O‘zbekiston | 13:10 / 05.08.2023
20425
4 daqiqa o‘qiladi

FVV davlat yong‘in nazorati organlariga qo‘shimcha vakolatlar beriladi 

Shuningdek, bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlar mulkdorlarining javobgarligini majburiy sug‘urtalash tartibi joriy etiladi.

Foto: Kun.uz

“Yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yong‘in xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

2023 yil 1 sentabrdan muntazam ravishda “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshirilib, unda jumladan quyidagilar nazarda tutiladi:

ta’lim tashkilotlarida yong‘inlarning oldini olish va yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatda harakat qilish bo‘yicha batafsil uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkazish;

davlat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’yektlari va boshqa tashkilotlarda ish joylarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;

jamoat joylarida, ta’lim tashkilotlarida, ish joylarida va turar joy komplekslarida o‘t o‘chirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish.

2024 yildan umummilliy kampaniya doirasida har bir hududda tadbirkorlar o‘rtasida “Yong‘in xavfsizligi a’lochisi” tanlovi o‘tkaziladi. Mazkur tanlov g‘olibiga 100 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi hamda uning faoliyati 2 yil davomida davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan tekshirilmaydi.

2024 yil 1 yanvardan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bino va inshootlarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholash tartibi (yong‘in auditi) joriy etiladi.

2023 yil 1 sentabrdan Favqulodda vaziyatlar vazirligining davlat yong‘in nazorati organlariga quyidagi vakolatlar beriladi:

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan obektlarda:

bir yilda ko‘pi bilan bir martadan batafsil (dastlabki) tekshiruv va nazorat tekshiruvini o‘tkazish;

jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tezkor tekshiruvlar o‘tkazish; 

bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ko‘p odam to‘planadigan obektlarda (bozorlar, savdo-ko‘ngilochar majmualari, umumiy ovqatlanish korxonalari va boshqalar) davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan har chorakda kamida bir marotaba monitoring va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish.

2023 yil 1 noyabrdan davlat yong‘in nazorati organlarining ijobiy xulosasini olmasdan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini auksionga chiqarish, qurilish obektlari loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlari tugallangan obektlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi. Bunda davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan xulosa berish muddati 7 kun etib belgilanadi.

2024 yil 1 yanvardan bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlarni yong‘in hamda boshqa xatarlardan, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining mulkini yong‘in va tabiiy ofat oqibatida yetkaziladigan zarardan himoya qilish maqsadida, bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlar mulkdorlarining javobgarligini majburiy sug‘urtalash tartibi joriy etiladi.

2023 yil 1 noyabrgacha tekshiruvlar jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish va tezkor axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hisobidan davlat yong‘in nazorati inspektorlarining faoliyatini takomillashtirish imkonini beruvchi E-inspektor apparat-dasturiy majmuasi joriy etiladi.

Mavzuga oid