18:00 / 13.07.2023
7284

O‘zbekistonda 2022 yilda qurilgan qariyb 500 ta binoning zilzilaga bardoshliligi tekshirilmagan 

Bosh vazir bu boradagi ishlarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Andijon va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahri hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlariga intizomiy jazo qo‘llashni topshirdi. 

Foto: KUN.UZ

Kun.uz ixtiyoriga Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan seysmik faol zonalarda yangi qurilayotgan obektlar ishga tushirilganida ular majburiy tartibda zilzilabardoshlilikka doir instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazilish ijrosiga oid hujjat kelib tushdi. Unda mavzu tanqidiy tahlil qilingan.

Hujjatda ko‘rinishicha, 2022 yilda respublika bo‘yicha 4744 ta bino va inshootlar qurib foydalanishga topshirilgan. Ularning 497 tasi zilzilaga bardoshliligi tekshirilmagan. Xususan, seysmik faol zonada joylashgan Namangan viloyatida 51 ta, Farg‘onada 35 ta, Toshkent viloyatida 123 ta, Sirdaryo viloyatida 40 ta, Samarqand viloyatida 26 ta, Buxoro viloyatida 67 ta, Navoiy viloyatida 49 ta hamda Toshkent shahrida 38 ta III-IV toifadagi bino va inshootlar zilzilabardoshlilik bo‘yicha instrumental texnik-tekshiruvdan o‘tkazilmagan. 

Ma’lum qilinishicha, 2023 yilda respublikada 8877 ta bino va inshoot quriladi. Shundan 1706 tasining zilzilaga bardoshliligi tekshirilishi talab etiladi. 

Bosh vazir Andijon va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahri hokimlariga qurilayotgan yuqori qavatli binolarni bir oy muddatda vibrodinamik uskuna yordamida sinovdan o‘tkazishni hamda ushbu hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlariga intizomiy jazo qo‘llashni topshirgan. 

Top