Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
26 iyun kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisni Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Tadbirda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro hamkorlik doirasida erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, 2022 yilda sohaga oid 11 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya hamda Mehnat kodeksiga mehnat munosabatlarini tartibga solishga oid yangi normalar kiritildi, xususan, majburiy mehnatning, shuningdek bolalar mehnatining ularning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilab qo‘yildi.
Sohada yangi loyihalarni amalga oshirish, xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning pozitsiyasini yanada mustahkamlash maqsadida Milliy komissiya tomonidan tasdiqlangan «Yo‘l xaritalari» ijrosini ta’minlash borasida salmoqli natijalarga erishilganligi qayd etildi.
2022 yil majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan ko‘plab taqiqlar olib tashlangan yil sifatida yodda qoldi.
Tanzila Norboyeva amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, sohadagi muammoli masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
– Oldimizda mehnat munosabatlarini xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish, norasmiy bandlikni qisqartirish, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, qolaversa, gender tenglikni ta’minlash va boshqa shu kabi masalalar bo‘yicha vazifalar turibdi. Tasdiqlangan «yo‘l xaritalari»dagi vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash zarur. Ishlarimiz qaysidir raqamlarni to‘g‘rilash emas, balki aniq natijaga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Belgilangan choralar birinchi navbatda inson huquqlarini ta’minlashga, ularning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga, fuqarolar uchun xavfsiz, munosib mehnat sharoitlarini yaratishga qaratilgan», dedi komissiya raisi.
Tadbirda erishilgan natijalardan kelib chiqib, paxta-to‘qimachilik sanoatidagi korxonalar faoliyatiga xalqaro standartlarni keng tatbiq etish va bu orqali korxonalarda munosib mehnat tamoyillariga erishish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olindi.
2022 yilda ushbu tarmoq korxonalari faoliyatiga «Better work» hamda BCI xalqaro standartlarini tatbiq etish bo‘yicha boshlangan ishlarni izchillik bilan davom ettirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida Milliy komissiya qoshida «Better Cotton» standartlarini tatbiq etish bo‘yicha Milliy maslahat Kengashini tashkil etish masalasi muhokama etildi hamda qo‘llab-quvvatlandi.
Majlisda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi, majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbarlari, hududiy komissiyalar vakillarining hisobotlari eshitildi hamda muhokama qilindi.
Mavzuga oid
23:49 / 20.12.2024
O‘zbekistonning migratsiya siyosatini ishlab chiqishda Xalqaro mehnat tashkiloti ham ishtirok etadi
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
17:03 / 25.11.2024
O‘zbekistonda «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun faollik» tadbirlariga start berildi
16:12 / 22.11.2024