Jahon | 22:39 / 12.07.2023
15737
3 daqiqa o‘qiladi

G7 davlatlari Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari haqida bayonot berdi 

«Katta yettilik» davlatlari Ukrainaga «doimiy» harbiy yordam ko‘rsatishga va’da berdi. 

Foto: Reuters

«Katta yettilik» (G7, norasmiy xalqaro klub, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya va Yaponiyani birlashtiradi) davlatlari Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari haqidagi bayonotni qabul qildi va mamlakatga «doimiy» harbiy yordam ko‘rsatishga va’da berdi. Bu haqda Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida AQSh prezidenti Jo Bayden va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan qo‘shma brifingda ma’lum qildi. 

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, G7 davlatlari Ukraina bilan «hozirgi vaqtda Ukrainani himoya qilishga va kelajakda Rossiya tajovuzini to‘xtatishga» qodir qo‘shin yaratish uchun «ikki tomonlama, uzoq muddatli xavfsizlik bo‘yicha aniq majburiyatlar va kelishuvlar» ustida ishlashga va’da bergan. 

«Katta yettilik» Ukraina qo‘shinlarini «quruqlikda, havoda va dengizda ustunlik beruvchi zamonaviy harbiy texnika» bilan ta’minlamoqchi ekanini ma’lum qildi. 

«Havo hujumidan mudofaa, artilleriya va uzoq masofaga uchuvchi raketalar, zirhli texnika va jangovar samolyotlar kabi boshqa muhim imkoniyatlarga ustunlik beriladi», deyiladi bayonotda. 

«Katta yettilik» davlatlari agar Rossiya hukumati joriy mojaro yakunidan keyin yangi urush boshlasa, Ukrainaga «kelajakda Rossiya tomonidan qurolli hujum sodir bo‘lgan taqdirda» tezkor harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishga, shuningdek, «Rossiya zimmasiga iqtisodiy va boshqa xarajatlarni yuklashga» va’da berdi. 

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermakning aytishicha, deklaratsiyaning o‘zi keyingi hujjatlar uchun asos bo‘la oladi. Navbatdagi bosqichda Ukraina xavfsizlik kafillari bilan ikkitomonlama shartnoma tuzishi kerak. 

«Deklaratsiyaning asosiy tezisi Ukraina xavfsizligi Yevro-Atlantika mintaqasi xavfsizligining tarkibiy qismi ekanligini tasdiqlashdir», dedi Yermak. 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq G7 tomonidan Ukrainaga kafolatlar berilishi «Rossiya xavfsizligiga tajovuz ekani» va bu «salbiy oqibatlarga olib kelishini» aytgan edi.

Mavzuga oid