Jahon | 10:06 / 10.07.2023
4495
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Germaniya Ukrainaning NATOga kirishini kechiktirmoqchi

NATOning Vilnyusdagi sammitida Berlin alyans a’zolarini Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlariga e’tibor qaratishga chaqiradi, deb yozadi The Telegraph.

Foto: Getty images

Germaniya hukumati 11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida Ukrainaning alyansga kirishini keyinga surishni talab qiladi. U bu qadam Rossiya bilan urushga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Bu haqda 8 iyul, shanba kuni The Telegraph gazetasi NATOdagi manbasiga tayanib xabar berdi.

Nashr suhbatdoshiga ko‘ra, bo‘lajak uchrashuv chog‘ida Berlin ittifoqchilarni Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish takliflariga emas, Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini berishga e’tibor qaratishga chaqiradi. 

«Berlin zudlik bilan a’zolikni taklif qilish istiqbolidan qaytmoqda. A’zolikni mohiyatan bloklash, shuningdek, xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqish uchun jarayon va vaqt kerak», - dedi manba. Uning qo‘shimcha qilishicha, Berlin Rossiya prezidenti Vladimir Putin NATOning Kollektiv mudofaa to‘g‘risidagi Nizomining «5-moddasini sinovdan o‘tkazib ko‘rishini» istamaydi. 

The Telegraph nashrining yozishicha, AQSh, Buyuk Britaniya va YeI davlatlari ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqmoqda, bu ularning fikricha, NATOga a’zo bo‘lmagan taqdirda Ukrainani himoya qilishga yordam beradi. Biroq Sharqiy Yevropaning ayrim yetakchilari, jumladan, Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas Vilnyusdagi sammitda Ukrainaga alyansga a’zolik bo‘yicha yo‘l xaritasi taqdim etilishi kerak, deb hisoblaydi. 

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaning NATOga qo‘shilishini hali ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan masala, deb atagan edi. U Kiyevga Isroil misolida xavfsizlik kafolatlarini, ya’ni moddiy yordam ajratishni taklif qildi. 

 

Mavzuga oid