Jahon | 08:16 / 05.08.2023
5031
2 daqiqa o‘qiladi

Putin yuqori daromad oluvchi kompaniyalarga soliq solish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi 

Putin sanksiyalar va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidan kelib chiqqan budjet kamomadini qoplash uchun kompaniyalarning ortiqcha foydasiga soliq solish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Foto: er.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 4 avgust, juma kuni 2021—2022 yillarda 1 milliard rubldan ortiq daromad olgan kompaniyalarning ortiqcha foydasiga bir martalik soliqni belgilovchi qonunni imzoladi. Ushbu hissa orqali Rossiya hukumati, ommaviy axborot vositalarining hisob-kitoblariga ko‘ra, uchdan bir qismi Ukrainaga qarshi urushga sarflanayotgan davlat budjeti taqchilligini qisman qoplashi kutilmoqda.

Ortiqcha foyda 2021-2022 yillardagi o‘rtacha foyda va 2018-2019 yillardagi foyda o‘rtasidagi farq sifatida hisoblanadi. Firmalar ushbu summaning 10 foizini to‘lashi kerak bo‘ladi. Umuman olganda, soliq Rossiyada faoliyat yuritadigan 2500 ga yaqin rus va xorijiy kompaniyalarga ta’sir qiladi. Neft-gaz sektori, ko‘mir sanoati korxonalari, shuningdek, kichik biznes vakillari uni to‘lashdan ozod qilinadi. 

Rasmiylarga ko‘ra, bunday hissa g‘aznani 300 milliard rublga to‘ldiradi. Avvalroq Bloomberg agentligi Moskva ushbu mablag‘ning kamida bir qismini Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirish uchun ishlatishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Rossiya hukumati bir martalik badaldan tushgan pullar bolali oilalarni maqsadli qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishini e’lon qildi. 

G‘arb sanksiyalari va Ukrainaga qarshi uzoq davom etayotgan urush munosabati bilan budjetni to‘ldirishga bog‘liq muammolar tufayli Rossiya rasmiylari dastlab yirik korxonalarga budjetga «ixtiyoriy» hissa qo‘shishni taklif qildi. Ushbu tashabbus muvaffaqiyatsizlikka uchragach, ortiqcha foyda uchun bir martalik soliq joriy etishga qaror qilindi. 

Mavzuga oid

E`lonlar