O‘zbekiston | 11:50 / 16.06.2023
7221
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva AQSh mehnat vaziri o‘rinbosari bilan muzokaralar o‘tkazdi

Ayni vaqtda Xalqaro mehnat konferensiyasining 111-sessiyasida ishtirok etish doirasida Shveytsariyaning Jyeneva shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi XMTning ixtisoslashgan tuzilmalari rahbarlari hamda qator mamlakatlarning hukumat vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Foto: Senat axborot xizmati

Tashrifning navbatdagi kunida Senat raisi Tanzila Norboyeva AQSh mehnat vazirining tashqi ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Tea Li hamda AQShning xalqaro mehnat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Kelli Fey Rodriges bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi mehnat munosabatlari sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.

Tea Li O‘zbekistondagi mehnat munosabatlari sohasidagi islohotlar hamda XMT bilan hamkorlikning hozirgi darajasini yuqori baholadi. O‘zbekiston XMT va Tashkilotga a’zo asosiy davlatlar bilan bolalar mehnati hamda majburiy mehnatga barham berish masalasida qisqa vaqt ichida konstruktiv hamkorlikda katta muvaffaqiyatlarga erishganini olqishladi.

Germaniya mehnat va ijtimoiy masalalar federal vaziri Xubertus Xayl bilan kechgan muzokaralarda asosiy e’tibor ushbu mamlakat bilan  birgalikda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, bandlik dasturlarini ijtimoiy himoya bilan bog‘lash va ushbu tarmoqlarni raqamlashtirish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish masalalariga qaratildi.

X.Xayl ikki tomonlama aloqalarning ijobiy dinamikasiga to‘xtalib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochayotgan mehnat munosabatlari sohasidagi kelishuvlarni yuqori baholadi. Germaniya mehnat jarayonlarini faollashtirish va buning uchun ishonchli huquqiy asos yaratish orqali iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdor ekanini alohida qayd etdi.

XMTning BMTdagi maxsus vakili Beate Andreyes bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar XMTning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Beate Andreyes mintaqaviy idoraning O‘zbekiston bilan konstruktiv hamkorligi davom ettirilishini ta’kidladi. — Mamlakatingiz qisqa vaqt ichida erishilgan yutuqlar tufayli mintaqa davlatlari orasida ilg‘or o‘rinni egallaydi. Tashkilotimiz bilan yanada ochiq hamkorlik qilish uchun O‘zbekistonda siyosiy iroda mavjudligini amalda his qilyapmiz. Shu munosabat bilan hamkorlikni kengaytirish masalasi XMT mintaqaviy vakolatxonasining ustuvor e’tiborida bo‘ladi, — dedi B. Andreyes.

Mavzuga oid