15:33 / 16.08.2023
6421

Toshkentda xorijdan keltirilgan sintetik narkotik moddalar musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan xorijdan keltirilgan 5 kg 690 gr sintetik narkotik moddalar musodara qilindi.

Videodan kadr

DXX xabariga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi xodimlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, poytaxtning Olmazor tumanida yashovchi shaxs muqaddam narkokurerlar tomonidan Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi xufiyona joyga qoldirib ketilgan 3 kg 906 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u ushbu moddani Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi ayolning ko‘rsatmasiga asosan olganligini ma’lum qildi va tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ayol tomonidan ijaraga olingan xonadon ko‘zdan kechirildi.

Natijada ushbu manzilda narkotik moddalarni kichik bo‘laklarga bo‘lib, internet orqali sotuvga chiqarish uchun sharoit yaratilganligi aniqlandi. Shuningdek, ushbu noqonuniy ishga – ayolning opasi ham aloqadorligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.

Boshqa holatda esa Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi 2 nafar fuqaro muqaddam narkokurerlar tomonidan Toshkent tumani hududidagi xufiyona joyga yashirib ketilgan 927 gr “Metamfetamin” sintetik giyohvandlik vositasini olgan vaqtlarida ushlandi.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Qarshi shahrida tug‘ilgan, Olmazor tumanida ijarada yashovchi ikki nafar fuqaro uchinchi shaxslar tomonidan yashirib ketilgan 857 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini olgan vaqtlarida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top