Jahon | 10:58 / 07.07.2023
12838
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko: «Vagner» Belarus himoyasi uchun jalb etilishi mumkin

Lukashenkoga ko‘ra, Yevgeniy Prigojin - Sankt-Peterburgda, u vagnerchilar rahbari yaqin orada o‘ldirilishi ehtimoliga ishonmaydi.

Foto: Reuters

Agar «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) Belarusda joylashtirilgan bo‘lsa, u mamlakatni himoya qilish uchun ishlatilishi mumkin. Bu haqda Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi. Uning 6 iyul, payshanba kuni aytgan so‘zlarini BelTA agentligi keltirdi.

«Ular Belarusda bo‘ladimi yoki yo‘qmi, qancha miqdorda - biz buni yaqin kelajakda aniqlaymiz. Biz ushbu bo‘linma bilan keyingi munosabatlarimiz haqida albatta xabar beramiz», dedi Lukashenko. 

«Men bu jangchilarning ma’lum sonini joylashtirganimizdan mutlaqo xavotirda emasman», - deya qo‘shimcha qildi Lukashenko. U agar bu sodir bo‘ladigan bo‘lsa, «muayyan sharoitlarda yuz berishini» ta’kidladi. 

«Asosiy shart shuki, agar biz ushbu bo‘linmadan davlat mudofaasi uchun foydalanishimiz kerak bo‘lsa (agar ular shu yerda bo‘lsa), u bir zumda istalgan yo‘nalishda faollashadi», dedi belaruslik Lukashenko. 

Shu bilan birga, Aleksandr Lukashenko isyon bilan bog‘liq vaziyat Belarusda takrorlanishi mumkin emasligini bildirdi: «Men «Vagner» qayerdadir qo‘zg‘alib, Belarus hukumati va Belarus davlatiga qarshi qurolini qaratadi deb o‘ylamayman». 

Lukashenkoning ishontirishicha, u Yevgeniy Prigojin bilan 5 iyul kuni telefon orqali gaplashgan va XHKning keyingi harakatlarini muhokama qilgan. Belarus rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Prigojin ozodlikda – Sankt-Peterburgda. «Balki u ertalab Moskvaga ketgandir», deya qo‘shimcha qildi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid