Jahon | 12:24 / 02.08.2023
17607
18 daqiqa o‘qiladi

Ukraina NATOga a’zo bo‘lmay ham xavfsizlik kafolatiga ega bo‘ladimi? - Isroil, Koreya va Tayvan misoli

NATOning Vilnyusda o‘tgan sammitida alyansga tezlashtirilgan tartibda a’zo bo‘lish kafolatini qo‘lga kirita olmagan Ukraina g‘arblik ittifoqchilar mamlakatni Rossiya bosqiniga qarshi qo‘llab-quvvatlashda davom etishidan biroz umidsizlikka tushdi.

Kiyev shahri markazida o‘rnatilgan vayron qilingan Rossiya tanklari. 2023 yilning 30 iyuli. Foto: Jae C. Hong / AP / Scanpix / LETA

«Ideya» rukni muharriri Maksim Trudolyubov G‘arbning kollektiv institutlari — o‘z manfaatlariga ega ko‘plab suveren davlatlar roziligi talab qilinadigan NATO va Yevroittifoqda ishtirok etishga muqobil bor — ular ikkitomonlama kelishuvlar bo‘lib, eng avvalo G‘arb davlatlarining Isroil, Janubiy Koreya va Tayvan kabi mamlakatlar bilan munosabatlarida o‘zini oqlagan. Milliylikdan yuqori institutlarning umumiy qarorini kutib o‘tirmasdan Ukraina o‘zining xususiy, boshqalarga bog‘liq bo‘lmagan xavfsizlik modelini qurishi mumkin.

Goh-gohida urushga aylanib ketadigan mojarolar vaziyatida o‘nlab yillar davomida yashayotganiga qaramasdan, Isroil bugun rivojlangan davlat, texnologik rivojlanish va ta’lim bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri hisoblanadi. U aholi jon boshiga nominal YaIM darajasi bo‘yicha dunyodagi yigirmata boy davlatlar ro‘yxatidan o‘rin olgan. O‘tgan yili The Economist jurnali Isroilni Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti a’zolari ichra eng muvaffaqiyatli rivojlanayotgan iqtisodiyotlar orasida to‘rtinchi o‘ringa joylashtirgan. Bu reytingda tahririyat YaIM o‘sishi, inflatsiya darajasi, fond bozori dinamikasi va davlat qarzini hisobga oladi.

Isroil bu masalada aslo unikal emas. Janubiy Koreya tajribasi ham bor. U KXDR bilan tugallanmagan urush sharoitida ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan. Bugungi kunda Janubiy Koreya sanoat, texnologiyalar va ta’lim bo‘yicha eng yetakchi barqudrat davlatlardan biri, u sayyoraning eng yirik yigirmata iqtisodiyoti sirasiga kiradi.

O‘z navbatida, bugungi kunda materikdagi Xitoy bilan yechilmagan mojarosiga qaramasdan Tayvan — gullab-yashnayotgan iqtisodiyot, dunyoda 21-o‘rinda turadi. Bu orolda dunyodagi eng yirik yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi TSMC kompaniyasi joylashgan, uning mijozlari dunyodagi eng yirik va muhim texnologik kompaniyalar hisoblanadi.

Isroil, Janubiy Koreya va Tayvan misollari — tashqi xavf doimo mavjud bo‘lgan sharoitda ham NATO kabi bloklarga a’zo bo‘lmasdan jamiyat inson salohiyati, jamiyat va iqtisodiy hayotda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishi mumkinligini isbotlaydi.

Bunday holatlarda ishonchli xavfsizlik kafolatlari muvaffaqiyatning zarur sharti sifatida o‘ringa ega. Bu kafolatlar albatta kollektiv bo‘lishi ham shart emas ekan.

Isroil xavfsizlik modeli tarixi

1970-yillargacha Isroilni eng avvalo Buyuk Britaniya va Fransiya qo‘llab-quvvatlagan. Masalan, Suvaysh inqirozi bilan bog‘liq harbiy harakatlarda isroil, britan va fransuz kuchlari birgalikda ishtirok etishgan. Keyinroq, sovuq urush avj olishi barobarida Isroil xavfsizlik modelining bosh tayanchi AQSh bo‘lib qoldi. 

