Jahon | 17:40
1169
7 daqiqa o‘qiladi

“Rossiya jamiyatida urushga nisbatan charchoq ortib boryapti” - siyosatshunos

Rossiya–Ukraina urushi pozitsion xarakterda davom etyapti, front chiziqlarida deyarli yirik siljishlar kamaygan. Urush nafaqat harbiy, balki iqtisodiy va siyosiy jarayonlarga ham kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Rossiya iqtisodiyoti yuzasidan turli baholar ilgari surilib, ayrim rasmiy ko‘rsatkichlar va mustaqil tahlillar o‘rtasida sezilarli tafovutlar borligi qayd etilmoqda. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar mazkur mavzu borasida so‘z yuritdi.

Rossiya–Ukraina urushida mavjud vaziyat qanday?

Anvar Yo‘ldoshev: Hozirgi kunga kelib Rossiya–Ukraina urushi asosan pozitsion urushga aylanib bo‘lgan. Tomonlar orasida keng ko‘lamli yirik hujumlar deyarli kuzatilmaydi. Asosan kichik hududlar, ayrim qishloqlar uchun kurash davom etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda tomonlar bir necha yuz kvadrat kilometr hududni nazoratga olgan bo‘lsa-da, bu katta strategik o‘zgarishlarni anglatmaydi. Katta front hujumlari va chuqur yutuqlar deyarli yo‘q. Bu holat ikkala tomon ham pozitsion urush sharoitiga moslashib ulgurganini ko‘rsatadi.

Sababi shundaki, yirik hujumlar uchun katta harbiy resurslar va kuchlar zarur. Hozir esa ikkala tomon ham bunday kuchlarni bir nuqtaga jamlash imkoniyatiga ega emas. Shu sababli urush asosan sekin va parchalangan harakatlar bilan davom etmoqda.

Shu bilan birga, ikkala tomon ham muzokaralar masalasiga ehtiyotkor yondashmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga muzokara o‘tkazish bo‘yicha ochiqlik bildirgan, hatto Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv ehtimoli haqida ham gapirilgan. Ukraina tomoni esa bunday uchrashuv neytral hududda — masalan, Turkiya yoki Saudiya Arabistonida bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Hozirgi vaziyatda aniq natijali uchrashuv ehtimoli ham, uning amalga oshmasligi ham mavjud. Agar muzokaralar boshlanmasa, pozitsion urush davom etadi: tomonlar kichik hujumlar va javob zarbalari bilan cheklanib qoladi. Rossiyada urushga nisbatan charchoq sezilarli darajada ortgan. Shu bilan birga, Rossiya yalpi ichki mahsulotining taxminan 6–7 foizini mudofaa xarajatlariga yo‘naltirmoqda, bu esa iqtisodiyotga bosimni kuchaytirmoqda. Ba’zi tahlillarda Rossiyadagi hozirgi vaziyat 1917 yil voqealari bilan taqqoslanmoqda, biroq bu baholar haddan tashqari keskin va real holatga to‘liq mos kelmaydi. Iqtisodiyotda sekinlashuv bor, ammo tizimning umumiy qulash darajasiga yetgani yo‘q.

Masalan, prognoz qilingan iqtisodiy o‘sish 2,5 foiz atrofida bo‘lsa-da, amalda bu ko‘rsatkich 1,2–1,3 foiz atrofida qolmoqda. Bu iqtisodiy faollik pasayayotganidan dalolat beradi. Rossiya daromadining asosiy qismi neft va gaz eksportidan keladi, yiliga taxminan 220–240 milliard dollar. Shu bilan birga, Ukrainaga qilingan zarbalar natijasida neftni qayta ishlash infratuzilmasining 20–25 foiz qismi vaqtincha ishdan chiqqani haqida ma’lumotlar bor. Biroq bu yo‘qotishlar to‘liq izdan chiqish degani emas — infratuzilma bosqichma-bosqich tiklanmoqda.

Neft narxining yuqori bo‘lishi esa Rossiya iqtisodiyotiga ma’lum darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Hozir Brent markali neft narxi taxminan 105 dollar atrofida. Agar Yaqin Sharqdagi keskinlik, jumladan, Eron atrofidagi vaziyat davom etsa, narx yanada oshishi mumkin.

Agar neft 120–150 dollar darajasiga chiqsa, bu Rossiya budjeti uchun qo‘shimcha foyda keltiradi. Shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yoki Bob al-Mandab kabi strategik yo‘llarda muammolar yuzaga kelsa, narxlar yanada keskin oshishi ehtimoli bor. Xulosa qilib aytganda, hozircha urushda hech bir tomon hal qiluvchi g‘alabaga erishmagan. Mening fikrimcha, yaqin muddatda ham keskin burilish kutilmaydi.

Shuhrat Rasul: Rossiyadagi yirik siyosiy kuchlardan biri bo‘lgan Kommunistik partiya yetakchisi Genadiy Zyuganov yaqinda Davlat Dumasidagi chiqishida e’tiborga molik fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1917 yildagi kabi keskin siyosiy voqealar “shu yil kuzida, ayniqsa noyabr oylarida” takrorlanishi ehtimoli mavjud.

U aynan hozir emas, balki kuzga ishora qilishi bejiz emas. Chunki iqtisodiy vaziyat yaqin oylarda yanada og‘irlashishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Hozirning o‘zida ham Rossiya iqtisodiyotida bosim sezilmoqda, biroq ayrim ekspertlar buni yanada chuqurroq inqiroz sifatida baholamoqda. Masalan, yaqinda o‘tkazilgan Moskva iqtisodiy forumida iqtisod fanlari doktori, akademik Robert Nigmatulin Rossiya iqtisodiyotini “inqiroz holatiga kirgan” deb baholadi. U rasmiy statistik ko‘rsatkichlar real holatni to‘liq aks ettirmasligini ta’kidladi.

Yana bir akademik Kabakov ham rasmiy iqtisodiy ma’lumotlarga shubha bildirdi. Uning fikricha, iqtisodiy pasayish 1,8 foiz emas, balki taxminan 6 foiz atrofida bo‘lishi mumkin. Bu esa rasmiy statistikaga nisbatan jiddiy tafovut mavjudligini ko‘rsatadi. E’tiborli jihati shundaki, bunday fikrlar tashqaridagi muxolif iqtisodchilar emas, balki Rossiya Fanlar akademiyasi vakillari tomonidan ochiq bildirilmoqda. Bu esa ichki ekspert doiralarda ham xavotir ortib borayotganidan dalolat beradi.

So‘nggi paytlarda Rossiya jamiyatida ham o‘zgarishlar sezilmoqda. Ayrim jamoatchi fikr yetakchilari, akademiklar va hatto urushni qo‘llab-quvvatlab kelgan ayrim “Z” pozitsiyasidagi guruhlar ham urushni to‘xtatish zarurligi haqida fikr bildira boshlagan.

Bunga javoban rasmiy Kreml esa jamiyatni birlashishga chaqirmoqda. Prezident Vladimir Putinning so‘nggi chiqishlarida Ikkinchi jahon urushi davridagi “milliy birlashuv” misollari keltirilib, jamiyatning front ortida birlashishi zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, Rossiya ichida turli fikrlar ochiqroq muhokama qilinayotgani ham kuzatilmoqda. Akademiklar va ekspertlar fikriga nisbatan keskin choralar ko‘rilmayapti, aksincha, ularning chiqishlari ba’zan davlatga qarashli ommaviy axborot vositalarida ham yoritilmoqda. Umuman olganda, iqtisodiy vaziyatga doir baholar turlicha bo‘lsa-da, ko‘plab mustaqil tahlillarga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti jiddiy bosim ostida qolmoqda. Ayrim ekspertlar esa vaziyatni oddiy “yomonlashuv” emas, balki chuqur inqiroz bosqichi sifatida baholamoqda.

To‘liq suhbatni YouTubeʼdagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid