Yaqinda Farg‘onada 11 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirishda gumonlanib, 17 yoshli yigit qo‘lga olindi. Olmaliq shahrida yosh bolalarni axloqsiz harakatlar qilishga majburlagan 39 yoshli erkak ushlandi.

Qanchalik ko‘p qoralanmasin bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar, xususan, pedofiliya hamon sodir bo‘lishda davom etmoqda. Kun.uz pedofiliya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha Oliy sud axborot xizmatidan ma’lumot oldi. Unga ko‘ra, 2023 yilning o‘tgan 6 oyi davomida:

  • 15 nafar jinoyatchi 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish;
  • 44 nafar jinoyatchi 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish;
  • 163 nafar jinoyatchi 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilishda;
  • 35 nafar jinoyatchi 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish jinoyatlarini sodir etgani uchun jazolangan. 

Bu raqamlarning orasida hali odamlar yodidan chiqmagan Muslima fojiasi ham bor. Pedofiliyaning, zo‘ravonlikning oldini olish uchun yana nimalar qilish kerak? Kun.uz yana bir bor jamoatchilik faollarining bu haqdagi fikrlariga quloq tutdi.

Firuz Allayev, tadbirkor:

«Targ‘ibot. Mavzuni ko‘proq ko‘tarish, muhokama qilish aholining muammoga nisbatan diqqatini jalb qiladi. Targ‘ibotda pedofiliyaning bolaga ta’siri, uning yomonliklariga alohida e’tibor berish kerak.

Ta’lim. Axloqiy tomondan tashqari, bolalarga shaxsiy daxlsizlik, o‘z xavfsizligini ta’minlashni o‘rgatish dolzarb hisoblanadi. Bola o‘rgatilsa, xavfni yoki o‘ziga nisbatan noaxloqiy harakatni sezsa, nima qilishini bilishi kerak. O‘zimizda bolalikda pedofil qurboni bo‘lgan ko‘pchilik o‘sha paytda u narsa yomonligini bilmagan ham. Shu uchun bolalar bilan bu mavzuni muhokama qilish zarur deb o‘ylayman. O‘zbekistonda maktablarda jinsiy ta’lim zarurligini bir necha yildan beri aytib kelamiz. Mavzu nozik bo‘lgani uchun hali-beri joriy qilinmasa kerak. Hech bo‘lmasa, ota-onalar vaziyatni qo‘lga olib, bolasining himoyasi uchun ham buni tushuntirishi muhimdir.

Qonunlar va jazoni kuchaytirish. Jazo muqarrarligi, uning og‘irligi ham pedofillarni tiyib turuvchi mexanizm bo‘ladi. Yildan yilga qonunchilikni yanada kuchaytirishimiz zarur. Pedofil 2-3 yillik jazo bilan qutulib qolsa va amaldor bilan bo‘lgan keysdagi kabi sud faqat jamoatchilik bosimi bilangina ishlasa, vaziyat yaxshilanishi qiyin bo‘ladi. Jazo qat’iy, og‘ir va muqarrar bo‘lishi kerak.