Jahon | 10:35 / 22.07.2023
6291
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiya Germaniyadan kamida 77ta Leopard 2 tankini sotib oladi

Germaniya mudofaa vaziri Pistorus Praga qarorini «juda to‘g‘ri qadam» deb atadi. Chexiya aylanma yetkazib berishlar doirasida Germaniyadan birinchi beshta Leopard 2A4 tankini oldi. 

Foto: Wikimedia

Chexiya kamida 77ta Leopard 2 nemis tankini sotib olishni rejalashtirmoqda, dedi mudofaa vaziri Yana Chernoxova 21 iyul, juma kuni Pragada nemis hamkasbi Boris Pistorius bilan qo‘shma matbuot anjumanida. 

Chernoxovaning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar oldindan shartnoma imzolab bo‘lgan va hozir tafsilotlarga aniqlik kiritmoqda. Chexiya A8 tipidagi tanklarni sotib oladi - bu Leopard 2’ning eng zamonaviy versiyasi. 

Boris Pistorius Praga qarorini «juda to‘g‘ri qadam» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xarid mamlakatlarning hamkorlikda ishlashiga va kerak bo‘lganda bir-birini himoya qila olishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Leopard 2’ni sotib olishga Chexiyadan tashqari boshqa davlatlar ham qiziqish bildirmoqda, dedi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari, u aniq qarorlar yo‘qligi sababli batafsil ma’lumot bermadi.

Chexiya allaqachon Germaniyadan aylanma yetkazib berish doirasida birinchi beshta Leopard 2A4 tankini oldi - Ukrainaga berilgan sovet tipidagi tanklar evaziga, dedi Yana Chernoxova. Hammasi bo‘lib, ushbu sxema bo‘yicha Chexiya 15ta tank olishi kerak. 

Germaniya, shuningdek, Ukrainaga olib kelingan transport vositalarini almashtirish uchun Rheinmetall ishlab chiqaruvchisidan 18ta Leopard 2A8 asosiy jangovar tanklarini sotib olishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi, deb yozadi AFP. Hukumatning bunday rejalari haqida xabar bergan OAV manbalarga tayanib, xarid 525 million yevroga tushishini yozgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid