Jahon | 10:30 / 17.07.2023
3657
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyaning Palma orolida yong‘in tufayli 4000 kishi evakuatsiya qilindi

Yevropa janubidagi g‘ayritabiiy issiqlik tufayli Ispaniyada 66 ming gektar maydonni qamrab olgan o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda.

Foto: Europa Press/EUROPA PRESS/dpa/picture alliance

Bir kun avval o‘rmon yong‘ini sodir bo‘lgan Ispaniyaning Kanar orollari arxipelagidagi Palma orolida 4000 dan ortiq odam evakuatsiya qilindi. Bu haqda 16 iyul, yakshanba kuni mahalliy hokimiyat xabar berdi.

Yong‘inlarni o‘chirishga 300 ga yaqin o‘t o‘chiruvchilar, shuningdek, 11 vertolyot va samolyotlar jalb etilgan. «Yong‘in shamol, iqlim sharoiti va issiqlik tufayli juda tez tarqaldi», dedi Kanar orollari mintaqaviy hukumati prezidenti Fernando Klavixo o‘z bayonotida. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, 4700 gektardan ortiq maydon yong‘indan zarar ko‘rgan.

Yong‘in ertalab Punta Gorda shahri yaqinidagi o‘rmonzorda boshlangan. Qo‘shni Tixarafe munitsipaliteti meri TVE telekanaliga aholining bir qismi ham evakuatsiya qilinganini aytdi.

Yevropa o‘rmon yong‘inlari axborot tizimi (EFFIS) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Ispaniyada 500 ga yaqin o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lib, ular 300 ming gektardan ortiq o‘rmonni yo‘q qilgan, bu Yevropadagi eng yomon ko‘rsatkich. EFFIS’ga ko‘ra, 2023 yilda Ispaniyadagi yong‘inlar 66 ming gektar yerni qamrab olgan. 

So‘nggi kunlarda Yevropa janubiy qismida haddan tashqari issiq harorat kuzatildi. Italiya va Ispaniyada havo harorati Tselsiy bo‘yicha 40 darajadan oshdi. Meteorologlar ma’lumotlariga ko‘ra, iyun allaqachon Yevropada rekord darajadagi eng issiq oyga aylandi, deb ta’kidlaydi Bloomberg. 

Ispaniya Davlat meteorologiya agentligi (AYeMeT) kelasi hafta mamlakatga yangi issiq harorat fronti kirib kelishini e’lon qildi. Ispaniya va Italiya janubida, shuningdek, Gretsiya va Turkiya g‘arbiy qismida havo harorati Tselsiy bo‘yicha 40 darajaga, ba’zi hududlarda esa 44 darajaga yetadi. 

Mavzuga oid