Jahon | 19:09 / 31.07.2023
39067
24 daqiqa o‘qiladi

Faqatgina atom bombasi «otasi» emas. Oppenheymer aslida kim edi?

Yaqinda rejissyor Kristofer Nolanning «Oppenheymer» biografik filmi butun dunyo bo‘ylab premera qilindi. Atom bombasini yaratish bo‘yicha Manhetten loyihasi rahbari Robert Oppenheymerning xaqiqiy tarixi, hayot yo‘li qanday kechgandi?

Foto: Getty Images

1945 yil 16 iyul kuni erta tongda Robert Oppenheymer bunkerda dunyoni o‘zgartiradigan lahzani kutayotgandi. Bunkerdan taxminan 10 km uzoqlikda, AQShning Nyu-Mexiko shtatidagi Jornada del Muerto cho‘lidagi qumliklarda, Trinity kod nomi bilan nomlangan dunyodagi birinchi atom bombasi sinovi boshlanishi kerak edi.

Oppenheymer asab tizimi buzilishi yoqasida edi. U har doim kelishgan bo‘lgan, lekin uch yil davomida loyihani boshqargandan so‘ng, uning vazni deyarli 52 kilogrammgacha tushib ketgan. Bu vazn 178 santimetrlik bo‘y bilan uni juda ozg‘in ko‘rsatgan. O‘sha kechasi u bor-yo‘g‘i to‘rt soat uxlagan, trevoga va chekuvchi insonning yo‘tali unga dam olishga xalaqit bergan.

Oppenheymer hayotidagi bu burilish nuqtasi tarixchilar Kay Berd va Martin Shervin tomonidan «Amerika Prometeyi» biografik kitobida tasvirlangan, Nolanning kinokartinasi ham ushbu kitobga asoslangan.

Berd va Shervinning yozishicha, bombani ishga tushirishdan oldingi teskari hisobning so‘nggi daqiqalarida AQSh armiyasi generali Oppenheymerni diqqat bilan kuzatgan. «So‘nggi soniyalar o‘tgan sayin doktor Oppenheymer (…) qattiq asabiylashdi. U deyarli nafas olmayotgan edi», degan general.

Chaqnash quyoshni xira qildi. 21 kilotonna quvvatga ega portlash o‘sha paytda tarixdagi eng kuchli portlash bo‘ldi. Portlash to‘lqini epimarkazdan 160 km uzoqlikda ham sezilgan. Yer bo‘ylab gumburlagan shovqin tarqalib, qo‘ziqorin (yoxud yadro) buluti osmonga ko‘tarilgach, Oppenheymerning yuzida «aql bovar qilmaydigan yengillik» paydo bo‘lgan.

«Men uning yurishini hech qachon unutmayman, uning mashinadan qanday tushganini hech qachon unutmayman. U «Peshin» filmidagi qahramon kabi g‘oliblar uslubida yurdi, u o‘z maqsadiga erishdi», deydi portlashdan bir necha daqiqa o‘tgach Oppenheymerni uzoqdan kuzatgan uning do‘sti va hamkasbi Isidor Rabi.

1960-yillarda bergan bir qator intervyularida Oppenheymer o‘ziga yanada ko‘proq obro‘ to‘plashga qaror qilgan va portlashdan so‘ng uning xayoliga darhol «Bhagavadgita» dostonidan bir iqtibos kelganini aytgan: «Endi men dunyolarni vayron qiluvchi o‘limga aylandim».

1945 yilda sinovdan o‘tkazilgan Trinity yadroviy qurilmasi loyihasi

Do‘stlarining aytishicha, Oppenheymer keyingi kunlarda tobora ko‘proq tushkunlikka tushib borgan. «O‘sha ikki hafta ichida Robert juda kamgap va o‘ychan bo‘lib qoldi. U nima yuz berishini bilar edi», deydi ulardan biri.

