
Yong‘inni kuchli jazirama va qurg‘oqchilik keltirib chiqargan, Tinch okeani uzra, orollardan yuzlab kilometr janubda shiddat bilan harakatlanayotgan «Dora» bo‘ronidan hosil bo‘lgan kuchli shamol esa olov tez tarqalishi uchun qulay sharoit hosil qilmoqda.
Prezident Bayden ma’muriyati payshanba kuni Havayidagi yong‘inlarni «yirik falokat» deb e’lon qildi. Bu maqom berilishi yong‘in va uning oqibatlariga qarshi kurashish uchun federal kuchlar va vositalar tashlanishini anglatadi.

Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, olov 1700 dan ortiq uyni vayron qilgan; 11 ming kishi elektr ta’minotisiz qolgan, 2 mingdan ortiq kishi tunni vaqtinchalik boshpanalarda o‘tkazgan.

Rasmiylar qurbonlar soni o‘sishi mumkinligini qayd etishmoqda.
Joriy yil yozida Amerikaning ko‘plab shtatlarida, shuningdek Yevropa va Osiyoda sayyoradagi iqlim o‘zgarishlari va boshqa omillar natijasida yuzaga kelayotgan issiq ob-havo qayd etilmoqda.

Havayidagi o‘rmon yong‘inlari Kaliforniya va AQShning materik qismidagi boshqa shtatlaridagi kabi katta ko‘lamda emas, ammo mahalliy aholi vakillari bunaqasini hali ko‘rishmaganini aytishmoqda.
«Men vaziyatni dramalashtirmoqchi emasman, ammo, menimcha, Mauida hali bunaqasi ro‘y bermagandi, – degan AFP nashri bilan suhbatda mahalliy syorfing maktabi rahbari. – Yong‘inlar bu qadar katta hududlarni qamrab olishi odatiy holat emas, butun orollar bo‘ylab yong‘in bo‘lmoqda».

Eng katta vayrongarchiliklar Laxayna shahriga to‘g‘ri kelgan. Olov shaharni deyarli butkul yakson etgan, ko‘plab binolardan faqat qoldiqlar qolgan.





















