Jahon | 21:10 / 20.07.2023
37731
14 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: urush tabiati yana o‘zgardi

Rossiya qo‘mondonligi endi Ukraina qurolli kuchlarining navbatdagi hujum harakatlarini kutib o‘tirmayapti va o‘zi faollashmoqda. Ikki tomonning ham maqsadi - bir-birini holdan toydirish.

Ukrainaning qarshi hujumi boshlanganidan bir yarim oy vaqt o‘tganidan keyin Rossiya qo‘mondonligi bundan buyon shunchaki passivlik bilan Ukraina qurolli kuchlarining yangi zarbalarini kutib o‘tirmaslik kerak, degan qarorga keldi. Bungacha RF qurolli kuchlari ukrain armiyasi himoyada qolgan yo‘nalishlarda kichik kuchlar orqali alohida zarbalar berish bilan cheklanayotgandi. Endilikda rossiyaliklarning turli yo‘nalishlardagi zarbalari sinxron olib borilmoqda va bu hujumlarda ishtirok etayotgan kuchlar soni oshirilgan. Katta ehtimol bilan, Rossiya mudofaa vazirligi endi Ukraina qurolli kuchlari mamlakat janubi yoki Baxmut hududidan boshqa qayerdadir kutilmaganda asosiy zarba berib qolishidan xavotirlanmayapti. Endi yuqori intensivlikdagi janglar deyarli butun front chizig‘i bo‘ylab ketmoqda — Xarkiv oblastining Rossiya bilan chegarasidan tortib Xerson atrofigacha. 

Tomonlarning har biri tomonidan tutashuv chizig‘ining turli uchastkalarida amalga oshirilayotgan bunday lokal yurishlarning barchasi aniq strategik maqsadlarni ko‘zlamaydi. Ammo ularning barchasi birgalikda — sillani quritishga qaratilgan urushning navbatdagi bosqichining bir qismidir. Ikki raqib ham bu yozda imkon qadar ko‘proq texnika va jonli kuchlarini yo‘q qilish uchun bir-birining zaxiralarini jangga jalb etishga umid qilmoqda. Frontning narigi tomonidagi kuchlar quriganida esa, yana o‘z kuchlarini jamlash va strategik vaziyatni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yurish boshlash haqida o‘ylash mumkin bo‘ladi.

Ukraina janubi

Ukraina qurolli kuchlari o‘z pozitsiyalarini Rossiya istehkomlaridan ajratib turgan besh-olti kilometr kenglikdagi polosadan, RF qurolli kuchlarining birinchi mudofaa chizig‘idan o‘tishga urinishda davom etmoqda. Bu minalangan dalalardan iborat, ahyon-ahyonda rossiyaliklarning tankka qarshi raketa komplekslari va qishloqlardagi kichik garnizonlari uchraydigan «hech kimga qarashli bo‘lmagan» hududdir. Bu hudud hamon ukrain armiyasi tomonidan oxiriga qadar bosib o‘tilmadi.

