mansub raketalardan biri qulagan, biroq, Ukrainada hozir ikkita Patriot batareyasi xizmat qilmoqda, ularning ikkinchisi qanday raketalar bilan qurollantirilgani ham noma’lum.