Jamiyat | 10:27 / 10.07.2023
12901
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘lovchi avtobusida yong‘in sodir bo‘ldi

147-yo‘nalishdagi Mercedes-Benz rusumli avtobusda chiqqan yong‘inga elektr simlaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘ldi. Jabrlanganlar yo‘q.

Foto: Videodan kadr

Bugun, 10 iyul kuni soat 06:51 da Toshkent shahar Chilonzor tumani «Beshqo‘rg‘on» MFY, THAY ko‘chasida 147-sonli «Chorsu bozori va Chinni bozor» yo‘nalishida harakatlangan Mercedes-Benz rusumli avtobusning motor qismida yong‘in yuzaga kelgan.

Shunga ko‘ra, 1 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yong‘in joyiga soat 07:00 da yetib borgan. 

Yong‘in ekipaj borgunga qadar bozor hududiy yong‘in o‘chirish ekipaji va birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari yordamida o‘chirilgan. 

Yong‘in taxminan elektr simlaridagi qisqa tutashuv natijasida sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.

«Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy izoh berib, yong‘in sababini tasdiqladi.

«18-Avtobus saroyi filialiga biriktirilgan, saroy raqami 652-bo‘lgan, 147-sonli avtobus (2013 yilda ishlab chiqarilgan, 909 777 km masofa yurgan) THAY ko‘chasi bo‘ylab «Chinni bozori» tomonga harakatlanayotgan vaqtda avtobusning orqa qismidagi elektr o‘tkazish simlarining kuchlanishi natijasida tutashuv sodir bo‘lgan.

Mazkur hodisa avtobus haydovchisi G‘.U tomonidan darhol aniqlanib, avtobus ichida bo‘lgan yo‘lovchilar zudlik bilan avtobusdan tushirilgan va ushbu holat tezkorlik bilan bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida yo‘lovchilarga zarar yetmagan. 

Hozirda ushbu avtobus shatakka oluvchi maxsus transport vositasi yordamida 18-Avtobus saroyi filialiga olib kelingan bo‘lib, texnik xodimlar tomonidan avtobusning texnik nosozligi bartaraf etilib, tez kunlarda yo‘nalishga chiqarish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qilamiz», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid