O‘zbekiston | 17:40 / 20.06.2023
12941
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda tug‘ma yurak nuqsoni bor mingdan oshiq bolalar davlat hisobidan davolanadi - Mirziyoyev

Buxoro viloyatida 2 ta shamol va 3 ta quyosh elektr stansiyasi barpo etiladi, 60 ming oila uy-joyga ega bo‘ladi, tug‘ma yurak nuqsoni bor ming nafardan ortiq bolalar davlat hisobidan davolanadi, 95 foiz buxoroliklar markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, ekologiyani asrash va maishiy chiqindilar bilan ishlash bo‘yicha Buxoro tajribasi yaratiladi.

Foto: O‘zLiDeP

Buxoroda O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovchilar bilan uchrashuvi boshlandi. Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, nomzod Buxoroda uy-joy qurilishi, tibbiyot, elektroenergetika va ekologiyaga oid kelgusidagi 7 yillik rejalari bilan tanishtirdi.

Infratuzilma

Shavkat Mirziyoyev kelgusi yetti yilda Buxoroda 1,5 mingdan ziyod ko‘p qavatli uylar qurilib, 60 ming oila shinam uy-joyga ega bo‘lishi haqida aytib o‘tdi. Jumladan:

  • 1,5 mingdan ziyod ko‘p qavatli uylar qurilib, 60 ming oila shinam uy-joyga ega bo‘ladi;
  • viloyatda 7 ming kilometr yo‘llar, jumladan, 3,5 ming kilometr ichki yo‘llar va 300 dan ziyod ko‘priklar ta’mirlanadi;
  • 1 million 200 ming aholi uchun ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida, 5 ming kilometr yangi tarmoq va 84 ta suv inshooti barpo etiladi. Natijada, Buxoroda markazlashgan ichimlik suvi bo‘yicha qamrov 77 foizdan 95 foizga yetkaziladi;
  • tuman va shahar markazlarida 1 ming 200 kilometr kanalizatsiya tarmoqlari va 150 ta oqova suv tozalash inshootlari quriladi. Shu orqali, 600 mingdan ziyod aholi ilk bor kanalizatsiya xizmatiga ulanib, viloyatda qamrov darajasi hozirgi 9 foizdan 40 foizga oshiriladi;
  • mahallalarda 10 ming kilometr elektr tarmoqlari qurilib, 1 mingta transformator yangilanadi.

Tibbiy xizmatlar

«Buxoroda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha ham aniq rejalarimiz bor. Shu maqsadda, 2030 yilga qadar mahallalarda 50 ta yangi oilaviy poliklinika va shifokor punkti qurilib, 200 tasi to‘liq ta’mirlanadi.

Murakkab operatsiyaga muhtoj, tug‘ma yurak nuqsoni bor 1 ming nafardan ortiq bolalarni davlat hisobidan davolash tashkil etiladi. Bu ishlarga Buxoro uchun yiliga 30 milliard so‘mdan ajratamiz», dedi nomzod.

Shuningdek, Buxoroda Xalqaro xalq tabobati markazi va Farmatsevtika klasteri tashkil qilinadi. Buning uchun, 50 million dollar investitsiya jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.

Muqobil energetika

Viloyatda Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistonidagi investorlar bilan hamkorlikda 2 ta shamol va 3 ta quyosh elektr stansiyasi barpo etiladi.

Ularda yiliga 10 milliard kilovatt/soat yoki viloyat ehtiyojidan ikki marta ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Umuman, kelgusi yetti yilda umumiy qiymati 17 milliard dollarlik 8 mingta sanoat loyihalari amalga oshiriladi va 120 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ekologiya

Ekologiyani asrash va maishiy chiqindilar bilan ishlash bo‘yicha Buxoro tajribasini yaratiladi. Kelgusi yetti yilda:

  • viloyatdagi 15 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni yopilib, 6 tasi modernizatsiya qilinadi;
  • viloyatga 200 ta zamonaviy chiqindi tashish texnikalari xarid qilinadi, har bir mahallada chiqindi yig‘ish shoxobchalari quriladi;
  • cho‘l hududlardagi qum ko‘chishining oldini olish maqsadida, 20 million tup saksovul va boshqa buta ko‘chatlari ekiladi.

«Umuman, Buxoro viloyatini birinchilar qatorida «ekologik toza, chiqindisiz hudud»ga aylantirish bo‘yicha katta harakatni boshlasak, o‘ylaymanki, buni butun viloyat ahli qo‘llab-quvvatlaydi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Сардор Раҳмонқулов
Tayyorlagan Сардор Раҳмонқулов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid