Global iqlim isishi borligiga shubha qilib kelgan odamlarning ham ayni damlardagi dunyo manzarasini ko‘rib, gumonlari tarqagan bo‘lsa kerak. Afsuski, bu isish O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. Hali yoz oyining jaziramasi kirib kelmay turib, iyun oyi boshida O‘zbekistonning ko‘p shaharlarida +40 daraja issiq kuzatildi.

Shaharlarni nima isitib yuboradi?

Shaharni isitib yuboradigan omillardan biri ko‘p qavatli imoratlarda ishlatiladigan materillardir. Ularning aksari quyoshni yaxshi o‘tkazadi va uni o‘zida uzoq vaqt saqlab turadi. Binolar, shuningdek, shamol tezligini pasaytirib, termal nurlanishni to‘sib qo‘yadi. Bundan tashqari, avtomobil dvigatellari, konditsionerlar va boshqa energiya iste’molidan chiqadigan karbonat angidrid havoning umumiy haroratini oshiradi. Odatda tuproqda issiq havo so‘rilib, bug‘lanish sodir bo‘lgani uchun ham issiq harorat biroz pasayadi. Lekin shaharlarda yo‘l, imoratlar va turli bog‘lar hisobiga tuproqli yerlar kam bo‘ladi. Natijada tuproq bug‘lanishi ham kam bo‘lib, issiqlik shahar bo‘ylab kezib yuradi.

To‘g‘ri, katta shaharlarda individual tarzda hamma o‘zi uchun salqin joyni yaratishi mumkin. Masalan, konditsioner o‘rnatishi, ma’lum hududlarga suv sepib turishi mumkin. Lekin bular butun boshli shaharda issiqlikni kamaytirishga qanchalik yordam beradi? Ya’ni siz uydan tashqariga, kechqurun bog‘ aylangani chiqsangiz, o‘zingiz bilan konditsioner olib yurolmaysiz va siz haqiqatdan salqin havoga ehtiyoj sezasiz.

Daraxtlar va parklar

Nega faollar daraxt ekish kerak, daraxtni ko‘paytirish kerak deb bong uradi bilasizmi? Daraxtlar bargidagi suv kun davomida bug‘lanadi. Va bu bug‘lanish uchun energiya kerak. Aynan o‘sha issiq energiyaning ma’lum bir qismi daraxtlarning bug‘lanishiga sarflanadi. Qarabsizki, daraxt ekilgan joylar salqinroq bo‘ladi. Hatto ko‘proq bargli daraxtlar issiqni 1-2 daraja pasaytira oladi. Shuning uchun shaharlarda qancha ko‘p daraxt bo‘lsa, shuncha salqinlasha boradi.

Oq yoki yorqin rangli tomlar

Qora rang quyosh energiyasini o‘ziga tortadi, oq esa uni qaytaradi. Muzliklar ham oq bo‘lgani uchun quyoshni yaxshi qaytaradi va sayyorani salqinlatib turishga yordam beradi. Odamlar ham yozda ko‘proq oq kiyim kiyishga harakat qilishadi. Xuddi shunday uy tomlarini ham oq yoki shunga o‘xshash yorqin rangga bo‘yash orqali issiqlikni qaytarish mumkin. Albatta, oq tomlar faqat yozda samarali hisoblanadi. Chunki qishda issiqni yaxshi tortgani uchun to‘qroq ranglar elektr energiyasini yaxshi tejaydi.