Jahon | 08:18 / 17.08.2023
11941
3 daqiqa o‘qiladi

Pxenyan: AQSh harbiysi armiyadagi irqchilik tufayli Shimoliy Koreyaga qochib keldi

Shimoliy Koreya amerikalik askar chegarani kesib o‘tganidan bir oy o‘tgach, uning taxminiy sabablari va rejalari haqida bayonot berdi. Ma’lumotni mustaqil ravishda tekshirishning imkoni yo‘q.

Foto: AP

KXDR rasmiylari birinchi marta AQSh harbiysining Janubiy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tishi bilan bog‘liq bir oy oldin sodir bo‘lgan voqeaga izoh berdi. Tergov davomida askar KXDRga noqonuniy kirganini tan olgan hamda o‘z qilmishini «AQSh armiyasidagi g‘ayriinsoniy muomala va irqiy kamsitish» bilan izohlagan, deb xabar berdi 16 avgust, chorshanba kuni Shimoliy Koreya davlat matbuoti.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh harbiy xizmatchisi Shimoliy Koreya yoki uchinchi davlatdan boshpana so‘rash istagini bildirgan, chunki «tenglikdan mahrum bo‘lgan Amerika jamiyatidan hafsalasi pir bo‘lgan».

Amerikalik Trevis K.ning niyatlari haqidagi Shimoliy Koreya ma’lumotlarini tasdiqlashning imkoni yo‘q. AQSh rasmiylari hozircha u bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashish huquqiga ega emas, ikkala davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘q. Hozircha K.ning maqsadi va rejalari haqida hech narsa ma’lum emas.

AQSh harbiysi Shimoliy Koreyaga Janubiy Koreya orqali kirib borgan

Iyul oyida AQSh harbiy xizmatchilaridan biri qurolsizlantirilgan hududga tashrif buyurish chog‘ida «qasddan va ruxsatsiz» harbiy demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tgani ma’lum bo‘ldi. «Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatib boryapmiz, uni o‘rganmoqdamiz va askarning yaqin qarindoshlarini xabardor etish, bu voqeani hal qilish uchun choralar ko‘rish ustida ishlayapmiz», dedi AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin. U askar KXDRda hibsda saqlanayotganini taxmin qildi. Vashington va AQSh shafeligidagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Janubiy Koreyadagi qo‘mondonligi hodisa sabablarini tekshirish uchun Shimoliy Koreya kuchlari bilan hamkorlik qilishini bildirdi. 

Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya texnik jihatdan urush holatida, chunki Koreya urushidan keyin tinchlik shartnomasi tuzilmagan. Koreya Respublikasi va Shimoliy Koreyani demilitarizatsiya zonasi ajratib turadi. Unga tutash hudud qat’iy qo‘riqlanadi. Shu bilan birga, zonaning o‘zi sayyohlar uchun ochiq. 

Iyul oyi o‘rtalarida AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya Yapon dengizi xalqaro suvlarida raketalarga qarshi mudofaa bo‘yicha qo‘shma harbiy-dengiz mashqlarini o‘tkazdi. Ularda Amerikaning Aegis ko‘p funksiyali axborot-boshqaruv tizimi bilan jihozlangan uchta esminets ishtirok etdi. Mashqlar davomida parvozi kompyuter yordamida modellashtirilgan Shimoliy Koreya ballistik raketasi uchirilishiga javoban ittifoqchilar harakati ishlab chiqildi, deb xabar berdi Janubiy Koreya harbiylari. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid