11:02 / 21.07.2023
3787

YeI kengashi Moldova bilan savdoni liberallashtirish muddatini bir yilga uzaytirdi

YeI kengashi Moldovadan mavjud savdo oqimlarini saqlab qolish maqsadida YeIga kelayotgan Moldova mahsulotlariga import bojlarini yana bir yilga to‘xtatib turishni ma’qulladi.

Foto: Eastfruit

Yevropa Ittifoqi kengashi 20 iyul, payshanba kuni bir yilga – 2024 yil 24 iyulgacha – Moldovadan Yevropa Ittifoqi bozoriga bojsiz kirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar muddatini uzaytirdi. Kengash Moldovadan yetti toifadagi tovarlarga: pomidor, sarimsoq, uzum, olma, olcha, olxo‘ri va uzum sharbatiga nisbatan qo‘llanadigan barcha bojxona va import bojlari to‘xtatilishini qo‘llab-quvvatladi. Moldova mahsulotlarining aksariyati birlashma kelishuviga binoan Yevropa Ittifoqi bozoriga bojsiz kirish huquqiga ega va endi kengash qolgan mahsulotlar importini liberallashtirish muddatini uzaytirdi.

Qaror Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilgan kundan boshlab kuchga kiradi.

«Choralarni yangilash va kengaytirish Moldova iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlaydigan Moldovadan YeIga bo‘lgan mavjud savdo oqimlarini saqlab qolish uchun zarur. Bu, ayniqsa, Ukrainada davom etayotgan harbiy harakatlar va uning Moldovaga ta’siri, shuningdek, Moldova YeIga nomzod maqomini olgani nuqtayi nazaridan muhimdir», - dedi Ispaniya sanoat, savdo va turizm vakili Ektor Gomes Ernandes, uning so‘zlari Yevropa Ittifoqi kengashining press-relizida keltirilgan.

2022 yilning yozida Yevropa Ittifoqi bilan savdoni liberallashtirish chora-tadbirlari kuchga kirgandan so‘ng, Moldova Yevropa Ittifoqiga eksportni qayta yo‘naltirishga muvaffaq bo‘ldi: Bryussel ma’lumotlariga ko‘ra, Moldova eksportining umumiy hajmi 2021 yildagi 1,8 milliard yevrodan 2022 yilda 2,6 milliard yevrogacha oshgan. 

2021 yilgi statistik ma’lumotlarga asoslangan hisob-kitoblarga ko‘ra, Moldova uchun import bojlari to‘liq bekor qilingani sababli, Yevropa Ittifoqi uchun bojxona daromadlari yo‘qolishi yiliga 0,3 million yevroni tashkil qiladi, «shuning uchun Yevropa Ittifoqining o‘z resurslariga ta’siri juda cheklangan bo‘ladi», deyiladi qonun loyihasida. O‘tgan yilning iyun oyida YeI kengashi Moldovaga Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod maqomini bergan edi. 

Mavzuga oid
Top