Bir kuni ertalab u «bu bechora kichkina odamlar», yaponlarning muqarrar taqdiri haqida qayg‘ura boshladi. Ammo bir necha kundan keyin u diqqatini jamladi va yana asabiy va talabchan bo‘ldi.

Harbiylar bilan uchrashuvda Oppenheymer «bechora kichkina odamlar»ni, aftidan, butunlay unutgan. Buning o‘rniga, Berd va Shervin yozganidek, bomba tashlash uchun to‘g‘ri sharoitlarni tanlash muhimligiga bor e’tiborini qaratgan.

«Albatta, uni yomg‘ir yoki tumanda tashlash mumkin emas (...) Uni juda balandda portlatishlariga yo‘l qo‘ymang, aks holda nishonga yetarlicha shikast yetkazilmaydi», degan Oppenheymer.

Bir oydan kamroq vaqt o‘tgach, Oppenheymer Hirosimaning muvaffaqiyatli portlatilishini o‘z hamkasblariga e’lon qilgan va o‘sha yerda bo‘lgan kuzatuvchilaridan biri Oppenheymer «qo‘lini musht qilib, g‘alaba qozongan jangchi kabi boshi uzra ko‘targani»ni aytgan.

Foto: UNIVERSAL PICTURES

Oppenheymer Manhetten loyihasining emotsional va intellektual yuragi edi va aynan u atom bombasini haqiqatga aylantirdi.

«Agar Oppenheymer Los-Alamos laboratoriyasi direktori bo‘lmaganida, ishonchim komilki, Ikkinchi jahon urushi yaxshi yoki yomonmi, yadro quroli ishlatilmay tugagan bo‘lardi», deya yozgan urushdan keyin Oppenheymer bilan birga ishlagan Jyeremi Bernshteyn o‘zining «Oppenheimer: Portrait of an Enigma» kitobida.

O‘z mehnati mevasini kuzatgan Oppenheymerning bunday turli reaksiyalari (hali ularning qanchalik tez o‘zgarganini aytmasa ham bo‘ladi) juda g‘alati ko‘rinishi mumkin.

Bir insonda asabiy zaiflik, shuhratparastlik, ulug‘vorlik va og‘riqli g‘amginlik qanday uyg‘unlashishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin, ayniqsa u yadro loyihasida o‘ynagan asosiy rolni hisobga olgan holda.

Oppenheymer 1904 yilda Nyu-Yorkda, Germaniyadan kelgan yahudiy muhojirlarning birinchi avlodi oilasida tug‘ilgan. Oila to‘qimachilik savdosi orqali boylik orttirgan.

Ular Manhettenning nufuzli Yuqori Vest-Sayd tumanidagi keng kvartiralarda yashar edi. Oila uyida uch xizmatkor va haydovchi bor edi, devorlarga yevropalik rassomlarning kartinalari osilgandi.

Bolalikdagi do‘stlarining xotiralariga ko‘ra, bu hashamatga qaramay Oppenheymer umuman kamtar va juda saxiy bola bo‘lgan.

Uning maktabdagi do‘sti Jyeyn Didishaymning so‘zlariga ko‘ra, Robert «biroz qizargan, kichkina, qizg‘ish yonoqli, juda uyatchan, lekin ayni paytda ancha aqlli» bo‘lgan.

«Hamma uning boshqalardan ajralib turishi va barchadan ustun ekanini juda tez tan oldi», deydi u.

Oppenheymer to‘qqiz yoshida yunon va rim faylasuflarini asl nusxada o‘qigan va mineralogiya bilan shug‘ullangan. U Markaziy xiyobon atrofida aylangan va Nyu-York mineralogik klubiga o‘z topilmalari haqida xabar berib, xatlar yozgan.

Ushbu maktublarda u o‘zini shunchalik qobiliyatli ko‘rsatdiki, klub uni katta olim sifatida qabul qiladi va ma’ruza o‘qishga taklif etadi.

Berd va Shervinning yozishicha, bunday rivojlangan intellekt yosh Oppenheymerni qisman yolg‘izlikka mahkum qiladi.

«U odatda o‘sha paytda qilayotgan yumushi yoki ustida o‘ylayotgan ishi bilan juda band bo‘lar edi», deb eslaydi uning do‘stlaridan biri.

Oppenheymerga uning yoshidagi yigitlar odatda nima bilan shug‘ullanishi qiziq emasdi, u sportni yaxshi ko‘rmagan va amakivachchasining eslashicha, «Oppenheymer boshqa yigitlarga o‘xshamagani uchun uni tez-tez masxara va kalaka qilishgan».

Ammo Robertning ota-onasi uning aqlli ekaniga mutlaq ishongan.

Oppenheymer Harvard universitetidagi kimyo fakultetida o‘qish uchun uyini tark etgach, uning butun psixologik zaifligi oshkor bo‘ldi. Uning qattiq takabburligi va yaxshi niqoblanmagan ta’sirchanligi, aftidan, unga yomon xizmat qilgan.

«Men qattiq ishlayman va son-sanoqsiz dissertatsiyalar, eslatmalar, she’rlar, hikoyalar va boshqa keraksiz narsalarni yozaman... Men uch xil laboratoriyada hidlanib, choy tarqataman va bir nechta adashgan qalblar bilan suhbatlashaman, dam olish kunlari past darajadagi energiyani kulgiga almashtiraman, yunoncha kitoblar o‘qiyman, rejalashtirilmagan ishlar qilaman, ish stolimdan xat izlayman va o‘lishni xohlayman. Vualya», deb yozgan Oppenheymer 1923 yildagi maktublaridan birida.

Filmda Oppenheymer rolini irlandiyalik aktyor Killian Myorfi o‘ynagan.
Foto: UNIVERSAL PICTURES

Ushbu to‘plamdagi boshqa xatlardan ma’lum bo‘lishicha, xuddi shu muammolar Oppenhaymerni aspiranturani davom ettirgan Kembrij universitetida ham tark etmagan. Uning ustozi shogirdi laboratoriyada amaliy ishlar bilan shug‘ullanishini xohlardi, ammo bu Oppenheymerning zaif tomoni edi.

«Menga qiynalyapman. Laboratoriya ishi dahshatli darajada zerikarli va men bu ishda shunchalik no‘noqmanki, men nimanidir o‘rganayotganimni his qilishim mumkin emas», deya yozgan Robert 1925 yilda.

Bu ruhiy holat Oppenheymerni, o‘qituvchisi stolida laboratoriya kimyoviy moddalari bilan zaharlangan olma qoldirganida sal qolsa muammoga duchor qilardi. Keyinchalik do‘stlari uni o‘sha paytda hasad va ojizlik hissiyotlari boshqargan deya taxmin qilgan.

O‘qituvchi olmani yemagan, lekin Oppenheymerning Kembrijdagi o‘rni xavf ostida qolgan va u psixiatrga borish sharti bilangina o‘z joyini saqlab qolishi mumkin edi. Psixiatr unga psixoz tashxisini qo‘yadi va davolanish foyda keltirmasligini aytadi.

Oppenheymer keyinchalik, o‘z hayotining ushbu davrini eslab, Rojdestvo bayramida o‘z joniga qasd qilish haqida jiddiy o‘ylaganini aytgan.

Keyingi yili Parijga tashrifi chog‘ida uning yaqin do‘sti Frensis Fergyuson Oppenheymerga o‘z sevgilisiga turmush qurishni taklif qilganini aytgan. Bunga javoban Oppenheymer do‘stini bo‘g‘ishga harakat qilgan.

«U menga orqadan chamadon kamari bilan tashlandi va uni bo‘ynimdan o‘rab oldi... Men sirtmoqda chiqishga muvaffaq bo‘ldim, u esa yerga yiqilib, yig‘lab yubordi», deydi Frensis.

Psixiatrlar ham kuchsizlik qilgan joyda adabiyot yordamga keladi.

Berd va Shervinning so‘zlariga ko‘ra, Oppenheymer Korsikada hayking (piyoda turizmi) qilib yurgan vaqtda Marsel Prustning «Yo‘qotilgan yillarni qidirib» asarini o‘qigan va unda o‘zining ruhiy holati aksini topgan, bu esa uni tinchlantirib, mavjud bo‘lishning yanada osonroq yo‘li oynasini ochgan.

Oppenheymer kitobdan «Sen keltirayotgan azob-uqubatlarga befarqlik — bu shafqatsizlikning dahshatli va o‘zgarmas shaklidir» degan parchani yod oldi.

O‘shandan keyin azob-uqubatlarga munosabat masalasi uni doimo tashvishga solib, Oppenheymerning butun hayoti davomida ma’naviy va falsafiy matnlarga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirdi va oxir-oqibat uning reputatsiyasini belgilab bergan ishda muhim rol o‘ynadi.

Uning ta’til vaqtida do‘stlariga aytgan so‘zlarini bashorat deb hisoblash mumkin: «Men eng ko‘p, ko‘plab ishlarda g‘ayrioddiy ustasi farang bo‘luvchi, lekin ayni paytda ko‘z yoshlarga to‘la yuzni saqlab qoluvchi insonlardan zavqlanaman».

Oppenheymer Angliyaga ancha yaxshi kayfiyatda qaytadi va o‘zini keyinchalik eslaganidek, «juda mehribon va bag‘rikengroq» ​​his qiladi. 1926 yil boshida u Gettingen universiteti qoshidagi Nazariy fizika instituti direktori bilan uchrashadi, u Oppenheymerning iste’dodiga ishonch hosil qiladi va uni Germaniyaga o‘qishga taklif etadi.

Keyinchalik o‘z maktublarida Oppenheymer 1926 yilni «fizikaga kirgan» yili va hayotidagi burilish davri deb atagan. Keyingi yili u falsafa fanlari doktori darajasini oladi va nazariy fizikani rivojlantiruvchi ilmiy jamoaning bir qismiga aylanadi.

Oppenheymer bu yerda keyinchalik uning bir umrlik do‘stlariga aylangan ko‘plab olimlar bilan tanishadi. Ularning ko‘pchiligi vaqt o‘tib, Los-Alamosdagi Oppenheymer loyihasiga qo‘shilgan.

Oppenheymer to‘xtovsiz nimadir o‘qirdi – poeziyadan tortib sharq falsafasigacha

Amerikaga qaytgach, Oppenheymer Harvardda bir necha oyni o‘tkazadi, shundan so‘ng u fizika bilan shug‘ullanishni davom ettirish uchun Kaliforniyaga ko‘chib o‘tadi. Uning maktublarining ohangi ancha tinchlanadi. Ularda Oppenheymer ukasiga romantik munosabatlar va san’atga qiziqish haqida gapirib bergan.

Berklidagi Kaliforniya universitetida u kosmik nurlar va yadro parchalanishini o‘rganish natijalarini tahlil qilib, tajribachilar bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Keyinchalik Oppenheymer «gap nima haqida ketayotganini tushungan yagona odam» o‘zi ekanini qanday aniqlaganini aytgan. Oxir-oqibat u yaratgan ilmiy bo‘lim, o‘z so‘zlari bilan aytganda, u juda yaxshi ko‘rgan nazariyani tushuntirish uchun zarur edi.

«Avvaliga professor-o‘qituvchilar, xodimlar va hamkasblarga, so‘ngra esa nima o‘rgangani va hal qilinmagan muammolar nimaga bog‘liqligini eshituvchi barchaga tushuntirish kerak», degan Oppenheymer.

U dastlab o‘zini «murakkab» o‘qituvchi deb ta’riflagan, ammo aynan shu rolda Oppenheymer Y loyihasida ishlagan vaqtida unga yordam bergan xarizmani yaxshilagan.

Oppenheymerning hamkasblaridan biri uning shogirdlari «qo‘llaridan kelgancha unga taqlid qilishga uringanliklari»ni eslaydi. «Ular uning imo-ishoralarini, xulq-atvorini, intonatsiyalarini o‘zlariga ko‘chirgan. U haqiqatan ham ularning hayotiga ta’sir qildi», deydi u.

1930-yillar boshlarida, uning akademik karerasi rivojlangan paytda, Oppenheymer humanitar fanlar bilan shug‘ullanishda davom etadi. Aynan o‘sha paytda u o‘zi uchun qadimgi hind eposini kashf etadi va «Bhagavadgita»ni asl nusxada o‘qish uchun sanskrit tilini o‘rganadi, hamda keyinchalik shu kitobdan o‘zining mashhur iqtibosini keltiradi.

Aftidan, uning qiziqishi faqatgina intellektual emas edi. Bu Oppenheymer Prustni o‘qib chiqqandan keyin o‘ziga yozib bergan biblioterapiyaning davomi edi.

Filmning Londondagi premerasi. Foto: Getty Images

Aristokratik oilaning ikki tarmog‘i o‘rtasidagi urush haqida hikoya qiluvchi «Bhagavadgita» dostoni Oppenheymerga atom bombasi loyihasi ustida ishlayotganda duch kelgan axloqiy dilemmaga nisbatan qo‘llash mumkin bo‘lgan falsafiy asosni berdi.

Dostonda burch, taqdir va natijadan ozod bo‘lish haqida so‘z yuritilib, «oqibatlardan qo‘rqish harakatsizlik uchun bahona bo‘la olmasligi» ta’kidlangan.

Oppenheymer 1932 yilda ukasiga yozgan maktubida «Bhavadgita»ga havola qilgan holda, urushni bunday falsafani amaliyotga tatbiq etishga imkon beruvchi holatlardan biri sifatida tilga oladi.

«Men intizom orqali tinchlikka erishishimiz mumkinligiga ishonaman, men intizom orqali biz baxtimiz uchun zarur bo‘lgan narsalarni juda yoqimsiz sharoitlarda saqlab qolishni o‘rganishimizga ishonaman. Shuning uchun, menimcha, tartib-intizomni talab qiladigan hamma narsa: o‘qish, xalq va davlat oldidagi burchlarimiz, urush (…) biz tomondan chuqur minnatdorchilik bilan qabul qilinishi kerak, chunki faqat shu yo‘l bilan biz eng kam yo‘qotishga erishishimiz mumkin va faqat shu yo‘l bilangina biz tinchlikni anglashimiz mumkin», degan Oppenheymer.

1930-yillar o‘rtalarida Oppenheymer shifokor va psixiatr Jin Tetlok bilan uchrashadi va uni sevib qoladi.

Berd va Shervinning qayd etishicha, Jin xarakterining murakkabligi jihatdan Oppenheymer bilan to‘liq raqobatlashishi mumkin. Robert bir necha bor unga turmush qurishni taklif qiladi, lekin har safar rad javobini oladi.

Aynan Jin Oppenheymerni Jon Donning radikal siyosiy nazariyalari va she’riyati bilan tanishtiradi. Oppenheymer 1940 yilda biolog Ketrin Harrisonga uylanganidan keyin ham ular vaqti-vaqti bilan uchrashishda davom etadi.

Harrison keyinroq Manhetten loyihasiga flebotomist sifatida qo‘shiladi va nurlanishning inson qoniga ta’sirini o‘rganadi.

Oppenheymer oilasi bilan ta’tilda. U biolog Ketrin Harrisonga uylangan va uni ham loyihaga olgan

1939 yilda yadroviy tahdid siyosatchilardan ko‘ra fiziklarni ko‘proq tashvishga solgan. Va Albert Eynshteyn o‘z maktubida Amerika hukumatiga bu xavfni birinchi bo‘lib yetkazadi.

Reaksiya juda sekin bo‘ladi, ammo ilmiy hamjamiyatda kuchayib borayotgan tashvish nihoyat prezidentni harakat qilishga majbur qiladi.

Oppenheymer mamlakatning eng ko‘zga ko‘ringan fiziklaridan biri sifatida yadro qurolining imkoniyatlarini sinchiklab o‘rganish vazifasi topshirilgan olimlar qatoriga kiradi.

1942 yil sentabriga kelib, qisman Oppenheymer guruhining sa’y-harakatlari tufayli, prinsipial jihatdan bombani yaratish mumkinligi ma’lum bo‘ladi va uni yaratish bo‘yicha aniq rejalar shakllantirila boshlanadi.

Berd va Shervinning so‘zlariga ko‘ra, Oppenheymer uning nomzodi loyihaning ehtimoliy rahbari sifatida ko‘rilayotganini bilgach, uning o‘zi bunga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.

«Men kommunistlar bilan barcha aloqalarimni uzdim. Agar shunday qilmasam, hukumat mendan foydalanishi qiyin bo‘ladi va men mamlakatga foyda keltirishimga nimadir to‘sqinlik qilishini xohlamayman», degan Oppenheymer.

«Oppenheymerning muammosi shundaki, u uni yoqtirmaydigan narsani — AQSh hukumatini yoqtiradi», degan Albert Eynshteyn.

Biroq, vatanparvarlik va hukumatni xursand qilish istagi unga tanlov berilganda muhim rol o‘ynadi. Atom bombasi loyihasining ilmiy rahbarini tanlash loyihaning harbiy rahbari general Lesli Grovesning zimmasiga tushgan.

Generalning 2002 yilda nashr etilgan biografiyasidan ma’lum bo‘lishicha, uning taklif qilgan nomzodi e’tirozlarga sabab bo‘lgan. Asosiy e’tiroz Oppenheymerning «o‘ta liberal qarashlari»ga nisbatan edi.

General Groves Oppenheymerning ijobiy jihatlari sifatida nafaqat uning iste’dodi va bilimini, balki «haddan tashqari shuhratparastligi»ni ham keltiradi.

«Men u nafaqat o‘z ishiga sodiqligiga, balki topshiriqning muvaffaqiyatli bajarilishiga nimadir xalaqit berishiga yo‘l qo‘ymasligiga va fan tarixida o‘z o‘rnini egallashiga amin bo‘ldim», degan general.

Richard Rodsning «Atom bombasini yaratish» kitobida, Isidor Rabi dastlab o‘z do‘stining loyihaga ilmiy direktor etib tayinlanishini aql bovar qilmaydigan ish deb atagani, biroq keyinchalik bu «general Grovesning chinakam ajoyib yurishi» bo‘lganini tan olgani yozilgan.

Robert Oppenheymer va general Lesli Grovs sinovlar vaqtida bomba o‘rnatilgan po‘lat minoradan qolgan barcha narsani o‘rganishgan

Los-Alamos laboratoriyasida Oppenheymer turli fanlararo sohalardan olingan o‘zining qarama-qarshi tamoyillarini amalda qo‘lladi.

Fizik Otto Frishning 1979 yilda yozilgan avtobiografiyasida, Oppenheymer laboratoriyaga nafaqat olimlarni, balki «rassom, faylasuf va boshqa bir qancha noodatiy odamlar»ni ham jalb qilgani aytilgan.

«Uning fikricha, har qanday tsivilizatsion jamoa bu odamlarsiz to‘liq bo‘lmaydi», deb yozgan Frish.

Urushdan keyin Oppenheymerning kayfiyati aftidan, o‘zgargan. U yadro qurolini «agressiya va terror» vositasi, qurol sanoatini esa «shaytoniy soha» deb ataydi. 1945 yil oktyabrdagi uchrashuvlardan birida u AQSh prezidenti Harri Trumenga shunday degan: «Men qo‘llarimda qon borligini his qilaman».

«Men unga qon mening qo‘llarimdaligi va bu mening tashvishim ekanini aytdim», degan prezident.

Bombani ishlab chiqish jarayonida Oppenheymer o‘zining va hamkasblarining axloqiy ikkilanishlarini tinchlantirish uchun xuddi shunday dalildan foydalangan.

