Sobiq sovet davlati o‘zining qattiqqo‘l va bilimsiz rahbarlari bilan mashhur. Ular davlatni kuch va yolg‘on bilan boshqargan. Biroq sovet insonlarida SSSR davrini iliq xotirlash, qo‘msash kayfiyati saqlanib qolgan, bu, shubhasiz, juda kuchli mafkura va propagandaning ta’siri. SSSRning uch Bosh kotibi davrida mamlakatning asosiy ideologi va propaganda mas’uli bo‘lgan Mixail Suslov ko‘pchilik tomonidan «kulrang kardinal», ya’ni soyadagi rahbar deya atalardi.
Kambag‘al dehqon o‘g‘li — taqdir tuhfasi
SSSRdagi kommunizm-marksizm g‘oyasining asosiy figuralaridan biri, uch nafar bosh kotib — Stalin, Xrushchyov va Brejnev davrida eng muhim davlat lavozimlarda ishlagan Mixail Suslov 1902 yil Volga daryosi bo‘yidagi Shaxovsk qishlog‘ida, oddiy kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan.
Maktab davrida qunt bilan bilim olgan Mixail kommunistik partiya zinapoyalaridan tezlik bilan yuqorilagan. U 16 yoshidayoq Kambag‘allar qo‘mitasiga a’zo bo‘lgan va oradan ko‘p o‘tmay Kommunistik partiyaga qo‘shilgan. Moskvadagi qator universitetlarda tahsil olgan Mixail ilk yuqori mansabga 1931 yilda kirishgan. U shu yili Kompartiya markaziy nazorat komissiyasiga o‘tkazilgan va uch yildan so‘ng SSSR Xalq Komissarlari Kengashi huzuridagi Sovet nazorati komissiyasiga ishga kirgan.
Qatag‘on yillarida Suslov ham qurbonlar ro‘yxatiga kirishiga bir baxya qoladi. U «dushman elementlar hokimiyatga kirib kelishiga yordam berish»da ayblangan, biroq o‘z so‘zlariga ko‘ra, Stalinning ko‘magi bilan qutulib qolgan.

Ikkinchi jahon urushi davrida Suslov Kompartiyaning Stavropol o‘lka qo‘mitasi birinchi kotibi edi, u hududda Germaniyaga qarshi partizanlik kurashlarini tashkillashtiradi. Keyinroq Boltiqbo‘yiga ko‘chib o‘tadi va bu yerda «o‘rmon birodarlari» harakati bilan kurashga rahbarlik qiladi.
Suslovning g‘oyaviy xislatlari uni SSSR Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi kotibi lavozimiga olib keladi. Bu juda katta ko‘tarilish edi, chunki ushbu davrda MQ kotiblari soni jami olti nafar bo‘lib, ular qatorida Stalin ham bor edi.
Suslov shu yili Butunittifoq falsafiy munozaralarida qatnashadi va o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatadi. Shundan so‘ng u Georgiy Aleksandrov o‘rniga Kompartiya MQning propaganda va tashviqot boshqarmasi rahbari etib tayinlandi. Ya’ni amalda sovet davlati mafkurasi rahbariga aylanadi. U roppa-rosa 35 yil davomida partiyaning barcha targ‘ibot ishlariga rahbarlik qiladi.




