1973 yilda Misr va Suriyaning sovetparast rejimlari Isroilga qarshi yangi urushni boshlagach, AQSh prezidenti Richard Nikson Pentagonga «uchadigan barcha narsani Isroilga jo‘natish»ga buyruq berdi. Biroq, Saudiya Arabistoni tomonidan neft embargosi joriy qilinishidan cho‘chigan Yevropa davlatlari o‘z aerodromlaridan Isroilga qurol-yarog‘ yetkazish uchun foydalanishni rad etishdi.

Amerika transport uchoqlari Azor orollarida joylashgan harbiy bazadan uchib, janubdagi dushmanona kayfiyatdagi arab davlatlari nishoniga aylanmaslik, shimoldagi Yevropa davlatlariga tashvish olib kelmaslik uchun O‘rta Yer dengizining qoq o‘rtasidan aniq parvoz rejasiga amal qilgan holda uchishi lozim edi. O‘z navbatida, sovetlar ittifoqi dengiz orqali o‘z mijozlari Misr va Suriyaga qurol-yarog‘ yetkaza boshlagan. Harbiy harakatlar alal-oqibatda amerikalik ittifoqchilari tomonidan qo‘llangan Isroilning g‘alabasi bilan tugagan. Isroil qo‘shinlari Qohiraga 100 km qolganda pozitsiyalarni egallashgan.

Isroil harbiylari Jo‘lan tepaliklarida. 1973 yil 8 oktyabr. Foto: Shlomo Arad / GPO / Getty Images

1975 yilda bosh vazir Ishoq Rabin va prezident Jyerald Ford davrida Isroil va AQShning strategik hamkorligi o‘zaro anglashuv memorandumi ko‘rinishida rasmiylashtirildi. Ijroiya hokimiyatning ushbu hujjati Senatning ratifikatsiyasiga muhtoj emasdi. Oradan olti yil o‘tib bosh vazir Menahem Begin va prezident Ronald Reygan davrida — munosabatlardagi biroz sovuqlashuvdan so‘ng — kelishuv yana tasdiqlandi va qayta imzolandi. Kelishuv ma’lum bir hajmdagi Amerka harbiy yordami, birgalikda harbiy mashqlar o‘tkazish majburiyati, O‘rta Yer dengizida joylashgan AQSh Oltinchi flotining Isroil bandargohlaridan foydalanish huquqi, shuningdek, savdo shartnomasini qamrab olgan edi.

1981 yilda yordam hajmi yiliga 425 mln dollar darajasida belgilandi. 2016 yilga kelib u 3,8 mlrd dollarga yetdi. 2016 yilda prezident Barak Obama va bosh vazir Binyamin Netanyahu mudofaa yordami to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashdi. Unga ko‘ra 2019 yildan 2028 yilgacha Isroilga 38 mlrd dollar yordam va’da qilingan. Bu bitim avvalgisi — 2007 yildan 2018 yilgacha 30 mlrd dollar ajratishni nazarda tutgan bitim o‘rniga imzolandi.

Mana shu holatda ham AQSh va Isroil rasman ittifoqqa kirmagan. Lekin Yaqin Sharqda joylashgan ushbu davlatga aynan Amerika yordami 2006 yildagi ikkinchi Livan urushida — Isroil qo‘shinlari Livan janubini o‘zga dushmanona kayfiyatda bo‘lgan «Hizbulloh» guruhidan tozalashda qo‘l kelgan.

Ukraina modelini qurish

NATOga muqobil, bloklardan tashqari bo‘lgan ikkitomonlama kelishuvlari Ukraina bilan mudom muhokama mavzusi bo‘lib turibdi. NATOning yaqinda Vilnyusda o‘tgan sammitida ham Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Kanada, AQSh, Fransiya va Yaponiya («katta yettilik» ishtirokchilari bo‘lgan davlatlar) ularning har biri blok a’zosi sifatida emas, yakka o‘zi Ukraina xavfsizligini uzoq muddatga ta’minlash majburiyatini gardaniga olishga tayyor ekanini bildirishgan. Agar faol shug‘ullanilsa Ukrainada bunday ikkitomonlama kelishuvlar tarmog‘ini qurish uchun muddat o‘z vaqtida Isroilga talab etilganidan kamroq ketadi. Birinchidan, bu jarayon allaqachon ketmoqda. Ikkinchidan, Ukrainada g‘arblik ittifoqchilar 1950–1970 yillarda Isroilda bo‘lganidan ko‘proq va ular mazkur masalada birdam. 

