Nigerdagi isyon tarafdorlari mamlakat parlamenti binosi oldida miting uyushtirishdi. Ularning ayrimlari Rossiya bayroqlarini ko‘tarib olishgandi.
Mitingchilarning bir qismi keyinroq ag‘darilgan prezident Muhammad Bazumning partiyasi qarorgohiga hujum qildi va unga o‘t qo‘ydi.
Rasman Rossiya boshqa mamlakatlar qatori ag‘darilgan va namoyishchilar tomonidan garovga olingan prezident Bazumni ozod etishga chaqirgan.
Ayni vaqtda G‘arbiy Afrikaning ushbu mamlakatini kim boshqarayotgani tushunarsiz. Armiya qo‘mondoni isyonchilarni qo‘llagan, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat qurolli kuchlari birligini saqlash va qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shunday tanlov qilgan.
Xuntaning o‘zi ham rahbari kimligini e’lon qilmagan.
Davlat televideniyesida prezident ag‘darilgani to‘g‘risidagi bir kun oldingi murojaat vatanparvarlik ruhidagi musiqa va Qur’on oyatlari bilan aralashtirib takroran qo‘yib berildi. Odatda tushlik vaqti efirga chiqadigan yangiliklar dasturi 27 iyul kuni namoyish etilmadi.
Ammo Niger poytaxti Niameyda do‘konlar va bozorlar odatdagi vaqtda ochilgan, ertalabki yomg‘irdan keyin esa isyonchilarning tarafdorlari ko‘chalarga chiqqan.
Yuzlab namoyishchilar Milliy assambleya binosi oldida to‘plangan. Ularning ayrimlari bayroqlarni hilpiratgan, boshqalari «Fransiya yo‘qolsin!» va «Xorij bazalari daf bo‘lsin!» yozuvlari aks etgan plakatlarni ko‘tarib turishgan.
Niger – G‘arbning mintaqadagi asosiy hamkorlaridan biri
Niger 1960 yilga qadar Fransiya mustamlakasi bo‘lgan va hozirga qadar bu yerda fransuzlar ta’siri va harbiy bazalari saqlanib qolgan.
Uran rudasiga boy bo‘lgan ushbu mamlakat — G‘arbning Saheldagi (Sahroyi Kabir janubiga tutashgan mintaqa) asosiy hamkorlaridan biri, bu yerda nafaqat fransuzlarning, balki mahalliy hukumatga qurollangan radikal guruhlarga qarshi kurashda yordam beruvchi Amerika qo‘shinlari bazasi ham joylashgan.
Nigerning ushbu kampaniya uchun ahamiyati qo‘shni Mali va Burkina-Fasodagi davlat to‘ntarishlaridan keyin yanada ortgan. Qo‘shni mamlakatlardagi davlat to‘ntarishlari ham Rossiyaga simpatiya bildirgan kuchlar tomonidan amalga oshirilgan; Mali «Vagner» XHKning Afrikadagi asosiy bazalaridan biriga aylangan va ko‘p masalalarda rossiyaparast pozitsiyani tanlagan.
«Biz davlat to‘ntarishi — konstitutsiyaga zid bo‘lgan tashabbus deb hisoblaymiz va prinsipial jihatdan biz doimo bunday holatlarda juda aniq pozitsiyani egallaymiz», — dedi payshanba kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
















