O‘zbekiston | 14:10 / 22.06.2023
10154
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Surxondaryodagi barcha maktablar zamonaviy kompyuter sinflari va interaktiv doskalar bilan jihozlanadi

O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda viloyatda ta’limni rivojlantirish, uy-joy va yo‘l qurilishi, suv ta’minotiga oid rejalari haqida to‘xtaldi.

Foto: O‘zLiDeP

Ta’lim

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, Surxondaryo viloyatida maktabgacha ta’lim qamrovi 2 mingta yangi davlat va xususiy bog‘chalar tashkil etish hisobiga hozirgi 60 foizdan 100 foizga yetkaziladi. Zamonaviy maktablar barpo etish, ularning quvvatini oshirish, xususiy sektorga sharoit yaratish hisobiga esa 2030 yilga qadar qo‘shimcha 100 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

Shu bilan birga, viloyatdagi barcha maktablar zamonaviy kompyuter sinflari va interaktiv doskalar bilan jihozlanadi.

Uy-joy qurilishi

Kelgusi yetti yilda viloyatda 1,5 mingta ko‘p qavatli uylarda 50 ming oila shinam uy-joyga ega bo‘ladi.

Bunga barcha manbalar hisobidan 1 milliard dollar yo‘naltiramiz. Misol uchun, Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Termiz tumanlaridagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 300 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi natijasida, 12 mingta oila uy-joy bilan ta’minlanadi. Viloyatda 2030 yilgacha 4 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi hamda 35 ta ko‘priklar yangidan quriladi”, dedi nomzod.

Suv ta’minoti

Nomzodning saylovoldi dasturiga ko‘ra, Germaniyaning “KFV” bankidan jalb qilingan 100 million dollar sarmoya hisobiga Termiz shahrida oqova suv tizimi ta’mirlanadi. Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi yordamida esa Sariosiyo, Denov va Jarqo‘rg‘onda oqova suv tizimlari quriladi.

Xabaringiz bor, “To‘palang” suv omboridan Surxondaryo aholisi uchun ichimlik suvini olib kelish bo‘yicha katta loyihani boshladik. Bu loyiha keyingi yilda to‘liq yakunlanadi. Natijada, hudud aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 90 foizga yetkaziladi. Umuman, viloyatdagi ichimlik va oqova suvi loyihalariga 460 million dollar ajratiladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid