Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk bor O‘zbekiston qo‘shilgan xalqaro shartnomalari mamlakat huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi qayd qilindi. Shuningdek, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llanishi belgilandi.

Xalqaro huquq – O‘zbekiston qo‘shilgan Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining 29-moddasiga ko‘ra, har bir inson o‘z huquqi va erkinliklaridan foydalanishda o‘zgalarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, axloq, jamoat tartibi, umumfarovonligining odilona talablarini qondirish maqsadidagina qonunda belgilangan cheklanishlarga rioya etishi kerak.

Shuningdek, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktning 15-moddasiga ko‘ra, “hech kim … qonun hujjatlari yoki xalqaro huquqqa ko‘ra jinoyat hisoblanmagan harakati yoki xato ish qilib qo‘yganligi uchun jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilishi mumkin emas”;

Ushbu pakt 18-moddasida: “din yoki e’tiqod erkinligiga faqat qonun bilan belgilangan va jamoat xavfsizligini, tartibini, salomatligi va axloqini, shuningdek boshqa shaxslarning asosiy huquqlari va erkinliklarini muhofaza etish uchun zarur bo‘lgan cheklashlar belgilanishi mumkin”ligi qayd etilgan.

Xalqaro hujjatning 19-moddasida esa, “har bir inson hech bir to‘siqsiz o‘z fikriga sobit bo‘lish huquqiga egaligi” mustahkamlangan.

Ularni umumlashtirgan holda aytish mumkinki, insonning biror bir fikrlashi cheklanmaydi, faqatgina ushbu fikrni tarqatish qonunga binoan va mazkur Deklaratsiya va Paktda ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha cheklanishi mumkin. Biroq, bu cheklovlarga rioya qilmaslikning barchasi ham jinoiy javobgarlikka olib kelmaydi.

Bugungi axborot asrida shaxsning o‘z xususiy uyidan chiqmay, hech kim bilan yuzma-yuz ko‘rishib-gaplashmay, o‘z shaxsiy telefonida birgina qo‘l silkitish bilan anglab yoki anglamagan holda jinoyat qilish xavfi oshmoqda. Davlatlar uchun axborot xavflari, xususan diniy aqidaparastlik xavflar davlatning dunyoviy, diniy yoki boshqa ko‘rinishga ega bo‘lishidan qat’iy nazar yuzaga kelmoqda. Afsuski, tarixda, bugun va kelajakda ham bu kabi omillardan qarama-qarshi manfaatli tomonlar to‘xtovsiz foydalanadi. Shu sababli tegishli choralarni faqat qonun asosida “ho‘l-u quruqni” ajratib olgan holda amalga oshirish adolatdandir.