  • Zaporijjya oblasti g‘arbida (Dnipro daryosining chap sohili) Ukraina qurolli kuchlari ikki qishloq, Lobkove va Pyatixatki qishloqlarini ozod etib, RF qurolli kuchlarining janubi-g‘arbda joylashgan qo‘shni Jyerebyanki qishlog‘idagi tayanch punktlariga bostirib kirishgan. Pyatixatki tomondan bu yo‘nalishda oldingi siljishga qaratilgan har kungi urinishlar hozircha samara keltirmayapti. Noma’lum sababga ko‘ra, Ukraina QK qo‘mondonligi hamon bu hududdagi asosiy zarba yo‘nalishini o‘zgartirishga harakat qilmayapti. Katta ehtimol bilan, baribir shunday qaror qabul qilingan: ukrain qo‘shini Dnipro sohilidan — Kamenskiy (Ukraina QK nazoratida) va Vasilyivka (RF QK nazoratida) o‘rtasidagi hudud bo‘ylab harakatlana boshlagan.
  • Orixiv yo‘nalishida, olti haftalik janglardan keyin, Ukraina qurolli kuchlari guruhi ko‘p miqdordagi texnikalarini yo‘qotish evaziga RF qurolli kuchlarining Robotinedagi oldingi pozitsiyalaridan ajratib turgan 7–10 kilometr kenglikdagi polosani ortda qoldirgan. Asosiy yutuqlarga yangi taktikaga o‘tish hisobiga erishilgan: endilikda ukrain harbiylari zirhli texnikalarni mudofaani yorib o‘tish uchun qo‘llamayapti, ulardan piyodalarni tashish, qo‘shimcha kuchlar, o‘q-dorilar yetkazish hamda yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun «taksi» sifatida foydalanilmoqda. Askarlar zirhli texnikalardan tushganidan keyin raqibning ichkari hududida piyoda harakatlanib, Robotine tomon yo‘lda asta-sekinlik bilan yangi o‘rmonzorlarni egallamoqda. Bu zirhli texnikalardagi yo‘qotishlarni iyun oyidagi bilan taqqoslaganda sezilarli darajada kamaytirishga (lekin yo‘qotishlar yo‘q emas) imkon beradi. Shu bilan bir vaqtda, ukrain artilleriyasi va dronlar operatorlari rossiyaliklarning ichki hududlardagi texnikalari va ta’minot karvonlarini yo‘q qilish ustida ishlamoqda. Rossiya artilleriyasi ham xuddi shunday javob qaytarishga urinmoqda. Shubhasiz, bunday taktika chuqur yorib kirishni ko‘zda tutmaydi: raqiblar har bir o‘rmonzor uchun janglarda raqibning kuchi o‘zinikidan tezroq tugashiga umid qilgan holda bir-birini holdan toydiradi.
  • Velika Novosilka hududi. Ukraina qurolli kuchlari iyun oyida Mokri Yali daryosi vodiysida bir qancha qishloqlarni ozod etgan, ammo bu tor uchastkada harakatini davom ettira olmagandi: ularni minalangan maydonlar, tankka qarshi raketa komplekslari pozitsiyalari, vertolyotlardan raketa zarbalari hamda Urojayne va Staromayorske qishloqlaridagi garnizonlar qarshi oldi. Ukraina qurolli kuchlari janubga yurishda davom etishi uchun daryo vodiysidan g‘arbdagi tepaliklarni egallash talab etilardi. Va ular buni uddalashdi: iyul oyi boshida Rovnopil qishlog‘i ozod etildi, shundan keyin ukrain qo‘shini undan janub tomon bir necha kilometr ilgariladi va Staromayorskening shimoli-g‘arbida paydo bo‘ldi. Shu haftada boshlangan qishloq shturmi hozircha muvaffaqiyat keltirmayapti: piyodalarni Staromayorske chetiga olib kelgan zirhli texnikalar rossiyaliklar artilleriyasi zarbalariga duchor bo‘lmoqda.

Baxmut

  • Ukraina qurolli kuchlari RF qurolli kuchlarining Baxmutdan shimol va janubdagi pozitsiyalarini yorib o‘tish uchun navbatdagi urinishlarini amalga oshirdi. Janubda bu urinish deyarli muvaffaqiyatli chiqdi: ukrain bo‘linmalari Kleshchiyevka posyolkasi atrofidagi tepaliklarda o‘zlari tomonidan Rossiya bosqinidan oldinroq barpo etilgan yirik istehkomlarga kirib kelishdi. Istehkomlar shturm qilib egallangandi, ammo keyin Ukraina qurolli kuchlari qismlari RF qurolli kuchlari artilleriyasi tomonidan yoppasiga o‘qqa tutildi va katta yo‘qotishlarga uchradi (ukrain pozitsiyalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba kelib tushgan bir qancha vaziyatlar videolarda muhrlangan). Ukrain qismlari Kleshchiyevka chekkasida qanchalik mustahkam o‘rnashib qolgani hozircha ma’lum emas. Bu jangdagi g‘alaba Ukraina qurolli kuchlariga Baxmutdan janubdagi hududlar va shaharni Luhansk oblasti bilan bog‘lovchi trassalar tomon yo‘l ochishi mumkin.
  • Baxmutdan shimolda Ukraina qurolli kuchlari Berxivka va Yahidne posyolkalarini egallashga harakat qilmoqda, ammo yangi pozitsiyalarda o‘rnashib qolishning imkoni bo‘lmayapti: ukrain bo‘linmalari yoppasiga artilleriya zarbalariga duchor bo‘lib, chekinishga majbur bo‘lgan. Ammo ukrain qo‘mondonligi Rossiya mudofaasini aynan Berxivka va Kleshchiyevka atrofida «kemirish»ga urinishda davom etmoqda. Buning uchun ukrainlar rossiya artilleriyasini front chizig‘i ichkarisidagi pozitsiyalarga zarba berib bostirishga harakat qilmoqda; Ukraina qurolli kuchlari tomonidan e’lon qilingan o‘nlab videolarda barcha zarba berish vositalari — kamikadze dronlardan tortib HIMARS raketalarigacha qo‘llanayotganini ko‘rish mumkin.

