Jahon | 09:52 / 07.07.2023
6756
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyani Suriyadagi dronlarini ta’qib qilishni to‘xtatishga chaqirdi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Harbiy-havo kuchlari 24 soat ichida ikkinchi shunday hodisa haqida xabar berdi va bu barcha havo kemalarni xavf ostiga qo‘yganini ta’kidladi.

Foto: Smh

6 iyul, payshanba kuni AQSh Harbiy-havo kuchlari ma’lum qilishicha, Rossiya qiruvchi samolyotlari Suriya osmonida yana bir necha AQSh dronlariga xavfli darajada yaqin uchib o‘tib, ularni manyovr qilish va qochishga majbur qildi. Bu 24 soat ichida sodir bo‘lgan ikkinchi shunday hodisa.

«Biz Suriyadagi Rossiya kuchlarini bu beparvo xatti-harakatni to‘xtatishga va professional havo kuchlaridan kutilayotgan standartlarga rioya qilishga chaqiramiz, shunda biz yana bor e’tiborimizni IShIDni mag‘lub etishga qaratishimiz mumkin», — dedi Harbiy-havo kuchlari general-leytenanti Aleksus Grinkevich.

Harbiy havo kuchlari markaziy qo‘mondonligi matbuot kotibi polkovnik Maykl Endryusning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiyaning ta’qibi, jumladan, Su-34 va Su-35 qiruvchilarining yaqin masofadagi parvozlari, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri MQ-9 uchuvchisiz uchog‘i signal raketalarini otishi deyarli bir soat davom etdi». 

Avvalroq AQSh Harbiy-havo kuchlari chorshanba kuni yuz bergan voqea aks etgan videoni e’lon qilgan edi. Kadrlarda Rossiyaning Su-35 samolyoti Amerikaning MQ-9 Reaper samolyotiga yaqinlashganini ko‘rish mumkin. Keyin dronning parvoz yo‘li bo‘ylab harakatlanayotgan bir nechta parashyutli signal raketalari ko‘rsatilgan. Ikkinchi hodisada, «Rossiya samolyoti uchuvchisiz uchish qurilmalari oldiga signal raketalarini tashladi va xavfli darajada yaqin uchib o‘tdi, bu esa barcha havo kemalariga xavf tug‘dirdi», dedi Grinkevich. 

AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari, armiya generali Erik Kurilla Rossiyaning Suriyadagi havo hududini tozalash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni to‘xtatishi «eskalatsiya xavfini oshiradi» dedi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid