Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI moliya kengashi Ukrainaga yordam berishni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi
Bryusselda Yevropa Ittifoqi moliya vazirlari Yevrokomissiyaning kelgusi 4 yil uchun YeI budjeti doirasida Ukrainaga 50 milliard yevrolik yordam jamg‘armasini yaratish taklifi bo‘yicha ishni davom ettirishga qaror qildi.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari moliya vazirlari 14 iyul, juma kuni Ukrainaga 50 milliard yevrolik yordam jamg‘armasi tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladi va buni ustuvor masala deb atadi. Bryusselda bo‘lib o‘tgan dastlabki muhokamada ular bir ovozdan Kiyevga moliyaviy yordamni davom ettirish tarafdoriga aylandi. Bu haqda 1 iyuldan YeI kengashiga raislik qilayotgan Ispaniya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri Nadya Kalvino ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ispaniyaning YeI kengashidagi maqsadi - 2024 yil yanvarigacha Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha barqaror tuzilmani yaratishga erishish va Yevrokomissiyaning yangi jamg‘arma bo‘yicha taklifi hali texnik jihatdan ishlab chiqilishi kerak.
2024-2027 yillarda Kiyevga yana 50 milliard yevro ajratiladigan rejani Yevropa komissiyasi 20 iyun kuni taqdim etgan edi. Jamg‘armaning tashkil etilishi haqida uning rahbari Ursula fon der Lyayyen ma’lum qildi. «Ushbu zaxira, birinchi navbatda, Ukrainadagi hamkorlarimiz uchun ishonchni ta’minlaydi. Bu boshqa donorlarning faolligini ham rag‘batlantirishi kerak», dedi u va yangi jamg‘arma YeIga urushda talab qilinadigan moslashuvchanlik bilan harakat qilish imkonini berishini ta’kidladi.
Rejalashtirilgan miqdor keyingi to‘rt yil ichida Ukrainaning barcha prognoz qilingan ehtiyojlari taxminan 45 foizini qoplashi kerak, humanitar va harbiy ehtiyojlar bundan mustasno. Yevropa komissiyasi vakillariga ko‘ra, jamg‘arma taxminan 17 milliard yevro grant va 33 milliard yevro kreditdan iborat bo‘ladi, ammo grantlar va kreditlarning aniq yillik ulushi har yili standart budjet bir qismi sifatida Yevropa parlamenti va YeI kengashi tomonidan belgilanadi.
Mablag‘larning katta qismi - 39 milliard yevro grant va kreditlar Ukraina davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. 8 milliard yevro Ukrainaga sarmoya kiritish uchun kafolatlar va shart-sharoitlar yaratish uchun mo‘ljallangan, yana 3 milliard yevro esa mamlakatga texnik yordam ko‘rsatish uchun ajratilgan. Paketning asosiy vazifalari: Ukrainani rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, Yevropa Ittifoqiga kirish yo‘lidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, davlat xizmatlarini uzluksiz ko‘rsatish, ijtimoiy nafaqalar, maktablar va shifoxonalar uchun davlat mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojni qoplash, investitsiyalarni safarbar qilish, xususiy sektorda iqtisodiyotni tiklash va urushning ijtimoiy oqibatlarini bartaraf etishda Ukraina jamiyatiga yordam berish.
Yevrokomissiya rejasi Ukraina hukumati bilan kelishilishi kerak, dedi Bryusseldagi brifingda Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiysi. «Bu Yevropa Ittifoqining tarixdagi eng yirik moliyaviy vositasi bo‘lib, uchinchi davlat uchun mo‘ljallangan», — dedi u.