O‘zbekiston | 16:23 / 05.07.2023
31290
11 daqiqa o‘qiladi

Misr fir’avnlarining xizmatchilari nega kiyimiga asal surtib yurgan? – “Zakovat”ning yozgi mavsumdagi ilk o‘yinidan reportaj

“Avval ikki ko‘zingni katta och, keyin bir ko‘zingni yum” degan o‘zbek hikmatida qay ma’no yashirin? Ikkinchi jahon urushi vaqtida Minsk aholisi nega katta poyabzal kiyib yurgan? – “Zakovat” teleo‘yini yozgi mavsumining ilk o‘yinida yangi jamoa ishtirok etdi.

Foto: Zakovat

2023 yilning yozgi mavsumi birinchi o‘yinida Otabek Hamzayev jamoasi ishtirok etadi. Individual kasting orqali turli hududlaridagi bilimdonlardan tashkil etilgan jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):

Anvar Naimov - Shifokor;

Alisher Orifjonov - ADU talabasi;

Muhiddin Usmonov - Muhandis;

Otabek Hamzayev - Shifokor (jamoa sardori);

Shahzodbek Bektursunov - O‘zMU magistranti;

Yoqubjon Xolmatov - "Wisdom" xususiy maktabi direktori.

O‘yinni suratga olish jarayonidan lavhalar

1-raund savoli Ikkinchi jahon urushi vaqtida Minsk aholisi nega katta poyabzal kiyib yurgani haqida bo‘ldi. Hali o‘yinga kirishib ulgurmagan jamoa ushbu savolga javob topa olmadi. Hisob teletomoshabinlar foydasiga ochildi – 0:1.

Jamoa a’zosi Anvar Naimov

2-raundda jamoa o‘ziga kelib oldi. Avval ko‘zlarni ochib, keyin bitta ko‘zni yumishga chaqiriladigan o‘zbek hikmati qaysi jarayonga atalgani haqidagi savol chiroyli tarzda topildi. O‘yinda hisob tenglashdi – 1:1.

Jamoa a’zosi Yoqubjon Holmatov
Jamoa a’zosi Shohzodbek Bektursunov

3-raund savoli “Lenfilm” studiyasida turli xil buyumlar bilan to‘lgan maxsus xona haqida bo‘ldi. Ushbu savolga teleo‘yinda yetarlicha tajribaga ega bo‘lgan Muhiddin Usmonov osonlik bilan javob topib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi – 2:1.

Jamoa a’zosi Muhiddin Usmonov

Navbatdagi raund savoli Yaponiya poyezdlaridagi qo‘l yuvish moslamasi haqida bo‘ldi. Ushbu savolga iqtidorli bilimdon Alisher Orifjonov muddatidan oldin javob berdi va hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi – 3:1.

5-raundda qadimgi Misr fir’avnlari haqidagi blits savollari o‘ynaldi. Blitsning birinchi va ikkinchi savollarini osonlik bilan topgan jamoa uchinchi savolda biroz qiynaldi. Biroq jamoa sardori Otabek Hamzayev to‘g‘ri variantni tanlay oldi va jamoasini yirik hisobda oldinga olib chiqdi. Hisob – 4:1.

Jamoa sardori Otabek Hamzayev

Keyingi raundda AQSh Kongressi oldidagi qorbo‘ron o‘yini haqidagi qiziqarli savol o‘ynaldi. Ushbu savolda jamoaning yetakchi bilimdonlaridan biri Alisher Orifjonov yana o‘zini ko‘rsatdi hisobni 5:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Jamoa a’zosi Alisher Orifjonov

7-raundda AQShdagi bank qurilishi uchun uzoq shtatdan 80 ming dona g‘ishtning arzon va oson usulda tashilgani haqidagi savol tushdi. Hal qiluvchi lahzada o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan jamoa ancha yirik hisobdagi g‘alabani rasmiylashtirdi – 6:1.

Yangi tashkil topgan jamoa debyut o‘yinini bu qadar yirik hisob bilan boshlashini jamoadagilarning o‘zlari ham kutmagan bo‘lsa kerak. Ajoyib o‘yin. Bu natija bilan jamoa bir oyog‘i bilan finalda deyish mumkin. Bunday hisob qolgan barcha jamoalarga finalga chiqish uchun va-bank qilishdan boshqa yo‘l qoldirmaydi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1-raund. Savol muallifi: Huvaydo Xoliqova, Namangan viloyati, Chust tumani

Boshlovchi: Belaruslik "Nobel" mukofoti sohibasi Svetlana Aleksiyevich, urush haqida ko‘p romanlar yozgan. Ikkinchi jahon urushi haqidagi front orti hayotini yoritgan bir romanida Minsk aholisi urush mahalida katta o‘lchamdagi poyabzal kiyib yurgani aytiladi.

Diqqat savol: aniq ayting, bu poyabzallar nima uchun kerak bo‘lgan?

Javobni Muhiddin Usmonov beradi: savolda urush vaqti deyildi, o‘sha vaqtda uylarda sharoit yaxshi bo‘lmagan va sovuq bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Kengroq oyoq kiyimga yosh bolalari bo‘lsa, solib yurgan bo‘lishi mumkin, issiqroq yurishi uchun.

To‘g‘ri javob: Minsk shahri doimgi bombardimonlar ostida qolgan shahar hisoblanadi. Shunaqa paytda signal bo‘ladi, sirena chalinadi, hamma ko‘chaga qochishi kerak bo‘ladi, hamma kiyimini kiyadi yengil-yelpi, oyog‘iga esa kiyish uchun engashib o‘tirmaydi, poyabzalni iladi, ko‘chaga chiqib ketadi.

Hisob: 0 - 1

Savol muallifi Huvaydo Xoliqova 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallifi: Tursunxon Mamajonova, Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani

Boshlovchi: Bir o‘zbek iborasini tushuntirish uchun men aytgan harakatlarni bajarishingiz kerak. Ko‘zingizni oching, endi bittasini yuming.

Diqqat savol: Bu harakatni bajarish qachon so‘raladi bu iborada?

Javobni Otabek Hamzayev beradi: turmush qurishdan oldin ko‘zingni kattaroq ochgin, turmush qurgandan keyin ba’zi bir ayblariga ko‘z yumilar degan maqsadda bu ibora aytilgan bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri javob: iborani to‘liq o‘qiyman: Ey yigit, uylanishdan oldin ko‘zingni kattaroq och, kelinni yaxshilab o‘rgan. Keyin esa kelinning kamchiliklariga ko‘zingni yum.

Hisob: 1 - 1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi: Feruz Usmonov, Toshkent shahri Mirobod tumani

Boshlovchi: marhamat, e’tiboringizni ekranga qarating.

Ushbu surat “Lenfilm” studiyasida suratga tushirilgan.

Diqqat savol: Xonadagi predmetlarga qarab ayting-chi, ular nima bilan shug‘ullanishadi?

Javobni Muhiddin Usmonov beradi: fikrimizcha, bu yerda turli detallar, bu xonadagi odamlar filmlarga ovoz yozish bilan shug‘ullanishadi, nafaqat inson ovozi, balki tashqi ovozlarni yozish bilan ham shug‘ullanishadi.

To‘g‘ri javob: ko‘rib turibsiz, bu yerda hamma narsa bor, eski narsalar. Faqat mikrofon yetishmayapti. Mikrofon o‘rnatilib, filmlarga ovozlar yozib olinadi.

Hisob 2 - 1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi: Saidakbar Maqsudov, Toshkent shahri

Boshlovchi: suratga e’tiboringizni qarating.

Yaponiyadagi poyezdlardagi qo‘l yuvish moslamasi. Ikki xil jo‘mrakdan ikki xil suv tushadi. Bittasidan toza ichimlik suvi tushsa, ikkinchisidan qo‘l yuvish uchun texnik suv tushadi. Qo‘lyuvgichning o‘ng tomonida uzun teshikcha bor.

Diqqat savol: Yaponlar bu teshikchadan nima maqsadda foydalanadi?

Javobni muddatidan avval Alisher Orifjonov beradi: hozirgi kunda zamonaviy taraqqiyotda telefonlar ommalashib ketgan. Qo‘l yuvishdan oldin aynan uyali telefonini o‘sha joyga solib qo‘yadi.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob: 3 - 1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Blits savollari. Savollar muallifi: Farrux Azimov, Boysun tumani

Mavzu: Qadimgi Misr fir’avnlari

1-savol

Boshlovchi: Qadimgi Misr fir’avnlarini shunchalik ayashganki, hatto atrofida yuruvchi xizmatkorlar kiyimiga asal surtib qo‘yishgan?

Diqqat savol: Nega?

Javobni Shohzodbek Bektursunov beradi: yonida asal surtilgan xizmatkorlar fir’avnni turli hasharotlardan: pashsha, chivinlardan himoya qilib turadi, ya’ni o‘ziga jalb qilib turadi va ular fir’avnga yo‘liqmaydi.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

2-savol

Boshlovchi: Qadimgi Misr fir’avnlarida g‘alati odatlar bo‘lgan

Diqqat savol: Fir’avn ko‘p hollarda uylanish paytida oila ehtiyojidan kelib chiqib kimlarga uylanishgan?

Javobni Shohzodbek Bektursunov beradi: bizning javobimiz shundan iboratki, hukmdorlar o‘z naslini saqlab qolish uchun o‘zining tug‘ishgan opa-singillari bilan turmush qurgan.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

3-savol

Boshlovchi: eramizdan avvalgi 31-yilda Sezarion fir’avnligi vaqtida rasman Misr davlati tugatiladi.

Diqqat savol: shundan keyin Misr qanday atala boshlangan?

Javobni Alisher Orifjonov beradi: Rim provinsiyasi deb atalgan.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob 4 - 1

Bilimdonlar jamoasi 1 million pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi: Furqat Ismatov, Navoiy viloyati Zarafshon shahri

Boshlovchi: ekranga qarashingizni so‘raymiz.

Bu surat OAVda "Jang" sarlavhasi bilan tasvirlangan.

Diqqat savol: qanday jang deb nomlangan?

Javobni Alisher Orifjonov beradi: Bu suratda ko‘rib turganimizdek, orqasida Kapitoliy binosi turibdi. Balki bu surat demokratlar va respublikachilar o‘rtasidagi jang yoki ularning ramzi bo‘lgan "fillar" va "eshaklar" o‘rtasidagi jang deb nomlangan.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob 5 - 1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi: Abduhoshim Turg‘unboyev, Namangan viloyati

Boshlovchi: 1916 yilda AQShdagi bir bank qurilishiga 80 mingta g‘isht juda uzoq shtatdan olib kelingan. Arzon usulda.

Diqqat savol: bankka g‘ishtlar qanday olib kelingan?

Javobni Alisher Orifjonov beradi: Bu yilda har bir g‘isht donalab pochta orqali olib kelingan. Bu yuklab olib kelishdan arzonroq tushgan.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob 6 - 1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Foto: Zakovat

Eng yaxshi savol muallifi - Abduhoshim Turg‘unboyev

Abduhoshim Turg‘unboyev 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Foto: Zakovat

O‘yinning eng faol bilimdoni - Alisher Orifjonov

Alisher Orifjonov 10 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid