O‘zbekiston | 09:29 / 05.08.2023
7051
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev temiryo‘l transporti sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev temiryo‘l transporti sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tabrikda aytilishicha, o‘tgan davrda 2 ming 400 kilometrdan ko‘proq yangi temiryo‘llar qurilib, foydalanishga topshirildi, 3 ming kilometrdan ziyod yo‘llar elektrlashtirildi, 1 ming 100 kilometrdan ortig‘i reabilitatsiya qilindi.

“Hech shubhasiz, temiryo‘l tarmoqlarining kengayib borayotgani barcha hududlarimizni o‘zaro mutanosib rivojlantirish, boy mineral xomashyo resurslarini kompleks o‘zlashtirishda yangi-yangi imkoniyatlar ochmoqda”, deyiladi matnda.

Qayd etilishicha, buni “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganidan buyon yuk va yo‘lovchi tashish hajmi 2 barobardan ziyod ko‘paygani, 1,6 milliard tonna yuk tashilib, 380 million nafar yo‘lovchi manzilga yetkazilgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

“Sizlar kabi minglab fidoyi yurtdoshlarimizning mas’uliyatli mehnati tufayli mamlakatimizda zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini to‘liq ta’minlay oladigan yaxlit temiryo‘l tizimi barpo etilib, respublikamizning barcha hudud va mintaqalarini ishonchli va samarali bog‘lab kelmoqda. Hozirgi kunda yurtimiz zamonaviy transport kommunikatsiyalari va yuksak tranzit salohiyatiga ega bo‘lgan davlat sifatida Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni o‘zaro bog‘laydigan xalqaro temir yo‘llarning muhim halqasiga aylangani bilan har qancha faxrlansak arziydi”, deydi davlat rahbari.

Bildirilishicha, poytaxtdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarga qatnayotgan zamonaviy “Afrosiyob” elektropoyezdlari milliy temiryo‘l transportining brendiga aylandi. Kelgusi yilda Buxoro – Xiva yo‘nalishida ham yuqori tezlikda harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu aholi uchun har tomonlama qulaylik yaratish bilan birga, turizm sohasi rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston temiryo‘lchilari aeroportlar, metro liniyalari, ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar qurish, konlarni o‘zlashtirish borasida ham muhim strategik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda.

“Mamlakatimiz Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib temiryo‘l sohasida o‘zining og‘ir mashinasozlik va quyuv-metallurgiya sanoatiga ega bo‘ldi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan yirik sanoat korxonalari barpo etilib, vagon ishlab chiqarish, lokomotivlar, yuk va yo‘lovchi vagonlarini modernizatsiya qilish va ta’mirlash yo‘lga qo‘yildi.

Eng muhimi, sohada amalga oshirilayotgan murakkab boshqaruv va texnologik ishlarning barchasi o‘zimizning mahalliy mutaxassislarimiz, azm-u shijoatli yoshlarimiz tomonidan bajarilmoqda. Fursatdan foydalanib, ushbu tizimda sidqidildan mehnat qilayotgan barcha yuksak mahoratli, jonkuyar insonlarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan tashakkur bildiraman.

Mamlakatimiz temiryo‘l tizimini modernizatsiya qilish, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etgan holda yirik va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, yangicha fikrlaydigan, Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan zamonaviy kadrlarni tayyorlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz. O‘tgan davrda katta bilim va tajriba orttirgan temiryo‘l sohasi xodimlari o‘zlarining mardona mehnati, bunyodkorlik salohiyati bilan oldimizda turgan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etadilar, deb ishonaman. Bu maqsadlarga erishish uchun davlatimiz tomonidan barcha zarur sharoitlar yaratib berilishini alohida ta’kidlamoqchiman.

Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, kelgusi faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik, baxt va qut-baraka tilayman”, deyiladi tabrikda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid