21:30 / 27.07.2023
18690

Kim Chen In Shoyguga taqiqlangan ballistik raketalarni ko‘rsatdi

Shuningdek, Rossiya mudofaa vaziriga Amerika dronlariga o‘xshash texnikalar namoyish etildi. 

Foto: KCNA

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan birgalikda Pxenyandagi qurol-yarog‘ ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Shimoliy Koreyaning «Koreya ovozi» radiostansiyasi xabar berdi. 

Ko‘rgazmada Shimoliy Koreya rahbari va Rossiya vaziri «zamonaviy qurollar»ni ko‘zdan kechirgan. Shuningdek, Kim Chen In Shoyguga mamlakat mudofaasini rivojlantirish rejasiga muvofiq ishlab chiqilayotgan qurollar va harbiy texnika haqida gapirib bergan. 

Fotosuratlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya rahbari rossiyalik mehmonga BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan taqiqlangan ballistik raketalarni ko‘rsatgan. Ushbu rezolyutsiyani Rossiya bilan Xitoy ham qo‘llab-quvvatlagan edi. 

Bundan tashqari, suratlarda Shimoliy Koreyaning yangi dronlari ham ko‘zga tashlanadi. Ular Amerikaning RQ-4 Global Hawk va MQ-9 Reaper dronlariga o‘xshash. 

O‘z navbatida, Shoygu KXDR Mudofaa vazirligida bo‘lib o‘tgan ziyofatdagi chiqishi chog‘ida Shimoliy Koreya armiyasini «dunyodagi eng kuchli armiya» deb atagan. 

«Shoygu Oliy qo‘mondon atrofida birlashgan Koreya xalq armiyasi o‘z qudratini tinimsiz mustahkamlagani, natijada u dunyodagi eng kuchli armiyaga aylanganini ta’kidladi», deb yozdi Koreya matbuoti. 

Amerika Karnegi jamg‘armasi tahlilchisi Ankit Panda so‘zlariga ko‘ra, KXDR rasmiylari avval Rossiya va Xitoy delegatsiyalari tashrifi chog‘ida o‘z yadro salohiyatini namoyish etmaslikka harakat qilgan. Shoyguning Shimoliy Koreya raketalarini ko‘zdan kechirishi ehtimol Rossiyaning KXDR yadroviy dasturini ma’qullashini anglatishi mumkin. 

25 iyul kuni Sergey Shoygu boshchiligidagi Rossiya Mudofaa vazirligi delegatsiyasi tashrif bilan Shimoliy Koreyaga bordi. Rossiyalik vazir Koreya urushidagi sulhning 70 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalarda ishtirok etdi, shuningdek, Kim Chen In bilan «global va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini» muhokama qildi. 

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Shimoliy Koreya doimiy ravishda Moskva pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab keladi. Shimoliy Koreya BMTda Rossiyani qoralovchi rezolyutsiyalarga qarshi ovoz bergan, shuningdek, Ukraina hududlari anneksiya qilingan «referendumlar» natijalarini rasman qo‘llab-quvvatlagan dunyodagi yagona davlatdir. 

Amerika matbuoti razvedka manbalariga tayanib, Moskva Pxenyandan o‘q-dorilar sotib olayotgani haqida bir necha bor yozgan. Shimoliy Koreya buni rasman rad etib kelmoqda. 

Mavzuga oid
Top