Pul bilan ifodalanganda AQSh Ukrainaga berish majburiyatini olgan yordam hajmi so‘nggi o‘ttiz yilda Isroilga ko‘rsatilayotgan yordam hajmiga teng. Kil jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining o‘tgan bir yarim yili ichida Bayden administratsiyasi va AQSh Kongressi Ukrainaga 70 mlrd yevrolik humanitar, moliyaviy va harbiy yordam yuborgan. Iyul oyi boshiga kelib, Ukrainaga yetkazilgan yordamning umumiy hajmi 165 mlrd yevrodan oshgan. Hattoki ortiqcha ehtiyotkorligi uchun tanqid qilinadigan Germaniyaning yordami faol pozitsiyadagi Buyuk Britaniyaniki bilan teng (har ikki davlat taxminan 10 mlrd yevrodan sarflashgan).  

Ko‘plab harbiy ekspertlar ko‘rsatilayotgan ushbu yordam hajmi ham yetarli emas, deb hisoblashmoqda. (Masalan, 1973 yilgi urush davrida AQSh Isroilga harbiy samolyotlarni darhol yetkaza boshlagan, Ukraina esa hamon kutmoqda). Biroq, yordam hajmi ancha katta. Muhimi qo‘llab-quvvatlash kelgusida ham yuqori darajada saqlanib qolishi.

Ukrainaga yetkazishga tayyor snaryadlar. Skrenton, Pensilvaniya, 2023 yilning 1 fevrali. Foto: Michael S. Williamson / The Washington Post / Getty Images

Isroil tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, muayyan urush davomidagi yordam (Nikson davridagidek) doimiyga aylanishi, blokdan tashqari bo‘lsa ham (Reygan davridagidek) aloqalar o‘rnatilishi kerak. Bu aloqalar hokimiyatdagi partiya almashishiga bog‘liq bo‘lmasligi shart. Isroil bilan bog‘liq holatda republikachilar Nikson va Reygan davrida rivojlangan va demokrat Barak Obama davrida hozirgi miqyosiga yetgan. Obama Isroilga yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi kelishuv undan meros qolishini aylanishni istagan.

Ishlayotgan model nimadan iborat bo‘lishi kerak?

«Model»ning birinchi elementi siyosiy va yuridik asos. Hozircha Ukrainaga NATO Nizomining umummajburiy 5-moddasi (bir davlatga hujum barcha davlatga hujum sanaladi) kuchi taalluqli emas, har bir hamkor bilan alohida-alohida kafolat bo‘yicha kelishish lozim. Bu yerda shuni ham e’tiborga olish joizki, 5-modda hech qachon amalda tekshirib ko‘rilmagan. 2001 yil sentabrida AQSh agressiya qurboni bo‘lganini e’lon qilib, alyansga a’zo boshqa davlatlarni yordamga chaqiradi. Hamma darhol rozi bo‘ladi. Lekin bu AQSh — alyansning eng yirik va jang qilishga eng layoqatli a’zosi. Bundan tashqari, 5-modda imzo chekkanlardan ittifoqchilarni qo‘llash uchun «zarur choralar» (necessary action) ko‘rishni talab qiladi, shartnomada harbiy harakatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashish haqida majburiyat yo‘q. AQSh bilan 11 sentabr voqealari ro‘y berganda ham faqat razvedka uchoqlarini yetkazib berish va mamlakatning o‘zida Amerika obektlarini himoya qilish haqida gap borgan.

Nima bo‘lganda ham, Ukrainaning hamkorlari bilan shartnomalari hech qanday kafolat taqdim etmagan 1994 yilgi Budapesht memorandumidan mustahkamroq bo‘lishi kerak. O‘shanda shartnomaning rus tilidagi matnida «xavfsizlik kafolatlari» («garantii bezopasnosti») deb yozilgan, ingliz tilida esa «xavfsizlik va’dalari» («security assurances») haqida gap boradi. Budapesht memorandumida Ukrainaga nisbatan agressiya ro‘y berganida «va’da berganlar»ning javob harakatlari mexanizmi ham yozib qo‘yilmagan. Shunchaki BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilish taklif qilingan.

Masalan, Janubiy Koreya va Yaponiya — AQShning bloklardan tashqaridagi ittifoqchilari bilan o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi shartnomasi bor, unda kafolatlar va javob harakatlarining aniq mexanizmi bitilgan. Isroil bilan imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumida bunday kafolatlar yo‘q, lekin ularning rolini qaysidir darajada Isroilning o‘z dushmanlaridan biriga yadroviy zarba berishi imkoniyati o‘ynaydi. AQSh bunga yo‘l qo‘yishni istamaydi, shu sababli Isroilga qarshi agressiya ro‘y berganida katta ehtimol bilan yordamga yetib keladi. Ukrainada yadroviy qurol yo‘q, shu sababli AQSh va boshqa yirik harbiy barqudrat davlatlar bilan tuzilajak shartnomalar idealda Vashingtonning Janubiy Koreya va Yaponiya bilan tuzgan shartnomasiga o‘xshash bo‘lishi kerak.

Tayvan bilan bog‘liq holat

Yana bir xavfsizlik modeli — Tayvanniki, u juda murakkab va unikal. AQSh Tayvanga nisbatan strategik ikkilanish siyosatini yuritadi. Xuddi Xitoy AQShga nisbatan siyosat yuritganidek: amerikaliklar Xitoy uchun g‘oyaviy dushman va o‘ta muhim iqtisodiy hamkor hisoblanadi.

AQSh kommunistik Xitoyni tan olgan 1979 yilgacha Tayvan bilan hozir AQSh hamda Janubiy Koreya va Yaponiya o‘rtasida imzolangan shartnomaga o‘xshash shartnoma amal qilar edi.

Ayni paytda Tayvan bo‘g‘ozining ikki sohilida yashovchi xitoyliklar bitta qonuniy hokimiyati Pekinda joylashgan davlatga mansub, deb hisoblaydi («Yagona Xitoy siyosati»). Biroq, 1979 yilda Kongress Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risida qonun (Taiwan Relations Act) qabul qiladi va unga ko‘ra, AQSh orol hokimiyatini o‘zini o‘zi himoya qilish uchun yetarli tarzda qurol-yarog‘ bilan ta’minlash majburiyatini oladi.

Endi yana Ukraina masalasiga qaytsak.

Xavfsizlik tizimining yana bir muhim tarkibiy qismi — qurol-yarog‘ yetkazib berilishining rejaligi va ishonchliligini ta’minlash (bu ham uzoq muddatli ikkitomonlama kelishuv predmeti bo‘lishi mumkin). Bugun Ukraina duchor bo‘lganidek, Isroil bir necha bor o‘zidan son jihatdan ustun dushmanga ro‘para bo‘lgan. Bu muammoni hal qilish uchun AQSh Isroilning «sifatli harbiy ustunligi»ni ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olgan, ya’ni Isroil armiyasi har doim potensial dushmanlaridan harbiy texnika bo‘yicha ustunlikka ega bo‘ladi.

Bunday ko‘rinishdagi kelishuvlarni uzoqroq muddat uchun imzolash kerak, yo‘qsa qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarishga pul tikishmaydi. Bu borada o‘n yillik muddat uchun imzolanadigan AQSh-Isroil memorandumlariga qarash mumkin.

G‘arb davlatlari bilan blokdan tashqari ittifoqchilik qilishning uchinchi muhim tarkibiy qismi — siyosiy hamkorlik, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarda sheriklarning qo‘llab-quvvatlashidan umid qilish imkoniyati.

Ukraina bu maqsadlarga yetishish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Albatta, ideal vaziyatda G‘arbning yirik institutlari bo‘lmish NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zolik Ukrainaga ishonchliroq qo‘llov taqdim etardi. Biroq o‘z xavfsizlik modelini yaratish ham pragmatik, ham uzoqni mo‘ljallovchi yechim bo‘lishi mumkin. Jahonning tobora bo‘linib borayotgani va jahonning yirik barqudrat davlatlarining suverenizatsiyasi hisobga olinsa.