U hamkasblariga ular olim sifatida quroldan qanday foydalanish kerakligi bo‘yicha qaror qabul qilishda hech qanday mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmasligini, balki faqat o‘z vazifalarini bajarish uchun javobgar ekanini aytadi. Agar qon to‘kilsa, unda u siyosatchilar qo‘lida bo‘ladi.

Biroq, bu ish amal oshirilgach, Oppenheymerning ishonchi vayron bo‘ladi.

Rejissyor Kristofer Nolan film s’yomkasi vaqtida

Berd va Shervinning yozishicha, urushdan keyingi yillarda AQSh Atom energiyasi bo‘yicha komissiya a’zosi sifatida Oppenheymer yangi turdagi qurollarni, shu jumladan kuchliroq vodorod bombasini yaratishga qarshi chiqqan.

Natijada, 1954 yilda Oppenheymerga qarshi hukumat tekshiruvi o‘tkaziladi, u davlat sirlariga kirish huquqini yo‘qotadi va ortiq siyosiy qarorlar qabul qilishda ishtirok eta olmaydi.

Akademik hamjamiyat uning himoyasiga chiqadi.

«U xatolarga yo‘l qo‘ydi va ulardan biri xavfsizlik nuqtayi nazaridan juda jiddiy edi. Ammo sadoqatsizlik yoki xiyonat deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan hech qanday dalil yo‘q edi ... Olimlar fojiali dilemmaga duch keldi», deb yozadi faylasuf Bertran Rassell 1955 yilda New Republic nashridagi maqolasida.

1963 yilda AQSh hukumati siyosiy reabilitatsiya belgisi sifatida Oppenheymerni Enriko Fermi mukofoti bilan taqdirlaydi, ammo 1954 yilgi maxfiy ma’lumotlarga kirish huquqini bekor qilish qarori faqatgina uning o‘limidan 55 yil o‘tgach, 2022 yilda bekor qilindi.

Oppenheymer hayotining so‘nggi 20 yilida Nyu-Jyersi shtatining Prinston shahridagi Asosiy tadqiqotlar instituti direktori bo‘lib ishladi. Bu yerda u bilan Albert Eynshteyn va boshqa taniqli fiziklar birga ishlagan.

Oppenheymer atom bombasining texnik yutuqlari bilan faxrlanar va ayni paytda, uning qo‘llanishi oqibatlarida o‘zini aybdor his qilardi. Shu bilan birga, u bir necha bor bomba paydo bo‘lishi muqarrar ekanini aytgan.

Albert Eynshteyn va Robert Oppenheymer

Oppenheymer hatto o‘z loyihasining eng cho‘qqisida ham 1920-yillarda aytgan «yig‘layotgan yuz»ni saqlab qoldi.

U atom bombasini sinov nomi bo‘lmish Trinity («Uchlik») nomini Jon Donning «Yuragimga ur, uch yuzli Xudo!» she’ridan olgandi.

Uni Jon Donning san’ati bilan tanishtirgan Jin Tetlok sinov jarayonlaridan bir yil oldin o‘z joniga qasd qiladi.

Ben Plats-Mills ishlagan Oppenheymer portreti

Bomba loyihasi Oppenheymerning tasavvurida sevgi va fojia bilan o‘ralgandi.

Bomba nafaqat ilmiy izlanishlar natijasi, balki Oppenheymerning o‘z tasavvurining mahsuli ham bo‘ldi.

Robert Oppenheymer yoshligidan ashaddiy kashanda edi, butun umri davomida sil kasalligidan aziyat chekkan va 1967 yilda, 62 yoshida tomoq saratonidan vafot etgan.

O‘limidan ikki yil oldin u ilm-fan va she’riyat o‘rtasidagi farqni juda aniqlik bilan ifodalagan. She’riyatdan farqli o‘laroq, «fan — bu bir xil xatolarni takrorlamaslikni o‘rgatadi», degan olim.

Mavzuga oid