Jahon | 09:16 / 11.07.2023
6526
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil parlamenti sud islohotining birinchi qismini birinchi o‘qishda qabul qildi

Isroilda «oqilonalik standarti» – Oliy sudning hukumat qarorlarini qayta ko‘rib chiqish huquqini bekor qiluvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Foto: MARC ISRAEL SELLEM/THE JERUSALEM POST

Knesset (Isroil parlamenti) Oliy sud vakolatlarini cheklash va butun mamlakat bo‘ylab ommaviy noroziliklarni keltirib chiqargan sud-huquq islohotlari paketining birinchi qonun loyihasi uchun birinchi o‘qishda ovoz berdi. Bu haqda 11 iyul, seshanba kuni The Jerusalem Post xabar bermoqda.

Birinchi o‘qishda «oqilonalik standarti» deb atalmish – Oliy sudning hukumat qarorlarini asossiz deb hisoblagan holda qayta ko‘rib chiqish huquqini bekor qiluvchi qonun loyihasi qabul qilindi. Knessetning 64 nafar deputati bunday huquqning bekor qilinishi uchun ovoz berdi, 56 nafari qarshi chiqdi. 

Endi qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda ovoz berishga qaytishdan oldin qayta ko‘rib chiqish uchun Knesset qo‘mitalariga yuborilishi kutilmoqda, deb yozadi The Jerusalem Post. 

«Rostini ayting. Bu qonun sizga sudlangan vazirni tayinlash imkonini beradi. Hukumatga qarshi chiqqan har bir kishini hibsga olish uchun order yuborishga ruxsat beruvchi qonun. Bu qonun sizga bosh prokurorni ishdan bo‘shatish imkonini beradi. Sizning xo‘jayiningiz Netanyaxuga (bosh vazir) kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borish imkonini yaratadi», - deya ovoz berish natijalariga izoh berdi muxolifat lideri va Knesset a’zosi Yair Lapid. 

Knessetning Konstitutsiya, qonunchilik va adliya qo‘mitasi raisi Simxa Rotman qonun loyihasini taqdim etar ekan, uni «muvozanatli va mas’uliyatli» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi «standart» Oliy sudga haddan tashqari keng vakolatlar beradi. 

Avvalroq, muxolifat birinchi o‘qish muvaffaqiyatli o‘tsa, 11 iyul kuni ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazishga va’da bergan edi. Aksiyalar, jumladan, Tel-Aviv markazida va Ben Gurion aeroportida rejalashtirilgan. Yarim yildan ortiq davom etayotgan haftalik norozilik namoyishlaridan farqli ravishda tashkilotchilar «Isroil jamiyatining turli qismlarini ish tashlashga», universitetlar, kompaniyalar va savdo markazlarini yopishga chaqirmoqda. 

Mavzuga oid