Jahon | 22:53 / 13.06.2023
9228
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga 325 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini ajratdi

Ukraina, xususan, 15 ta Bradley piyoda jangovar mashinasi va 10 ta Stryker zirhli mashinani oladi. 

Foto: Kongsberg

13 iyun kuni AQSh Ukrainaga yangi 325 million dollarlik qo‘shimcha harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qildi. Bu, xususan, NASAMS va HIMARS tizimlari uchun o‘q-dorilar, shuningdek, Bradley piyoda jangovar mashinasini o‘z ichiga oladi. 

Pentagon matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu 2021 yil avgustidan beri Bayden ma’muriyati tomonidan AQSh Mudofaa vazirligi omborlaridan Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun qirqinchi marta qurol olinishidir. 

Ta’kidlanishicha, ushbu paket «Ukrainaning suveren hududini qaytarib olish sa’y-harakatlariga yordam berish va ukrainalik askarlarni, tinch aholini va muhim infratuzilmani jasorat bilan himoya qiladigan Ukraina havo mudofaasini qo‘llab-quvvatlash uchun asosiy imkoniyatlarni, shuningdek, artilleriya, tankka qarshi tizimlar va o‘q-dorilarni o‘z ichiga oladi». 

Yangi yordam paketida Ukraina quyidagilarni oladi:

- NASAMS zenit-raketa tizimlari uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar;

- Stinger zenit tizimlari;

- HIMARS raketa va artilleriya tizimlari uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar;

- 155 mm va 105 mm kalibrli artilleriya snaryadlari;

- 15 ta Bradley piyoda jangovar mashinalari;

- 10 ta Stryker zirhli transport vositalari;

- Javelin zirhga qarshi tizimlar;

- TOW raketalari;

- AT-4 tankka qarshi tizimlar;

- 22 milliondan ortiq o‘q-dorilar va granatalar;

- to‘siqlarni bartaraf etish uchun portlovchi moddalar. 

Bundan tashqari, Ukraina harbiylari taktik himoyalangan aloqa vositalari, ehtiyot qismlar va boshqa dala jihozlarini oladi.

Mavzuga oid