  • Umuman olganda, Baxmut atrofida harakatga keltirilgan kuchlar ikki tomonda ham o‘smoqda: RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi zaxiralarini Berxivka va Kleshchiyevkaga tashlashda davom etmoqda (Ukraina janubidagi frontda esa bu hol kuzatilmayapti, janubda Rossiya armiyasi hozircha operativ zaxiralarni ishga solmasdan ham mudofaani ushlab turibdi). Baxmut yo‘nalishida «Vagner» XHK o‘rniga joylashtirilgan guruh «LXR» va G‘arbiy harbiy okrugning havo desant qo‘shinlari polklari hamda motoo‘qchi brigadalaridan iborat «terma jamoa»ni tashkil etadi. Boshqa xususiy harbiy kompaniyalardan bo‘lgan alohida batalonlar va mudofaa vazirligi yollagan mahbuslardan tuzilgan «shturmoviklar» ham ular bilan birga jang qilmoqda.

Boshqa yo‘nalishlar

  • Iyul oyi o‘rtalarida RF qurolli kuchlari frontning butun shimoliy uchastkasida davlat chegaralaridan Shimoliy Don daryosi bo‘yidagi o‘rmonlarga qadar bo‘lgan hududda yana hujum amaliyotlarini boshladi. To‘g‘ri, bu yagona operativ rejaga ega bo‘lgan hujumga o‘xshamaydi, balki faqat ma’lum vaqt bo‘yicha muvofiqlashtiriladigan davomli lokal hujumlardir.
  • Ukraina qurolli kuchlarining muhim logistik markaziga aylangan Kupyansk shahridan shimolda RF qurolli kuchlari G‘arbiy harbiy okrugi qismlari hujum qilmoqda. Rossiya mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, ular Movchanove temiryo‘l stansiyasini egallashga muvaffaq bo‘lgan. Bunga dalil keltirilmagan — va yodda tutish kerakki, Rossiya qo‘shinlarini qishdayoq ushbu stansiya yaqinidagi Liman Pershiy posyolkasida payqashgandi. Nima bo‘lganda ham, bu uchastkada ilgarilash ro‘y bergan bo‘lsa ham, u juda kamtarona bo‘ladi.
  • Janubroqda boshqa bir temiryo‘l stansiyasi — Kuzemovka va unga qo‘shni bo‘lgan posyolka, Ukraina qurolli kuchlari qishda og‘ir janglardan keyin ozod etilgan Novoselivske uchun jang ketmoqda. Endi Rossiya kuchlari — mahbuslardan iborat «shturmoviklar» — hududni nazorat qilish uchun qulay bo‘lgan tepalikda joylashgan Novoselivskeni yana bir bor egallashga urinmoqda. Rossiya kuchlari Kuzemovka stansiyasini egallagani va yana bir necha yuz metrga ilgarilagani aniq, ularning keyingi harakati qanday kechgani haqida ma’lum emas.

