Jahon | 11:07 / 08.07.2023
13736
4 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda bank rahbari o‘rinbosari o‘ldirilgan. Uni olib qochishda ishtirok etgan bir necha kishi ushlangan

Tojikiston huquqni muhofaza qiluvchi organlarining tergov-surishtiruv tadbirlari natijasida «Oriyonbank» OAJ raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Ismatulloyevni o‘g‘irlagan jinoiy guruh aniqlangan. Uni Dilshod Saidmurodov tuzgan. Bu haqda Tojikiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘z rasmiy saytida ma’lum qilgan.

«Saidmurodov ushbu jinoiy rejani 2022 yil martida ishlab chiqqan va shu maqsadda 10 dan ziyod odamni qamrab olgan uyushgan jinoiy guruh shakllantirgan. O‘sha vaqtda ushbu jinoyatni Saidmurodov va uning jinoiy guruhiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli amalga oshirishning imkoni bo‘lmagan», — deyiladi xabarda.

Uyushgan jinoiy guruh a’zolari. Foto: Tojikiston Bosh prokuraturasi rasmiy sayti

Tojikiston Bosh prokuraturasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 23 iyun kuni soat 20 dan 10 daqiqa o‘tganda Dushanbe shahrining Zakariyo Roziy ko‘chasida Dilshod Saidmurodov o‘zining uyushgan jinoiy guruhining boshqa a’zolari — Rustam Ashurov, Shohrux Xo‘jayev, Akbar Ahmedov va boshqalar bilan imkoniyatdan foydalanib, Shuhrat Ismatulloyevni kuch ishlatib, mashinaga o‘tqazishadi va Varzob tumani, Chorbog‘ qishloq kengashi hududidagi Shodob-1 qishlog‘i tomonga olib borishadi.

«Ushbu shaxslar yuqorida nomi tilga olingan qishloqdagi uylardan birida Shuhrat Ismatulloyevni kuch ishlatib, elektroshoker, avtogen va boshqa vositalar yordamida qiynab, o‘ldirishadi. So‘ngra jinoyat izini yashirish maqsadida o‘ldirilgan Shuhrat Ismatulloyevning jasadini Dushanbe – Chanoq avtoyo‘lining 130-kilometrida Zarafshon daryosiga uloqtirishadi», — deb yozadi Tojikiston bosh prokuraturasi.

Uyushgan jinoiy guruh a’zolari. Foto: Tojikiston Bosh prokuraturasi rasmiy sayti

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, o‘sha kunning o‘zidayoq Dilshod Saidmurodov va Akbar Ahmedov Rossiyaga qochib chiqib ketishadi. Shohrux Xo‘jayev esa Turkiyaga. Rustam Ashurov ham 25 iyun kuni Turkiyaga yo‘l oladi, u yerdan 30 iyun kuni Moldovaga uchib boradi.

«[Kishinyov xalqaro aeroportida] Moldova chegarasini kesib o‘tish chog‘ida Rustam Ashurov qo‘lga olinadi va hibsga olinishdan va Tojikistonga ekstraditsiya qilinishidan cho‘chib, aeroportdagi huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlaridan birining to‘pponchasini egallab olib, otishma uyushtiradi. U ikki kishini o‘ldiradi va aksilterroristik operatsiya davomida yaralanadi. 3 iyul kuni olingan jarohatlari tufayli kasalxonada vafot etadi», — deb yozadi Bosh prokuratura.

Idoraning xabar berishicha, ayni paytda mazkur jinoyat yuzasidan uyushgan jinoiy guruhning 5 nafar a’zosi ushlangan. Ularning ismlari ma’lum qilinmayapti.

«Xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan birgalikda boshqa jinoyatchilarni ham ushlab, javobgarlikka jalb qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda. Shuhrat Ismatulloyevning jasadi hanuz topilmagan», — deya muxtasar qilgan Tojikiston Bosh prokuraturasi o‘z xabarini.

Bankir Shuhrat Ismatulloyevning jasadini 23 iyundan buyon qidirishmoqda. Foto: asia-plus.tj

Asosiy savol — bankir Shuhrat Ismatulloyevni nega o‘g‘irlab ketilgani va o‘ldirilgani borasida Bosh prokuratura xabarida javob berilmagan.

  • Avvalroq Moldova Respublikasi poytaxti Kishinyov aeroportida otishma uyushtirib, ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan tojikistonlik 43 yoshli Rustam Ashurov yarador qilinib, qo‘lga olingani, so‘ngra u olgan jarohatlaridan hushiga kelmay vafot etgani ma’lum qilingan edi.
  • Ijtimoiy tarmoqlarda Rustam Ashurovning Kishinyov aeroportida turib onasi bilan so‘zlashgani tasviri paydo bo‘lgan edi. Unda u onasiga 100-200 mln dollar uchun bir insonni o‘g‘irlab o‘ldirishda ishtirok etganiga iqror bo‘lgan.

Mavzuga oid