NATOga a’zr bo‘lish uchun urush tugashi — zarur shart. Bundan tashqari, G‘arbdagi siyosatchilar kollektiv tashkilotlarda a’zolik oldiga doimo ko‘plab institutsional cheklovlar qo‘yish bilan band bo‘lishadi. Biroq, qurol-yarog‘ yetkazib berish va uni ishlab chiqarish shartlari bitilgan kelishuvda bu shartlar bo‘lmaydi. AQSh tomonidan qo‘llab kelinayotgan Janubiy Koreya bir necha o‘n yillar davomida demokratik davlat ham bo‘lmagan.

Ukrainaga nima yetishmasligi va nima yordam berishi mumkin?

Isroil xavfsizlik modeli (Janubiy Koreya va Tayvanniki singari) sovuq urushning tarixiy sharoitlaridan kelib chiqib paydo bo‘lgan. Isroil-Amerika hamkorligi rivojlanayotgan chog‘larda Isroil yordamga o‘ta muhtoj edi, Amerika siyosatchilari esa Yaqin Sharqdagi Moskvaga do‘stona rejimlardan kelayotgan tahdidni tiyib turishga uringan. AQSh va Yevropaning ko‘plab davlatlaridagi siyosatchilar sovet ittifoqi va satsialistik g‘oyani G‘arb olami uchun ekzistensial tahdid o‘laroq qabul qilishgan. Saylovchilar o‘z yetakchilariga sayyoraning barcha nuqtalarida sovet ekspansiyasiga qarshi chiqish uchun mandat berishga tayyor edi.

Ukrainaning tashqi siyosiy ahvoli bu ma’noda u qadar barqaror bo‘lib chiqmasligi mumkin: Vashingtonda 2024 yilda hokimiyatning ehtimolli almashinuvi AQSh tashqi siyosatining RF bilan emas, XXR bilan qattiq qarama-qarshilikka kirishishga olib kelishi yoki yangi izolyatsionizmga sabab bo‘lishi ham mumkin. G‘arbda Putin rejimi butun jahonda demokratiyaga tahdid o‘laroq gapirilmoqda, lekin bu qanchalik darajada navbatchi ibora, qanchalik qat’iy ishonchligi hozircha tushunarsiz.

Amerika isteblishmentining ma’lum bir qismi uchun Ukrainadagi urush — shunchaki AQShning Yevropadagi ta’sir mintaqasidagi mojarolardan biri. Yevropada esa Rossiya bilan urushgacha, hattoki Qrimgacha bo‘lgan munosabatlarga qaytishni yoqlayotgan siyosiy kuchlar mashhurlashmoqda (masalan, «Germaniya uchun muqobil» singari). Isroilga yordamni Amerika jamiyatining turli jabhalarida chuqur o‘rnashgan kuchli diaspora ham ko‘rsatgan. Ukrainada hozircha bunday kuchli resurs yo‘q, ular AQSh va boshqa asosiy davlatlarda madaniy, ijtimoiy va siyosiy darajada keng qamrovli ukrainaparast harakatni shakllantirishlari kerak.

Unutmaslik joizki, Ukraina uchun xavfsizlik tizimini barpo etish jarayoni allaqachon ketmoqda. Uni faqat rejali va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan darajaga yetkazish kerak. O‘sha Isroilning tajribasi ko‘rsatmoqdaki, bexato tashqi siyosat Kreml propagandasi tasvirlayotgan darajada «kollektiv» bo‘lmagan G‘arb davlatlari o‘rtasida ustalik bilan harakat qilish imkonini beradi. O‘zining dastlabki urushlarida Isroil eng avvalo Yevropa davlatlariga tayangan, keyinchalik, Fransiya undan yuz o‘girgach, AQShdan najot izlagan.

Rossiyaning agressiv bosqini keltirib chiqargan shokni yetarlicha baholamaslik mumkin emas. Urushni boshlagan rejim bilan yana munosabatlarni «normallashtirish» jamoatchilikning ehtimolli noroziligini keltirib chiqarishi ham mumkin. Arab davlatlarining Isroilga qarshi kurashi ham, Koreya urushi ham effekti bo‘yicha Rossiya agressiyasiga tenglasha olmaydi. Hattoki Kreml bilan mustahkam aloqalari bilan mashhur Fransiyaning «Milliy front»i yetakchisi Marin Le Pen ham Rossiyaning bu urushdagi g‘alabasi «halokat» bo‘ladi, degan ma’noda chiqish qilgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid