13:11 / 26.07.2023
13308

Afrika yetakchilarining uchdan ikki qismi Rossiya-Afrika sammitida qatnashmaydi

Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan Rossiya-Afrika sammitiga barcha Afrika davlatlari rahbarlari taklif etildi. Faqat 17 kishi kelishga rozi bo‘ldi.

Foto: Picture Alliance

Afrika davlatlarining aksariyat yetakchilari 27-28 iyul kunlari Sankt-Peterburgda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Rossiya-Afrika sammitida ishtirok etishdan bosh tortdi. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning 25 iyul, seshanba kuni aytishicha, davlat rahbarlari darajasida atigi 17 kishi keladi. Afrikaning 10 ta davlati delegatsiyalariga bosh vazir, yana 17 tasiga bosh vazir o‘rinbosari yoki vazir boshchilik qiladi. Afrikaning beshta davlati elchilar tomonidan taqdim etiladi, yana beshtasi sammitda ishtirok etishdan bosh tortdi, deb yozadi The Moscow Times.

Ushakov Vladimir Putin sammitga kelgan har bir Afrika yetakchisi bilan uchrashishini bildirdi. Jumladan, Misr prezidenti, Mozambik, Burundi, Zimbabve, Uganda, Eritreya, Markaziy Afrika Respublikasi, Liviya, Kamerun, Senegal, JAR, Burkina-Faso, Gvineya-Bisau, Mali, Kongo rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkaziladi, deb yozadi TASS.

Ayni paytda, Rossiya TIVning maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Oleg Ozerov RIA «Novosti» agentligiga bergan intervyusida barcha Afrika davlatlari rahbarlariga sammitga taklifnomalar yuborilganini ma’lum qildi. «Agar kimdir kelmasa, biz xafa bo‘lmaymiz, chunki birinchidan, ularda davlat rahbarlari ishtirokida oldindan rejalashtirilgan boshqa tadbirlar bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, kim kelishning ilojini topsa, o‘sha keladi», - dedi Ozerov. 

Rossiya-Afrika sammiti ikkinchi marta o‘tkazilmoqda, birinchisi 2019 yilda Sochida bo‘lib o‘tgan. 

Top