Qo‘shtepa kanali bo‘yicha muzokaralarda O‘zbekiston “Tolibon”dan so‘rayotgan asosiy masala nima? Qozog‘iston nima sababdan Sirdaryo bo‘yicha kelishuvni qayta ko‘rib chiqmoqchi? Yaqin kelajakda Markaziy Osiyo oldida qanday risklar turibdi, yechimlar qanaqa? Ekspert Farhod Karimov Kun.uz'ga bergan intervyusida bu savollarga oydinlik kiritdi. 

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi suv masalalari haqida ko‘p gapiriladi, lekin aholi orasida bu boradagi umumiy tasavvur yetarli emas. Kun.uz “Geosiyosat” dasturining bu galgi sonida transchegaraviy daryolar bo‘yicha oddiy savollar bilan ekspert Farhod Karimovga murojaat qildi.

— Markaziy Osiyo davlatlari umumiy irrigatsion tizimi covet davridan qanday muammolarni meros qilib olgan va mustaqillikka erishgach, suv masalasida qanday individual yondashuvlar kuzatildi?

— 50-yillardan keyin Markaziy Osiyo respublikalari butun ittifoq davlatlariga qishloq xo‘jaligiga mahsulotlari va xomashyo yetkazib beruvchi bazaga aylangan. O‘zbekiston paxtaga, Qozog‘iston g‘alla va chorvaga ixtisoslashtirilgan. Bunday siyosat ortidan cho‘l hududlari o‘zlashtirilgan, yangi sovxoz va kolxozlar tashkil etilgan. Amudaryo va Sirdaryo suvlari shakllantirilgan kanallar orqali mintaqa markaziga yo‘naltirilgan, oqibatda Markaziy Osiyoda yagona irrigatsion tizim shakllangan.

Ittifoq parchalangach, suv masalasidagi oldingi tizim qoladimi-yo‘qmi, shu kun tartibiga chiqdi. Yuqorida turuvchi Tojikiston va Qirg‘iziston quyida turuvchi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmanistonga talablar qo‘ya boshlagan. Sobiq ittifoq davrida ularda suvdan ko‘p foydalanish imkoni bo‘lmagan. Mustaqil bo‘lishgach esa o‘z milliy manfaatlarini ko‘tarib chiqishdi. Quyi oqimda joylashgan, iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga moslashtirilgan respublikalar hali ham sobiq ittifoq davridagi tizimga bog‘lanib qolgan edi. Kvota va suv bo‘linishini oldin Moskva hal etgan. Shu masalani hal qilish uchun 1992 yilda hamkorlik kelishuvi imzolanadi.

— Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida Sirdaryo havzalaridan foydalanish 1998 yilda Bishkek kelishuvi tuzilgan. Hozirga kelib nega Qozog‘iston tomoni bu kelishuvni qayta ko‘rib chiqmoqchi? Sirdaryoning Qozog‘iston tomonda joylashgan qismida suv kamaygani va daryo havzasi ifloslangani rostmi, sabablari nima?

— Nafaqat 1998 yildagi shartnoma, balki 1992 yildagi shartnomani ham qayta ko‘rib chiqish kerak. Chunki vaziyat, davlatlar iqtisodiyoti o‘zgardi. 1998 yilda Sirdaryo havzasi suvlaridan foydalanish bo‘yicha 3 ta davlat kelishib olgan edi. Sirdaryoning asosiy iste’molchisi Qozog‘iston hisoblanadi. Hozirgi kunda Qozog‘istonda suv taqchilligi ortib boryapti.