Jahon | 21:23 / 29.06.2023
13867
2 daqiqa o‘qiladi

2022 yildan beri oltinchi milliarder Rossiya pasportidan voz kechdi 

Igor Makarov endi faqat Kipr fuqarosi. 

Foto: TASS

Rossiyalik milliarder, «Areti» energetika kompaniyasi asoschisi va rahbari Igor Makarov 2023 yilda Rossiya pasportidan voz kechdi. Amerikaning Forbes veb-saytidagi profilidan ma’lum bo‘lishicha, endi u faqat Kipr fuqarosi. 

Dunyoning eng boy odamlari reytingida 2,2 milliard dollar boyligi bilan Makarov 1368-o‘rinni egallaydi, shuningdek u Kiprning beshinchi eng badavlat fuqarosi hisoblanadi. Milliarderning o‘zi Rossiya fuqaroligidan voz kechishiga izoh bermadi. 

Makarov 2008-2012 yillarda sarmoya evaziga Kipr pasportini olgan. So‘nggi yillarda tadbirkor Kipr, Amerikaning Florida shtati va Shimoliy Italiyada yashab kelgan. Shunga qaramay, 2022 yilda Ukrainada jangovar harakatlar boshlanganidan keyin Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya unga qarshi sanksiyalar joriy qilgan. 

Avvalroq Forbes ro‘yxatining besh nafar sobiq yoki amaldagi a’zosi Rossiya fuqaroligidan voz kechgan edi. Jumladan, Freedom Finance investitsiya kompaniyasi asoschisi Timur Turlov (hozirda Qozog‘iston fuqarosi), «Troyka Dialog» investitsiya kompaniyasi asoschisi va sobiq egasi Ruben Vardanyan (hozir Armaniston fuqarosi), investor Yuriy Milner (hozir Isroil fuqarosi), fintex-startap Revolut asoschisi Nikolay Storonskiy (hozir Buyuk Britaniya fuqarosi), «Tinkoff Bank» asoschisi Oleg Tinkov (hozir Kipr fuqarosi). 

Mavzuga oid