  • Rossiya qo‘shinlari Svatove yo‘nalishida ham ilgarilamoqda: ular Jyerebets daryosini kechib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan (aynan qayerdan ekani — noma’lum) va g‘arbiy sohilda bir kilometr ichkarida platsdarm tiklashgan. Tarqalgan videolarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari ularni bu platsdarmdan siqib chiqarish uchun qarshi hujum uyushtirishga harakat qilmoqda. Ammo amalda bu platsdarm ukrain armiyasi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri operativ tahdid tug‘dirmaydi: bu janglarda ishga solingan kuchlar katta emas.
  • Yanada janubroqda — Torske va Kreminna o‘rmonlari hududida — RF qurolli kuchlarining yirik kuchlari yurishi qaytadan boshlangan. Ular hozircha ko‘p narsaga erishmagan: hujum qilayotganlar Shimoliy Don bo‘yidagi ulkan o‘rmonda bir necha so‘qmoqlarni nazorat ostiga olishgan va Ukraina qurolli kuchlari uchun Jyerebetsdan o‘tishda o‘ta muhim bo‘lgan kechuv joylashgan Torske shaharchasi tomon bir necha yuz metrga siljigan.
  • Ko‘rinib turibdiki, bu lokal hujumlardan maqsad — ukrainlar mudofaasini qulatish emas (yurishlarda juda kichik kuchlar ishtirok etmoqda), balki Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujum nisbatan muvaffaqiyatli kechayotgan Baxmut yo‘nalishiga tashlanishi mumkin bo‘lgan zaxiralarini «band qilish» sanaladi. Qishda (Baxmut «Vagner» XHK tomonidan shturm qilinganida) ham Rossiya qo‘mondonligi mudofaachilarni zaiflashtirish uchun shu kabi hujumlarni amalga oshirgan, ammo muvaffaqiyat qozona olmagandi: o‘shanda Ukraina qurolli kuchlari baribir shimoldan zaxira kuchlarni olib, Baxmut mudofaasini kuchaytira olgandi. Bu holatda reja ish berishi shubha ostida: bu maqsadga erishish uchun RF qurolli kuchlari hujumlarda kattaroq kuchlarni jangga tashlashiga to‘g‘ri keladi (katta ehtimol bilan, ularda ortiqcha kuch yo‘q). Agar Rossiya qo‘mondonligi (rejalashtirganidek) yangi qo‘shma armiya va yangi armiya korpusi tuzib, ularni qurollantira olsa, vaziyat kuzga borib o‘zgarishi mumkin.
  • Rossiya qo‘mondonligi Ukraina qo‘shinlarini mamlakat janubidagi janglardan ham chalg‘itmoqchi. Buning uchun Avdiyivkadan shimolda va Maryinka shimolidagi Krasnohorivka hududiga yurishlar tashkillashtirildi. Ikki holatda ham dastlabki yutuqlar va ukrainlarning pozitsiyalari egallanganidan keyin Rossiya bo‘linmalari ukrainlarning yoppasiga artilleriya zarbalari ostida qoldi — xuddi ukrain qismlari Baxmut va Rabotine atrofida tushgan holatdagi kabi. Ikki yo‘nalishdagi vaziyat ham ayon emas.
  • Nihoyat, Ukraina qurolli kuchlari, aftidan, frontda nisbatan tinch bo‘lib turgan uchastkani ham «jonlantirish»ga qaror qilgan va Vuhledardan janubda hujumga o‘tgan. Hozircha bu hujum qanday rivoj topishi noma’lum. Bu hudud shiddatli harbiy harakatlar olib borilayotgan Velika Novosilka hududiga yaqinligi Ukraina qurolli kuchlariga ustunlik beradi: ikki yo‘nalishdagi hujumlar muvofiqlashtirilishi mumkin, bu esa Rossiya qo‘mondonligiga mudofaani tashkillashtirishda murakkablik tug‘diradi.
  • Umuman olganda, Ukraina qurolli kuchlarining hujumi shakli va RF qurolli kuchlarining unga qarshi  harakatlari rus armiyasining nisbatan kichik kuchlar bilan bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishlarda hujum qilishga uringan qishki kampaniyasini yodga solib yubormoqda. Qishki kampaniyada bunday ko‘p sonli kichik yurishlar bilan ukrain mudofaasini qulatishning imkoni bo‘lmagandi va kampaniya raqiblarning bir-birini holdan toydirishga qaratilgan harakatlariga aylangandi. Hozirga kelib ma’lumki, o‘shanda tomonlarning hech biri raqibini to‘liq holdan toydira olmagandi.

Mavzuga oid