Jahon | 09:01 / 14.07.2023
5726
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament o‘q-dorilar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi rejani tasdiqladi

Yevrodeputatlar o‘rta va uzoq muddatda Ukrainaga yetkazib berish uchun Yevropa Ittifoqida o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va o‘z zaxiralarini to‘ldirish rejasini qo‘llab-quvvatladi. 

Foto: Lionel Bonaventure/AFP

Yevropa Ittifoqi parlamenti 13 iyul, payshanba kuni Yevropa Ittifoqi kengashi bilan muzokaralardan so‘ng o‘q-dori ishlab chiqarish rejasini (Act in Support of Ammunition Production, ASAP) amalga oshirish uchun ovoz berdi. Qonun 505 ovoz bilan qabul qilindi, 56 deputat qarshi chiqdi, 21 deputat betaraf qoldi. Endi uni Yevropa Ittifoqi Kengashi ham tasdiqlashi kerak. 

«NATOning Vilnyus sammiti kontekstida bugungi ovoz berish Yevropa xavfsizligi va mudofaasi yo‘lidagi yana bir qadam hamda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimizga yana bir aniq signaldir», dedi ruminiyalik deputat, Yevroparlamentning muzokaralar guruhi rahbari Kristian-Silviu Bushoy.

Muzokaralar davomida parlamentariylar qonun loyihasiga ushbu qonunga muvofiq moliyalashtiriladigan o‘q-dorilar Ukrainaga eksport cheklovlarisiz yetkazib berilishi kerakligi haqidagi tahrirni kiritishga erishdi, biroq bu masala bo‘yicha yakuniy qaror Yevropa Ittifoqi davlatlarining milliy organlarida qoladi. Shuningdek, deputatlar loyihalar ko‘lamini kengaytirib, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishning yuqori stavkasini olish huquqini ta’minladi, deb xabar qildi Yevroparlament matbuot xizmati. Muzokaralar 1 iyundagi ovoz berishdan keyin boshlandi va joriy sessiyaga bir necha kun qolganda yakunlandi. 

«Asosiy farq shundaki, muzokaralar oldidan qonun loyihasining asl matnida Yevrokomissiya tomonidan Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida o‘q-dorilarga bo‘lgan talab monitoringi bo‘yicha band mavjud edi. Hozirgi versiyada u yo‘q», - deydi Yevropa parlamenti matbuot kotibi Batist Shaten DW nashriga. Yevropa Ittifoqi ushbu jihatni ko‘rib chiqish va qonunchilikni shakllantirishga ko‘proq vaqt ajratishga qaror qildi. 

Dastlab, taklif Yevropa Komissiyasidan kelgan va Yevropa Ittifoqida mudofaa sanoatining «yer-yer» sinfidagi o‘q-dorilar, artilleriya snaryadlari va raketalarni yetkazib berish qobiliyatini zudlik bilan oshirish choralarini o‘z ichiga olgan. 2025 yilning 30 iyuniga qadar ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun YeI mablag‘laridan 500 million yevro sarmoya kiritish rejalashtirilgan. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, mavjud quvvatlarni optimallashtirish, kengaytirish, modernizatsiya qilish yoki qayta yo‘naltirish, xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, transchegaraviy sanoat hamkorligini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklikni tashkil etish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid